Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish va aholi farovonligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi

02.06.2021, 17:24

Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish va aholi farovonligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi

Termiz shahrida Surxondaryo viloyati mahalliy kengash deputatlari, tadbirkor va fermerlar, nuroniylar, yoshlar, jamoatchilik faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev viloyatni kompleks rivojlantirish, “mahallabay” tizimda aholi hayotini yaxshilash bo‘yicha ustuvor vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.

- Sizlar bilan uchrashib, muammolarni hal etish uchun kelganmiz. Bu tashrifga anchadan beri tayyorgarlik ko‘rdik. Toshkentga bog‘liq masala qolmadi. Endi berilgan mablag‘ va tizimni aql bilan ishlatib, joylarda manzilli bajarish kerak. Men kuyib-pishganim bilan sizlar jon kuydirmasangiz, xalqning biri ikki bo‘lmaydi. Surxondaryoning ichki imkoniyatlaridan foydalansak, odamlarning dardiga darmon bo‘lish uchun hamma sharoit bor. Buning uchun sektor rahbarlari fidoyi bo‘lib, joyiga tushib, “mahallabay” tizimda ishlashi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash birinchi yo‘nalish sifatida belgilandi.

Davlatimiz rahbari Bandixon, Qiziriq, Muzrabot va Sherobod tumanlari rivojiga turtki berish maqsadida ushbu tumanlarda yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’ektlarini yer, mol-mulk, kichik korxona aylanmasidan olinadigan soliqlar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat’iy miqdordagi daromad solig‘idan 2024-yil 1-yanvarga qadar ozod qilishni taklif qildi.

Surxondaryo viloyatida 2021-2022-yillarda umumiy qiymati 16 trillion 900 milliard so‘m bo‘lgan 1 ming 177 ta hududiy investitsiya loyihalari amalga oshirilishi qayd etildi. Ularning natijasida 25 mingta yangi ish o‘rni tashkil etish mo‘ljallangan.

- Viloyatda qurilish materiallari, yengil, charm, oziq-ovqat, elektrotexnika, mahalliy sanoat kabi “drayver” sohalarni jadal rivojlantirish va yangi loyihalarni ko‘paytirish zarur, - dedi Prezident.

Shu maqsadda, qurilish materiallarini eksport qilishda transport xarajatlari va kredit foizlarini qisman qoplab berish, import o‘rnini bosuvchi maishiy tovarlar ishlab chiqaruvchi mahalliy sanoat korxonalariga xomashyo va yarim fabrikatlarni import qilishda imtiyozlar berish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Boysun, Sariosiyo, Sherobod tumanlarini qurilish materiallari, Qiziriqni yengil sanoat, Oltinsoyni oziq-ovqat, Angorni charm, Bandixon va Muzrabot tumanlarini mahalliy sanoatga ixtisoslashtirib, klasterlar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Xususan, Sariosiyoda qurilish materiallari ishlab chiqarish innovatsion industrial zonasi tashkil etilishi aytildi.

Investitsiya loyihalarining 3 trillion 121 milliard so‘mligi qishloq xo‘jaligi sohasiga oid. Xususan, 1 ming gektar issiqxonalar tashkil etishga 950 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Oltinsoy, Uzun, Bandixon, Denov, Jarqo‘rg‘on, Muzrabot, Termiz va Sariosiyo tumanlarida zaytun plantatsiyalari, Sherobod, Muzrabot va Qiziriqda anorzorlar barpo etiladi.

Surxondaryo misolida tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha xonadon egasi, tayyorlovchi korxona, qayta ishlovchi va eksportchilarni bog‘lovchi yaxlit tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yilda jamoat ishlari, kooperativ va tomorqa xo‘jaligida 50 ming nafar ishsizning bandligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Bunga Bandlikka ko‘maklashish va Jamoat ishlari jamg‘armalaridan 32 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalariga ham alohida to‘xtaldi.

Bu yil viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida 483 ta qishloq va mahallada obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Buning uchun 1,6 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan.

1 ming 230 kilometr yo‘llar ta’mirlanishi, yana ming kilometr elektr tarmog‘i tortilishi qayd etildi.

Prezident yaqin 2-3 yilda viloyatda 1,5 million aholining ichimlik suvi muammolarini to‘liq hal qilish, buning uchun “To‘palang” suv omboridan 400 kilometr magistral tarmoqlar tortish bo‘yicha loyiha ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

Moliya vazirligiga viloyatda ijtimoiy, kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga 2021-yil uchun qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Yig‘ilishda shahar va tuman studiyalaridagi aholi bilan ochiq muloqot bo‘ldi.

  • Ko'rildi
    56
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Oybek Roʻziqulov2021-06-03 12:53:26

Assalomu alaykum. Muhtaram prezidentimiz toʻgʻri aytganlar lekin oddiy issiqhonaga qilishda ariza tashlaganim 1 oy boʻldi shu oddiy narsalar bajarilmayapti qolgan narsalarni bilmadim qolganlari qanday bajariladi bularni


Fikringizni qoldiring

+