Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

17.06.2021, 09:32

Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining f a r m o n i

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, axborot olish erkinligini ta’minlash orqali jamoatchilik nazoratini takomillashtirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

1. Barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, Hisob palatasi, Markaziy bank, sud va prokuratura organlari hamda ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari (keyingi o‘rinlarda – davlat organlari va tashkilotlari) tomonidan Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) Adliya vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda tahlillar asosida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatini yanada kengaytirish bo‘yicha doimiy ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritib borsin.

2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari:

a) har yili:

1 martga qadar o‘z faoliyatiga oid hisobotni (davlat sirlari va xizmatda foydalanish uchun mo‘ljallangan ma’lumotlar bundan mustasno) rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, 10 martga qadar uni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish joyi va vaqti haqida xabar beradi;

1 aprelga qadar o‘z faoliyatiga oid hisobotni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun matbuot anjumanlarini o‘tkazadi;

b) 2021 yil 1 iyuldan boshlab quyidagilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portaliga (keyingi o‘rinlarda – Portal) va o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, ularni har chorakda yangilab boradi:

amalga oshirilgan davlat xaridlari, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar);

mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari (xizmat safarining yoki tashrifning maqsadi, sutkalik pul, transport va yashash bilan bog‘liq xarajatlar, bundan davlat sirlari va xizmatda foydalanish uchun mo‘ljallangan ma’lumotlar mustasno);

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar, shu jumladan, individual imtiyozlar berilgan sub’ektlarning benefitsiarlari (yakuniy manfaatdor jismoniy shaxslari), ular tomonidan to‘langan soliqlar va moliyaviy ko‘rsatkichlar;

o‘zlarining yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi, shu jumladan, ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari, avtomototransport vositalarini sotib olish xarajatlari;

v) 2021 yil 1 iyuldan boshlab o‘z huzurida faoliyat yurituvchi jamoatchilik kengashlari bilan birgalikda rasmiy veb-saytlarida quyidagi ma’lumotlarni joylashtirib, ularning har chorakda yangilanib borilishini ta’minlaydi:

jamoatchilik kengashining tasdiqlangan a’zolari haqidagi ma’lumotlar bilan bir qatorda ularning aloqa ma’lumotlari (telefon, pochta va elektron manzillari);

jamoatchilik kengashining yig‘ilishlari va kun tartibidagi masalalar;

davlat xaridlarini amalga oshiruvchi komissiyaning tasdiqlangan a’zolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar (familiyasi, ismi va otasining ismi, ish joyi va egallab turgan lavozimi);

litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishga vakolatli hamda xabarnomalarni qabul qiladigan organlarning hududlar kesimida mas’ul xodimlari, shu jumladan, ushbu toifadagi hujjatlarni berishni tashkillashtiradigan tegishli komissiya a’zolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar (familiyasi, ismi va otasining ismi, egallab turgan lavozimi).

3. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Davlat test markazining quyidagi imtihonlarni o‘tkazish jarayonini Internet tarmog‘ida jonli efirga uzatish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:

oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish uchun test va ijodiy (kasbiy) imtihonlar;

oliy ta’lim muassasalarining magistratura (klinik ordinatura) bosqichiga qabul imtihonlari;

respublikadagi yoki xorijdagi oliy ta’lim muassasasidan respublikadagi davlat oliy ta’lim muassasasiga o‘qishni ko‘chirish istagini bildirgan talabalardan olinadigan imtihonlar;

xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olishda talabgorlardan olinadigan test sinovlari.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Davlat test markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:

tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarni jalb qilgan holda 2021/2022 o‘quv yili qabuliga qadar transfer.edu.uz” platformasi negizida mazkur bandda ko‘rsatilgan imtihon jarayonlarini Internet tarmog‘ida jonli efirga uzatishni ta’minlaydigan, barcha foydalanuvchilar uchun ochiq bo‘lgan “imtihon.uz” veb-platformasini ishga tushirsin;

bir oy muddatda imtihonlarni (test sinovlarini) o‘tkazish jarayonini Internet tarmog‘ida jonli efirga uzatish bo‘yicha texnik talablarni (o‘rnatiladigan videokameralar va tasvir sifati, joylashish sxemasi va boshqalar) ishlab chiqsin;

mazkur bandda ko‘rsatib o‘tilgan talablarga rioya qilmaydigan mas’ullarga nisbatan qat’iy javobgarlik choralarini ko‘rish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Hukumatga kiritib borsin.

4. Quyidagilar 2021 yil 1 iyuldan boshlab qayd etilgan ma’lumotlarni Portalga joylashtirish va ularning har chorakda yangilanishini ta’minlasin:

Hisob palatasi, Moliya vazirligi, nazorat qiluvchi organlar – davlat siri bo‘lgan ma’lumotlarning yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirning muhofaza qilinishini ta’minlagan holda o‘tkazilgan har bir taftish va tekshiruv (nazorat ob’ekti nomi, taftish yoki tekshiruvning maqsadi va muddatlari, uni o‘tkazgan davlat xizmatchisining lavozimi, familiyasi, ismi) to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (tegishli nazorat qiluvchi organning rahbarini xabardor etgandan so‘ng);

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi – ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar hamda davlat unitar korxonalari (keyingi o‘rinlarda – davlat ishtirokidagi korxonalar) ro‘yxatini (davlat nomidan aksiyador (ishtirokchi, mulkdor) funksiyalarini amalga oshirayotgan tashkilot, korxona hududi, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, davlat ulushi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda), shuningdek, ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar ro‘yxatini;

Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari – o‘zlari aksiyador (ishtirokchi, mulkdor) funksiyalarini bajaruvchi davlat ishtirokidagi korxonalarning ijroiya organi (direktor, boshqaruv raisi, boshqaruv a’zolari) va kuzatuv kengashi a’zolarining ismi va familiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;

Davlat soliq qo‘mitasi – davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan yil (chorak) yakuni bo‘yicha to‘langan dividendlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;

Moliya vazirligi – davlat ishtirokidagi korxonalarga sarflangan Davlat byudjeti mablag‘lari, tegishlicha xorijdan jalb etilgan mablag‘lar, shu jumladan, davlat tashqi qarzi summalari hamda ularning sarflanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi – davlat muassasalari ro‘yxatini (tashkil topgan sanasi, yuqori turuvchi organ) hamda xususiylashtirilgan davlat mulki ob’ektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (davlat sirini tashkil etuvchi maxfiy vazifa yuklatilgan davlat korxonalari va muassasalari bundan mustasno).

5. Moliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 sentyabrga qadar Portalning davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali bilan integratsiya qilinishini ta’minlasin.

6. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi 2021 yil 1 avgustga qadar doimiy ravishda yangilab turiladigan Ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari to‘g‘risidagi axborot bazasini Qo‘mitaning rasmiy veb-saytida va Portalda ishga tushirsin.

Bunda, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan birgalikda “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunning 36-moddasida ko‘rsatilgan ma’lumotlar bilan bir qatorda quyidagi ma’lumotlar mazkur axborot bazasida aks ettirilishini ta’minlasin:

ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi tuzilgan barcha shartnomalar, ovchilik xo‘jaligini yuritish huquqi tugatilgan holatlar hamda undirilgan haq miqdorlari;

yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnoma berilgan barcha shaxslar va ruxsatnomadagi ma’lumotlar hamda undirilgan haq miqdorlari;

O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni tabiiy muhitdan ajratib olishga doir berilgan barcha ruxsatnomalar va ulardagi ma’lumotlar hamda undirilgan haq miqdorlari;

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining o‘rmon-ovchilik xo‘jaliklari tomonidan berilgan ovchilik yo‘llanmalari (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasi) hamda undirilgan haq miqdorlari.

7. Agentlikning davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash borasidagi vazifalarini belgilash maqsadida:

a) Agentlik zimmasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:

davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, shu jumladan, ularning normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan ma’lumotlarni Internet tarmog‘iga joylashtirish (e’lon qilish) bo‘yicha majburiyatlari hisobini yuritish;

davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan ommaviy axborot vositalari orqali samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha choralarning ishlab chiqilishi va joriy etilishiga ko‘maklashish;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlaridan kelib chiquvchi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligiga oid dolzarb masalalarni “Mening fikrim” veb-portali orqali umumxalq muhokamasiga chiqarish;

Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatini uzluksiz to‘ldirish, takomillashtirib borish va yangilab borish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirishga ko‘maklashish;

ommaviy axborot vositalari orqali davlat organlari va tashkilotlari xizmatchilariga “davlat organlari faoliyati ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligi” madaniyatini singdirish hamda davlat organlari va mansabdor shaxslar xalq oldida hisobdorligini ta’minlash muhimligi to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borilishini tashkil etish;

b) Agentlik tuzilmasida boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash boshqarmasi tashkil etilsin;

v) Agentlik:

davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida ko‘rsatilgan talablarni muntazam ravishda buzayotgan aybdor mansabdor shaxslarini javobgarlikka tortish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borsin;

har yili faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha erishgan asosiy yutuqlar hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida uchrayotgan kamchiliklar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot tayyorlasin va o‘z rasmiy veb-sayti orqali e’lon qilib borsin;

“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonun amalga oshirilishi ustidan nazoratni, shuningdek, Jahon odil sudlov loyihasining “Hukumatning ochiqligi” indikatori bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilashga oid kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

8. Davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari hamda murojaatlar bilan ishlash bo‘linmalariгa mazkur organlarda ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarining ijro etilishini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash vazifasi yuklatilsin.

9. Davlat xavfsizlik xizmati Adliya vazirligi, Agentlik hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonun loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritilishini ta’minlasin:

cheklab qo‘yilgan axborotlar ro‘yxati, undan foydalanish va ma’lumotlarni bunday axborotlar jumlasiga kiritish hamda chiqarish asoslari, muddatlari va tartibi;

cheklab qo‘yilgan axborotlar ro‘yxatiga kirmaydigan ma’lumotlarni maxfiylashtirishni taqiqlash;

cheklab qo‘yilishi fuqarolarning shaxsiy xavfsizligiga tahdid soladigan axborotlarning davlat sirlariga kiritilishini man etish;

fuqarolar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning davlat xizmatchilari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar bilan ishda foydalanishga ijozatni rasmiylashtirish shartlari va tartiblari;

axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi va ilg‘or tendensiyalarni hisobga olgan holda davlat sirlarini saqlashning zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish va takomillashtirish.

10. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik darajasini yanada oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

11. Agentlik Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Adliya vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi bilan birgalikda 2021 yil 1 oktyabrga qadar davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha faoliyatni tartibga soluvchi, shu jumladan, monitoring o‘tkazish, amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash, ochiqlik indeksini hisoblashga qaratilgan Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash bo‘yicha metodikani ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin.

12. Belgilab qo‘yilsinki, 2021 yil 1 dekabrdan boshlab:

mazkur Farmonning 11-bandida ko‘rsatilgan metodika asosida har yil yakuni bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining Ochiqlik indeksi aniqlanadi;

Agentlik Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda belgilangan tartibda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining Ochiqlik indeksini aniqlash bo‘yicha choralarni ko‘radi, natijalarni o‘z rasmiy veb-saytlari va ommaviy axborot vositalari orqali ommaga yetkazilishini ta’minlaydi.

13. Oliy Majlis palatalariga o‘z rasmiy veb-saytlarida quyidagi ma’lumotlarni joylashtirish tavsiya etilsin:

parlament nazorati ob’ektlarining hisobotlarini eshitish natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarorlar;

Qonunchilik palatasida deputatning har bir qonun (qaror) loyihasini qabul qilish yoki rad etishdagi, senatorning har bir qonunni (qarorni) ma’qullash yoki rad etishdagi ishtiroki to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

Oliy Majlis Senati a’zosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, saylov okruglari hamda ularning elektron pochta manzillari haqidagi ma’lumotlar.

14. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Agentlik:

a) O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini yoritishga oid maqolalar va teleko‘rsatuvlarni tashkil etsin;

b) manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar bilan birgalikda 2021 yil 1 dekabrdan boshlab quyidagi tadbirlar telekanallar, shuningdek, Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishini ta’minlasin:

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari (yopiq majlislar bundan mustasno);

taraflarning roziligi bilan fuqarolar huquq va erkinliklari hamda jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi, aholi sog‘lig‘ini saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi, shu jumladan, davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid ishlar, shuningdek, ayrim oilaviy nizolarga oid fuqarolik ishlari bo‘yicha sud majlislari (yopiq sud majlislari bundan mustasno).

15. Mazkur Farmonda ko‘rsatilgan qoida va tartiblarning buzilishi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi sifatida baholansin.

16. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Agentlik, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xalqaro standartlarni inobatga olgan holda:

2022 yil 1 yanvarga qadar Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonun loyihasi konsepsiyasini;

2022 yil 1 aprelga qadar ushbu qonun loyihasini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

17. Agentlik Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.

18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

        Prezidenti                                                      Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2021 yil 16 iyun

  • Ko'rildi
    78
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+