Meva-sabzavot mahsulotlari eksportini rivojlantirishda “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “O‘zbekiston havo yo‘llari”ga alohida mas’uliyat yuklandi

22.10.2018, 15:22

Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan davlat dasturida joriy yilda meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda logistika tizimini rivojlantirish belgilab qo‘yilgan edi. Dasturni amalga oshirish bo‘yicha bir qator qonunosti hujjatlar qabul qilinib, hayotga tadbiq etilmoqda. Prezidentimizning joriy yil 17 oktyabrdagi “Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori ana shunday me’yoriy hujjatlardan biri. Qaror bilan eksportga mahsulot yetkazib berishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish, ortiqcha va eskirgan ruxsat berish tartibotlarini bekor qilish orqali ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish maqsadida meva-sabzavot eksporti tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, Davlatimiz rahbarining qarori bilan yuridik shaxslarga meva-sabzavot mahsulotlari eksportini dastlabki to‘lovsiz, akkreditiv ochmasdan, bank kafolatini rasmiylashtirmasdan hamda eksport shartnomasini siyosiy va tijorat xavflaridan sug‘urta polisisiz amalga oshirish huquqi berildi.

Eng muhimi, bundan buyon tadbirkorlik sub’ektlari ulgurji savdo qilish litsenziyasiga ega bo‘lmasdan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladilar.

Qarorning yana bir muhim jihati shundaki, organik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha dastlabki qadam qo‘yildi. Ya’ni, mamlakatimizda “Global GAP”, “Halal” va “Organic” standartlari talablariga muvofiq, meva-sabzavot yetishtiruvchi mahalliy korxonalarni sertifikatlash bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Hozirgi vaqtda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan eksportga yo‘naltirilgan meva-sabzavot mahsulotlarning turlari, hajmlari, summasi va yetishtirish hududlari kesimi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, eksport jarayonining barcha bosqichlarini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi “Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar axborot portali” ishlab chiqiladi.

Meva-sabzavot mahsulotlari eksportini rivojlantirish bo‘yicha qayd etilgan chora-tadbirlar bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan eksport logistikasi masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bunda “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ va “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKga meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha alohida vazifalar yuklandi.

Mazkur qaror tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirish va meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ish sharoitlarini yaxshilash, mamlakat eksport  salohiyatini oshirish imkoniyatini beradi.


  • Ko'rildi
    1218
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+