Tadbirkorlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga yanada kengroq imkoniyatlar yaratishning yangi bosqichi boshlanyapti

23.08.2021, 10:54

  Aktam Xaitov
Aktam Xaitov

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

Yaqin o‘tmishda yurtdoshlarimiz uchun tadbirkorlik uddalab bo‘lmas mashaqqat bo‘lib tuyulardi. Boj to‘lovlari qimmatligi, yer, xom ashyo olish, korxona ochishdagi qator to‘siqlar, son-sanoqsiz litsenziyalar, ruxsatnomalar, bir amallab biznesni yo‘lga qo‘yib olganda ham, har kuni “eshik qoqadigan” tekshiruvchilar, nazoratchilar... Hafsalasi pir bo‘lgan minglab odamlar o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishni xayoliga ham keltirmasdi. Nihoyat, tadbirkorlar, biznes boshlashga ishtiyoqmandlar uchun yaxshi zamonlar keldi. Keyingi besh yil mobaynida tub islohotlar tufayli mamlakatimizdagi ishbilarmonlik muhiti oy sayin, kun sayin yaxshilanib bordi. So‘zimning isbotiga birgina dalil keltiraman: Oxirgi besh yilda tadbirkorlar soni qariyb 3 baravar oshdi. Ko‘p ishbilarmonlar o‘z biznesini butun mamlakat miqyosida kengaytirib, minglab ish o‘rinlari yaratib, nufuzli yirik kompaniyalarga aylandi. Ichki va tashqi bozorda o‘z nufuzi va brendiga ega tadbirkorlar sinfi shakllana boshladi. Lekin bu muvaffaqiyatlar chegara emas. Bugundan e’tiboran O’zbekistonda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarga yanada kengroq yo‘l ochib berishning yangi, misli ko‘rilmagan bosqichi boshlanyapti.

 Bugun bo‘lib o‘tgan Prezident va ishbilarmonlar muloqotida Shavkat Mirziyoyevning sohada amalga oshirilajak islohotlar haqidagi so‘zlarini  tinglab, ana shunday xulosaga keldim. E’tiborlisi, mazkur muloqotga tayyorgarlik doirasida respublika shtabi tashkil qilindi. Shtab 20 iyuldan 10 avgustgacha tunu kun faoliyat olib bordi, unga tadbirkorlardan 15 mingdan ziyod murojaat kelib tushdi. Shikoyatlar, murojaatlarga bu qadar tezkorlik bilan aniq, asosli javoblar qaytarish, oqilona va samarali yechimlar topish yurtimiz tarixida bo‘lmaganini katta ko‘tarinkilik bilan ta’kidlayman.   

Xo‘sh, qanday masalalar hal qilinyapti? Banklar chetdan resursni qanday valyutada jalb qilishidan qat’iy nazar, tadbirkorlarga kreditni milliy valyuta – “so‘m”da va biznes vakillari uchun maqbul foizlarda berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Endilikda dollar yoki yevro kursining oshishi tadbirkorga qo‘shimcha muammo yoki ortiqcha xarajatlarni yuzaga keltirmaydi.

Shuning barobarida jami 13 mingta umumiy ovqatlanish korxonasi joriy yil yakuniga qadar yer va mulk solig‘idan ozod qilinadi. Bu imkoniyat ularga 30 milliard so‘m qo‘shimcha ko‘mak deganidir. Ularning boshqa soliqlardan mavjud 35 milliard so‘m qarzlari muddatlari shu yil yakunigacha uzaytiriladi, kreditlarini qaytarish ham kechiktiriladi. Shu bilan birga turizm kompaniyalari va mehmonxonalar turistik yig‘imlardan ikki yil muddatga ozod qilinadi. Boshqacha aytganda, hozirgi qiyin sharoitda tushumi kamayib ketgan 2 ming nafar tadbirkor ixtiyorida 150 milliard so‘m qolishiga imkon yaratiladi.

Yer ajratilishi, undan foydalanishga doir islohotlar boshlanganidan so‘ng ko‘pchilik tadbirkorlarni o‘z korxonasi joylashgan yer maydonining taqdiri ertaga nima bo‘ladi,  degan savollar tashvishlantirayotgandi. Prezidentimiz bunday korxonalarning hozirda egalik qilish,  foydalanish yoki ijara huquqi asosida egallab turgan yer maydonlari ularga mulk qilib rasmiylashtirib berilishini bildirdi. Ya’ni, bu yerni boshqa odam sotib ololmaydi, uni xususiylashtirishga  faqat yer egasining o‘zi haqli bo‘ladi. Nazarimda, shu gaplardan keyin ko‘plab mulkdorlarning yelkasidan tog‘ qulaganday bo‘ldi. Chunki mulkdorlarning yeri turli yo‘llar bilan tortib olinishi ehtimoli bor edi.

Hozirgi davrda ishbilarmon elektrsiz bir kun ham ishlolmaydi. Binobarin, davlatimiz rahbari shu yil yakuniga qadar  to‘liq xususiy investitsiyalar hisobiga umumiy quvvati 1 ming 800 megavatt bo‘lgan  8 ta issiqlik  va quyosh elektr stansiyalari ishga tushirilishini ma’lum qildi.

Respublikamizda milliy sertifikat olish talabi mavjudligi tufayli tadbirkorlar vaqtdan ham, mablag‘dan ham yutqazmoqda. Prezidentimiz bir oy muddatda xorijda sertifikat berilgan asbob-uskuna va xomashyolarga milliy sertifikat olish amaliyotini bekor qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, hukumat komissiyasi zimmasiga bir oy muddatda xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar uchun import boji stavkalarini pasaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish vazifasi yuklandi.

Tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvlarni qisqartirish, subsidiyalar olish jarayonini osonlashtirish bo‘yicha ham ko‘plab ko‘rsatmalar berildi.

Boshqa masalalarda ham yaqin istiqbolda xususiy sektor vakillariga yengilliklar, imtiyozlar beriladi, har jihatdan qulayliklar yaratiladi. 

Prezidentimiz bunday ochiq muloqotni an’anaga aylantirib, har yili tashkil etish, 20 avgustni  mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” deb e’lon qilish taklifini bildirdi. Bu taklif yakdillik bilan  qo‘llab-quvvatlandi.

Muxtasar aytganda, O’zbekiston tarixida tadbirkorlar uchun bunday katta imkoniyatlar va yengilliklar bo‘lmagan, ular bu darajada qo‘llab-quvvatlanmagan. Ishonchim komilki, tadbirkorlar beqiyos g‘amxo‘rlikka javoban iqtisodiyotimizning turli jabhalarida o‘zlarining bunyodkorlik va yaratuvchanlik, faollik va jo‘shqinlik  xususiyatlarini namoyon etib, Yangi O’zbekiston taraqqiyoti yo‘lida astoydil, halol xizmat qiladilar.


  • Ko'rildi
    102
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Даврон Темиров O‘zLiDeP Бўка туман Кенгаши ижрочи котиби2018-07-02 15:20:45

Солиқ тўловчилар ва давлат солиқ хизмати органлари ўртасидаги солиқ низоларини судгача ҳал қилиш Кенгаши ташкил қилинаётганлиги қонун ҳужжатларида тадбиркорлик фаолиятини амалга ошириш билан боғлиқ ҳолда юзага келадиган барча бартараф этиб бўлмайдиган зиддиятлар ва ноаниқликларни бартараф этиб, тадбиркорлар фойдасига талқин этилишини таъминлаб.тадбиркорларга қулайлик яратиб , юксак марраларни кўзлаган ҳолда шубҳасиз, мамлакатимизда солиқ соҳасини илғор хориж давлатлари қаторига олиб чиқувчи пилапоя бўлади.


O‘zLiDeP Бухоро туман Кенгаши раисининг 1-ўринбосари - аппарат раҳбари - Саттор Бафоев2018-07-02 10:30:24

Солиқ тўловчилар ва давлат солиқ хизмати органлари ўртасидаги солиқ низоларини судгача ҳал қилиш Кенгаши ташкил қилинаётганлиги тадбиркорлар учун яратилган яна бир қулайликдир.


Fikringizni qoldiring

+