Yoshlar kamoloti hamisha e’tiborda

28.10.2017, 17:04

Yoshlar tarbiyasiga barcha davrlarda ham eng muhim, insoniyat kelajagini belgilovchi masala sifatida qaralgan. Ayniqsa, butun dunyoda kechayotgan globallashuv jarayoni taraqqiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bilan birga, o‘zida turli tahdid va xavf-xatarlarni ham namoyon etayotgan hozirgi paytda bu masala yanada dolzarblashmoqda. Xo‘sh, ana shunday shiddatli, keskin, axborot xurujlari yashin tezligida inson ongini zabt etayotgan bir vaqtda ertangi kun egalarini qanday himoya qila olamiz, ularning kelajagini qanday ta’minlaymiz? Xuddi shu kabi savollarga javobni Prezidentimiz yaqindagina yuksak minbardan – BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida baralla aytdi: “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi “virusi” tarqalishining oldini olishdir!”. Shu munosabat bilan, dedi davlatimiz rahbari so‘zida davom etib, odamlar, birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini ma’rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifadir. Bugungi dunyo yoshlari – son jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avloddir, chunki ular 2 milliard kishini tashkil etmoqda. Taassufli jihati, dunyoda ekstremistik faoliyat va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning aksariyati 30 yoshga yetmaganlar tomonidan sodir etilmoqda... Ana shulardan kelib chiqib, Prezidentimiz yoshlarni turli tahdidlardan himoyalash barobarida ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini ta’minlashda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat – BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi va bu tashabbus ishtirokchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Shu o‘rinda e’tirof etish joizki, yurtimizda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosati mustahkam huquqiy asosga ega. Bu Konstitutsiyamiz va ko‘plab qonunlarimizda o‘z ifodasini topgan. Ayniqsa, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Ushbu hujjat yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, faolligini oshirish, ijodiy va intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish, mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetini mustahkamlash, bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan yurtimizda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tashkil etilgani va 30 iyun sanasi – Yoshlar kuni deb e’lon qilinishi ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Prezidentning ushbu tashkilot faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qarori bilan tasdiqlangan dasturda yoshlarni mas’uliyatli lavozimlar zaxirasiga kiritish, oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli qabul qilish, imkoniyati cheklangan yigit-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Yoshlar klubi”ni tashkil qilish singari g‘oyat muhim tashkiliy-huquqiy tadbirlarni amalga oshirish belgilangani e’tiborga molik. Mamlakatimizda yoshlar kamoloti masalasi hamisha diqqat markazida bo‘lib keladi. Zero, taraqqiyotimiz va ertangi kunimiz ularning qo‘lida!

O‘zLiDePning Facebook’dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!


  • Ko'rildi
    1502
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+