Tadbirkorlarning tashqi savdoda ishtirok etish imkoniyati oshmoqda

15.11.2017, 18:28

Joriy yil 3 noyabr kuni Prezidentimizning “Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash, shuningdek, eksport kontraktlarini ro‘yxatga olish va import kontraktlarini ekspertizadan o‘tkazishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur me’yoriy hujjatlar mamlakatimizdagi barcha tadbirkorlik sub’ektlari qatori O’zLiDeP fraksiyasi a’zolarini ham quvontirdi. Mazkur huquqiy hujjatlarda tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish tartib tamoyillarini soddalashtirish va eksport qiluvchi korxonalarni qo‘llab-quvatlashga qaratilgan bir qancha yangiliklar mujassam. Jumladan, farmon binoan eksport-import tartib-taomillarini optimallashtirish va maxsus turdagi tovarlarni eksport hamda import qilish uchun litsenziya berish funksiyalari yagona organda birlashtirilmoqda. Shuningdek, zargarlik buyumlari, qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar, qimmatbaho toshlar hamda ulardan tayyorlangan buyumlarni litsenziyalash tartibi, 100 ming AQSh dollaridan kam miqdordagi import kontraktlarini ekspertizadan o‘tkazish tartib-taomillari bekor qilinmoqda. Yangi qaror bilan esa tovarlar, ishlar va xizmatlar eksportini oldindan to‘lov, ochilgan akkreditiv, rasmiylashtirilgan bank kafolati va eksport kontraktini siyosiy va tijorat tavakkalchiliklaridan sug‘urta qilish bo‘yicha polis bo‘lmasa ham xorijiy valyutaga eksport qilish huquqi berilmoqda. (Yangi uzilgan meva-sabzavot mahsulotlari va ro‘yxati keltirilgan tovarlar bundan mustasno). Eksport operatsiyalari bo‘yicha debitorlik qarzni hisoblash muddati uzaytirilib, 120 kun etib belgilanmoqda. Umuman olganda, mazkur me’yoriy hujjatlar tadbirkorlar uchun tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishdagi ortiqcha to‘siqlarni bartaraf etadi, ular uchun yangi imkoniyatlar yaratish, mamlakatimizga valyuta tushimlarini ko‘patirish va yurtimiz iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

O‘zLiDePning Facebook’dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!


  • Ko'rildi
    1291
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+