Qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi oshmoqda

10.01.2018, 17:21

Mamlakatimizda shahar va qishloqlarining qiyofasini milliy an’analarni saqlab qolgan holda zamonaviy ko‘rinishga keltirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Ayniqsa, ko‘p qavatli imoratlar, uy-joylar, ko‘priklar, metro yo‘nalishlari va boshqa ob’ektlari qurilmoqda. Bu esa o‘z navbatida qurilish materiallariga bo‘lgan talab va ehtiyojni oshirishi tabiiy. Shu sababli yurtimizda qurilish sanoatini rivojlantirish yo‘lida qator choralar ko‘rilmoqda. Xo‘sh, ular nimalardan iborat?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi ish rejasiga ko‘ra tashkil etilgan eshituvda ayni shu savol doirasida ma’lumot berildi. “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati rahbari tomonidan mamlakatimizda qurilish materiallarini ishlab chiqarishni kengaytirish, bunday mahsulotlar tannarxini pasaytirish, ularning import o‘rnini  bosuvchi, zamonaviy standartlarga va talablarga javob beradiganlarini iste’molchilarga yetkazish yuzasidan o‘tgan yil davomida bajarilgan vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.

Berilgan axborotga ko‘ra, Prezidentimizning 2016 yil 28 oktyabrdagi “Respublika qurilish materiallari sanoatini boshqarishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida bu sohadagi faoliyat tubdan takomillashtirilgan. “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi nomi aksiyadorlik jamiyatiga o‘zgartirilgan. Jamiyatning 954,5 mlrd.so‘mlik ustav fondi davlat ulushlari mavjud jamiyatlardagi aktivlar hisobiga shakllantirilib, aksiyalar chiqarilgan va  joylashtirilgan. Jamiyatda korporativ boshqaruv kodeksi joriy etildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda respublikamizda 8 mingga yaqin qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud bo‘lib, o‘tgan yilda ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning jami sanoatdagi ulushi 5,1 foizni tashkil qilgan. “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tarkibida esa 102 ta korxona va tashkilot mavjud. Jamiyat tarkibidagi korxonalarda investitsiya va mahalliylashtirish dasturlari ijrosiga, tizimga investitsiya mablag‘larini jalb qilish, yangi korxonalarni tashkil etish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga asosiy ustuvor vazifalardan biri sifatida alohida e’tibor qaratilgan.

Eshituv chog‘ida aksiyadorlik jamiyati rahbariyati e’tiboriga parlament quyi palatasi deputatlari hududlarning haqiqiy holatini o‘rganish chog‘ida barcha tarmoqlar qatori qurilish sohasida ham ijobiy ishlar bilan bir qatorda kuzatilgan muammolar haqida ma’lumotlarni havola etdik. Jumladan, o‘rganish jarayonida qurilish materiallari sanoati korxonalarida zamonaviy korporativ boshqaruv usullarining faol joriy etilmayotgani, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlari yetarli darajada tashkil qilinmagani, hanuzgacha ko‘p energiya sarflanadigan eski texnologiyalardan foydalanish holatlari mavjudligi hamda ohak, gips va g‘isht materiallari ishlab chiqarishdagi chiqindilar hajmi ko‘pligi va tarkibi to‘liq tozalanmaganligi sababli atmosferaga va atrof-muhitga zarar yetkazilayotganiga guvoh bo‘lingani xususida e’tirozlar bildirildi.

Savollarga javoban berilgan axborotga qaraganda, erishilgan yoki kutilayotgan ijobiy natijalar barobarida foydalanilmasdan qolayotgan zahira va imkoniyatlar hali ancha ko‘p ekan. Masalan, tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda 888 ta noruda qazilma boyliklar zahirasidan faqatgina 315 tasidan foydalanilayapti, qolgan 573 tasi esa zahirada turibdi. Bunday holatni bartaraf etish maqsadida jamiyat tarkibidagi korxonalarda ishlab chiqarishni diversifikatsiyasi qilish borasida dastlabki qadamlar qo‘yilmoqda. Birgina misol, eng muhim qurilish materiali hisoblangan sement ishlab chiqarishning deyarli 90 foizi 4 ta monopolist korxona  hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu mahsulotga talabning tobora ko‘payib borayotganligi va ishlab chiqarish hajmi talabni to‘liq qoplashga yetishmayotganligi sababli sementning sotuv narxi ancha yuqoriligicha qolmoqda.

Ichki bozorni sement mahsuloti bilan to‘yintirish va eksportini ko‘paytirish hamda narxlarni maqbullashtirish maqsadida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Bugungi kunda, tasdiqlangan dasturlarga kiritilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish natijasida 2021 yilga borib sement ishlab chiqarish 2 barobarga ko‘paytirilishi rejalashtirilgan. Yangi ishga tushiriladigan ishlab chiqarish quvvatlari asosan xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirilmoqda. Bu bilan chegaralanib qolmasdan sohaga yangi ivestorlarni jalb etishda davom ettiriladi.

Alohida ta’kidlanganidek, bozorda yaratilgan raqobat muhiti natijasida bugungi kunda sement ishlab chiqaruvchi korxonalarda mahsulot hajmining, olinadigan foydaning kamayishi, ish o‘rinlarining qisqarishi kabi salbiy holatlar ham yuzaga kelishi kutilmoqda. Buning oldini olishda esa ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish yordam beradi. Shu bois jamiyat tarkibidagi yirik ishlab chiqaruvchilarda pardozbop toshlar, gips, DSP, devorbop gulqog‘ozlar kabi boshqa turdagi qurilish materiallarini mahalliy xom-ashyoga ishlov berish asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bunda birinchi natija, eng avvalo, ushbu korxonalarda yangi ish o‘rinlarini ochish, iqtisodiy ko‘rsatkichlarda kutilayotgan pasayishlarning o‘rnini to‘ldirishdan, ikkinchidan, ichki va tashqi bozor talabidagi mahsulotlar taklifini ko‘paytirishdan iborat.

E’tirof etilganidek, bugungi kunda bozorni mahalliy raqobatbardosh qurilish materiallari bilan yanada to‘ldirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va eksport hajmini oshirish maqsadida “O‘zqurilishmateriallari” jamiyati tomonidan qurilish materiallariga bo‘lgan ehtiyoj o‘rganilmoqda hamda bu sohadagi import-eksport jarayoni doimiy monitoring va tahlil qilib olib borilmoqda. Tashqi bozorlarga tayyor mahsulotlar yetkazib berish hamda ularni yangi bozorlarga chiqarilishini ta’minlash maqsadida jamiyat korxonalari tomonidan Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Gruziya, Ozarbayjon, Tojikiston va Afg‘oniston kabi mamlakatlarda savdo uylari, dilerlik tarmoqlari va vakolatxonalarini ochish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda.

Parlament eshituvi chog‘ida tarmoqni modernizatsiya qilish, jahon standartlariga javob beradigan qurilish materiallari ishlab chiqarish, sohaga zamonaviy, energiya tejamkor texnologiyalarni olib kirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish xamda eksport hajmini oshirish borasidagi  ishlarni yakuni muxokama qilinish barobarida  sohaga doir muammolarning yechimi bo‘yicha aniq taklif-tavsiyalar ishlab chiqildi.

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!


  • Ko'rildi
    2209
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+