Abdulahad Sharopov, Yel-Singapur milliy universiteti talabasi (Singapur)

26.01.2018, 18:20

Abdulahad Sharopov
Abdulahad Sharopov

Yel-Singapur milliy universiteti talabasi (Singapur)

– Tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan Murojaatnomani, ishoning, videoyozuvda qayta-qayta ko‘rib chiqdim, “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmon bilan yaqindan tanishib chiqdim.

Hozirgi kunda men AQShning Yel universiteti o‘z davlatidan tashqarida ochgan ilk o‘quv muassasasida ta’lim olyapman. Soham bevosita iqtisodiy siyosat bilan bog‘liqligi bois tashqi iqtisodiy sohada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan muhim islohotlar e’tiborimni tortdi. Mamlakatimizning tashqi savdo yuklarini jahondagi va mintaqadagi asosiy bozorlarga olib chiqadigan ishonchli transport va tranzit yo‘laklarini izchil shakllantirish vazifasi ilgari surilmoqda. Bu dengiz yo‘llaridan ancha olisda joylashgan yurtimiz iqtisodiyoti uchun katta ahamiyatga ega bo‘lish barobarida, mintaqamiz mamlakatlarining dunyo iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvini ham tezlashtiradi. Demoqchimanki, O‘zbekiston Prezidentining ushbu tashabbusi nafaqat sof iqtisodiy, balki geosiyosiy, global ahamiyatga ham egaligi bilan g‘oyat qadrlidir.

O‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoning nafaqat geografik va geosiyosiy, balki qadriyatlari mushtarak yagona madaniy makon ekanini ham inobatga olganini alohida ta’kidlash joiz. Albatta, ko‘pchilikka yaxshi ma’lum, mintaqada istiqomat qilayotgan xalqlarni umumiy ma’naviy qadriyatlar, o‘xshash milliy an’ana va urf-odatlar birlashtirib turadi. Ushbu mushtaraklik mintaqaviy hamkorlik uchun mustahkam va ishonchli poydevordir. Yurtboshimizning ushbu tashabbusi mintaqada barqarorlikni ta’minlash bilan birga, albatta, hududimizga investitsiyalar, texnologiyalarning dadil kirib kelishiga ham mustahkam zamin yaratadi.

Keyingi vaqtda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ko‘plab tarixiy o‘zgarishlar, mavjud muammolarni hal qilishga o‘ziga xos yondashuvlar Prezidentimizdagi yangilikka intiluvchanlik, mas’uliyatni zimmasiga olish, muammolardan qo‘rqmaslikdan yaqqol dalolat beradi. Bu xislatlar bilan muhtaram Prezidentimiz biz yoshlarga o‘rnak bo‘lmoqdalar, albatta. Biz ham O‘zbekistondek ulug‘ yurtning farzandlari sifatida shunday yurtboshidan o‘rnak olishimiz, xalqimizga loyiq va sadoqatli insonlar bo‘lib yetishishimiz kerak. Buning uchun bugun bor kuchimizni o‘rganayotgan ilmimizni egallashga sarflab, Vatanimizga yetuk kadrlar bo‘lib borishimiz asosiy maqsadimizga aylanishi lozim. Men barcha talaba yurtdoshlarimni ana shunday ezgu maqsadlarga chorlab qolaman.

O‘zLiDePning Facebook’dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!


  • Ko'rildi
    1780
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+