Toshkent deklaratsiyasi: Afg‘onistonda tinchlik, barqarorlik va rivojlanishni ta’minlashning «yo‘l xaritasi»

29.03.2018, 10:13

Toshkent deklaratsiyasi: Afg‘onistonda tinchlik, barqarorlik va rivojlanishni ta’minlashning «yo‘l xaritasi»

Poytaxtimizda yuqori darajada bo‘lib o‘tgan yirik anjuman – «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusidagi Toshkent xalqaro konferensiyasini mamlakatimiz Prezidentining Markaziy Osiyoni tinch, barqaror, iqtisodiy rivojlangan va farovon mintaqaga aylantirishga qaratilgan tashqi siyosat sohasidagi eng muhim tashabbuslaridan biri sifatida alohida e’tirof etamiz. Bu yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash yo‘lida katta ishlar amalga oshirayotgan O‘zbekiston tomonidan navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

Mubolag‘asiz aytish mumkinki, Afg‘oniston masalasi bo‘yicha o‘tkazilgan mazkur nufuzli konferensiya nafaqat Afg‘onistonda, balki mintaqada va butun dunyoda xavfsizlikni ta’minlashda sifat jihatdan yangi bosqichni boshlab berdi hamda ushbu sohadagi muzokaralarni mutlaq yangi – amaliy darajaga olib chiqdi.

Ushbu mantiqiy xulosa, konferensiya doirasida ilgari surilgan hamda Afg‘onistonda yuzaga kelgan vaziyatni tubdan o‘zgartirishga qodir bo‘lgan bir qator muhim g‘oyalar bilan bog‘liq.

Xususan, bu borada so‘z ketganda, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ta’kidlab o‘tilgan, Afg‘onistondagi nizoning nihoyatda murakkabligi, unda turli kuchlar ishtirok etayotganini hisobga olgan holda hamda BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalaridan kelib chiqib, tinchlik jarayonini uchta o‘zaro bog‘liq darajada amalga oshirishni ta’minlash nihoyatda zarurligi to‘g‘risidagi g‘oya alohida ahamiyat kasb etadi. Bunda davlatimiz rahbari tomonidan ham Afg‘oniston ichida, ham mintaqa va global darajada tezkorlik bilan hal etishni talab etuvchi aniq vazifalar qat’iy belgilab berildi. E’tiborlisi, bu kabi tizimli va keng qamrovli yondashuv Toshkent konferensiyasi, Toshkent formatining afg‘on muammosini hal etishdagi muhim, o‘ziga xos konseptual jihati bo‘ldi, desak mubolag‘a qilmaymiz.

Davlatimiz rahbari ma’ruzasida qayd etilgan va Toshkent deklaratsiyasida o‘z ifodasini topgan asosiy g‘oyalardan yana biri bu – markaziy hukumat va qurolli muxolifatning asosiy kuchlari, avvalambor, “Tolibon” harakati o‘rtasida dastlabki shartlarsiz bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yishga chaqiruvdir. Mavjud muammolarni tinch yo‘l bilan, muzokaralar orqali hal qilish bugun mamlakatda turli kuchlar o‘rtasida yuz berayotgan qurolli to‘qnashuvlarni bartaraf etishga imkon beradi. Muhimi, bir qarashda imkoni yo‘qdek tuyuladigan ushbu masalani amalga oshirish yo‘li ham Toshkent konferensiyasida ko‘rsatib o‘tildi. Bu afg‘on xalqi o‘z taqdirini o‘zi mustaqil belgilashga haqliligi, qolaversa, mavjud ixtiloflarni hal qilish borasida ham aynan ushbu davlat xalqi asosiy rolni o‘ynashi lozimligi to‘g‘risidagi tezisda o‘z aksini topdi. Xaqiqatan ham, shu davrgacha Afg‘oniston muammosi borasidagi ko‘plab formatlardagi yig‘ilishlarda hal qiluvchi rol asosan xalqaro ishtirokchilarga berilib, ushbu davlatning o‘zi, uning xalqi bir muncha e’tibordan chetda qolib ketayotgani ko‘zga tashlanayotgan edi. Toshkent konferensiyasida o‘rtaga tashlangan tinchlik jarayonining muvaffaqiyatli bo‘lishini ta’minlash uchun afg‘onistonliklarning o‘zlariga tashabbus ko‘rsatish, muzokaralar qanday formatda, qachon va qayerda olib borilishi bo‘yicha tanlash imkonini berish kerakligi to‘g‘risidagi fikr bu borada nihoyatda muhim qadam bo‘ldi. Yurtboshimizning ushbu fikriga ko‘plab xalqaro ekspertlar alohida e’tibor qaratgani ham bejiz emas, albatta.

O‘zLiDeP O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mintaqaviy darajada qat’iy konsensusga, avvalambor, Pokiston, Hindiston, Eron, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Markaziy Osiyo mamlakatlari ko‘magida erishishni ta’minlash zarurligi haqidagi tashabbusini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, global darajada – tinchlik jarayonini prinsipial siyosiy qo‘llab-quvvatlash va Afg‘onistonni jahondagi yetakchi davlatlar va donor tashkilotlar tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga moliyaviy ko‘maklashuvini ta’minlash zarurligi konferensiyada ilgari surilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi deb hisoblaymiz. Aytilganlarning o‘ziyoq Toshkent konferensiyasida Afg‘onistondagi ziddiyatlarni bartaraf etish borasida barcha darajalarda qilinishi lozim bo‘lgan ishlarning aniq va lo‘nda tarzda belgilab berilgani, ushbu jarayonda muammoning tub negizlarini bartaraf etishga to‘siq bo‘layotgan eski ramkalardan chiqqan holda masalaga yondashilganini yaqqol ko‘rsatadi.

Muhimi, ushbu yondashuvlarning barchasi konferensiya yakuniga ko‘ra qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasida o‘z aksini topdiki, mazkur hujjatni hech ikkilanmasdan Afg‘onistonda tinchlik, barqarorlik va rivojlanishni ta’minlashning «yo‘l xaritasi» deb atash mumkin. Endi gap ushbu deklaratsiyada belgilangan vazifalarning barcha manfaatdor tomonlar tomonidan so‘zsiz bajarilishini ta’minlashda qoldi.

Toshkent konferensiyasining ahamiyatini belgilovchi xususiyatlardan yana biri Afg‘oniston muammosini hal qilishda iqtisodiy omillarning ahamiyatiga yetarli baho berila olinganidadir. Mamlakatning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuviga har tomonlama ko‘maklashish, haqiqatan ham, nizoli holatlarni yengib o‘tishda alohida ahamiyat kasb etadi. Afg‘onistonni qo‘shni o‘lkalar bilan savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar aloqalarga jalb qilish vaziyatni maqbullashtirish hamda mamlakatni tinch hayotga qaytarish jarayoniga salmoqli hissa bo‘ladi. Bu borada O‘zbekiston namuna ko‘rsatmoqda. Xususan, elektr energiya yetkazib bermoqda, yangi elektr o‘tkazish tarmoqlarini barpo etmoqda, temir yo‘l qurmoqda, Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash, yangi ish o‘rinlari yaratish va mamlakatning tranzit salohiyatini oshirishga amaliy ulush qo‘shayotgan boshqa strategik loyihalarni amalga oshirmoqda.

Alohida ta’kidlash kerakki, Afg‘onistonda tinchlikka erishish vazifasi bugun global xavfsizlik va rivojlanishga tahdid solayotgan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishga qaratilgan sa’y-harakatlar bilan uzviy bog‘liq. Hozirgi kunda barcha mamlakatlar muayyan darajada terrorizm, diniy ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik va narkotrafik xavfiga duch kelmoqda.

Partiyamiz nuqtai nazaricha, mamlakatimiz Prezidenti tomonidan bu borada ilgari surilgan xavf-xatarlarning ba’zi birlarini “o‘zimizniki”, boshqasini esa “birovniki”, deb qabul qilmasligimiz kerak, degan fikr xavfsizlik masalalariga to‘g‘ri yondashuvlarni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Ushbu tahdidlarga samarali qarshi kurashishni davlatlar o‘rtasida amaliy hamkorlik mexanizmlari doirasida faqat birgalikda ta’minlash mumkinligini anglash imkonini beradi.

O‘zbekiston ko‘pincha endigina mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlar salbiy ta’siriga tushib qoladigan terrorizm, ekstremizm va radikalizm mafkurasiga qarshi kurashish masalalarida har doim o‘z prinsipial qarashlariga ega bo‘lib kelgan. Bu borada ma’rifat va ta’limni tinchlik va bunyodkorlik sari eng to‘g‘ri yo‘l deb hisoblaymiz.

Milliy va xalqaro tajribadan ma’lumki, ekstremizmga qarshi kurashishning eng samarali usuli bu – ma’rifat, avvalambor, yoshlarga ta’lim berish, ularning ongiga islomning insonparvarlik mohiyati, islom madaniyatining asl qadriyatlarini yetkazishdan iborat. Shu ma’noda davlatimiz rahbarining Afg‘onistonda ta’limni qo‘llab-quvvatlash maxsus xalqaro fondini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi nihoyatda muhim tashabbus ekanligini alohida e’tirof etamiz.

Ishonch bilan qayd etish lozimki, Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasi afg‘on tinchlik jarayoni, terrorizmga va noqonuniy narkotiklar aylanmasiga qarshi kurash, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka oid keng qamrovli masalalar bo‘yicha ochiq va har tomonlama muhokamalar uchun qulay imkoniyat yaratdi hamda o‘zaro maqbul qarorlarni ishlab chiqishga xizmat qildi. Ko‘pyillik muammolarni hal etish uchun mutlaqo yangi imkoniyatlarni namoyon etdi. Mazkur yo‘nalishda O‘zbekistonning sa’y-harakatlari va amaliy tashabbuslarining katta ahamiyatini yaqqol ifodaladi.

O‘zLiDeP O‘zbekistondagi yetakchi siyosiy kuch sifatida nafaqat Toshkent konferensiyasi qarorlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi, balki ularni hayotga tadbiq etish, afg‘on tinchlik jarayoniga doir keng qamrovli masalalar bo‘yicha amaliy natijaga erishish, terrorizm va narkobiznesga qarshi kurashish, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik borasida barcha kuch va imkoniyatlarini ishga soladi. Bunda biz davlatimiz rahbarining Afg‘oniston xavfsizligi bu –  O‘zbekiston xavfsizligi, butun bepoyon Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi barqarorligi hamda taraqqiyotining garovidir, degan fikriga tayanamiz.

Baxtiyor YAKUBOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya

qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1529
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Bildirilgan fikrlar

Абдуллаев Дилшодбек-O’zLiDeP Андижон вилоят Кенгаши Бизнес тузилмалари ва фермерлар билан ишлаш бўлими мудири2018-07-30 09:04:22

"Хавфсиз шаҳар" концепциясини амалиётга тадбиқ этишда нафақат ички ишлар ходимлари, ахоли вакиллари ва кенг жамоатчиликни роли мухим деб ўйлайман. Бугуннинг талаби хам, ёнимизда ва айни пайтда бўлиб ўтаётган воқеликларга бефарқ муносабатда бўлмасликка чорлайди. Зеро, Ватанимиз тинчлиги ва дахлсизлиги учун хар биримиз маъсул эканимизни унутмаслигимиз керак.


Fikringizni qoldiring

+