Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni jalb qilish yanada kuchaytiriladi

31.01.2020, 19:36

Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni jalb qilish yanada kuchaytiriladi

Bugungi kunda mamlakatimizda maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlash orqali maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini yanada kengaytirish hamda bolalarning maktabgacha ta’limi bilan kengroq qamrab olinishini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Xususan, maktabgacha ta’limni rivojlantirish borasida boshlagan islohotlar natijasida o‘tgan yili 5 ming 722 ta davlat, xususiy, oilaviy bolalar bog‘chalari tashkil etildi. Shuning hisobidan farzandlarimizni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi bir yil davomida 38 foizdan 52 foizga ko‘tarildi.

Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida bu borada boshlangan ishlarni kelgusi yillarda ham davom ettirish va maktabgacha ta’limni yanada rivojlantirish masalasi bundan keyin ham dolzarb bo‘lib qolishligi ta’kidlangandi.

Kuni kecha Prezidentimizning “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani ushbu sohaga qaratilayotgan katta e’tiborning yorqin na’munasidir.

Qarorga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va Moliya vazirligining davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish dasturini davom ettirish maqsadida belgilangan tartibda tuzilgan bitimlar bo‘yicha kreditlarni moliyalashtirish uchun tijorat banklariga qo‘shimcha mablag‘lar ajratish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020-2021 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlarini (qarzlarini) jalb qilish choralari ko‘rilishi belgilab qo‘yildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil qilinadigan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini ustuvor tartibda Toshkent va Nukus shaharlari, viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar, shuningdek, viloyat va tumanlarning ma’muriy markazlarida tashkil etilishiga e’tibor qaratiladi.

O‘zLiDeP saylovoldi dasturida ham ta’lim sohasiga, xususan, maktabgacha ta’lim muassasalarini davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Partiya bu borada ta’lim tizimida raqobat muhitining shakllanishi, xususiy sektor resurslaridan foydalanish, davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish hisobiga 3-7 yoshlardagi bolalarning 73,1 foizi hamda 6 yoshdagi barcha bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishiga erishishni ustuvor vazifa deb biladi.

Emma ASLONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    1399
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+