Bosh maqsad – berilayotgan imtiyozlarni halol-pok qo‘llash bo‘yicha adolatli tizim yaratish

05.03.2021, 09:58

Bosh maqsad – berilayotgan imtiyozlarni halol-pok qo‘llash bo‘yicha adolatli tizim yaratish

Xalqimizda “Uyi borning o‘yi bo‘lmaydi” degan naql bor. Bu bejiz aytilmagan, albatta. Uning tag-zamirida juda katta ma’no bor. Zero, odamlarning uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasidan qoniqish hissi oilaviy baxt-saodatga eltuvchi asosiy omildir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev vazifasiga kirishgan ilk pallalardanoq bu dolzarb masalani alohida e’tiborga olib, odamlarni uy bilan ta’minlash choralarini ko‘rdi. Natijada yangi O’zbekiston ulkan qurilish maydoniga aylandi. Ayniqsa, aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha zamonaviy tizim yaratildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bugun mamlakatimizda fuqarolarning uy-joy sharoiti tubdan yaxshilanayotgani, shahar va qishloqlarda yangi turar joylar qurish sur’ati va ko‘lami jadallik bilan kengayib borayotganiga barchamiz guvohmiz. Qurilish ishlari nafaqat azim poytaxtimizda, balki hududlarda ham jadal tus oldi. O’tgan to‘rt yilda davlat dasturlari asosida 140 ming yoki yiliga o‘rtacha 35 mingdan uy-joylar barpo etildi. Bu esa oldinlari yiliga qurilgan o‘rtacha uy-joydan 4-5 baravar ko‘pdir.

Uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha kuni kecha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz bu masalaga to‘xtalib, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish bo‘yicha faqat bugunni yoki ertangi kunni o‘ylab emas, balki uzoqni ko‘zlab sohada hayotga tatbiq etilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

Aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid yangi farmon tayyorlanganini aytib, ushbu hujjatda eng muhimi aholining barcha qatlamlarini uy-joy bilan ta’minlash va bu borada ularning tanlash imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilayotganini bildirdi.

Joriy yilda 54 ming oilalarni uy-joy bilan ta’minlash belgilangan bo‘lib, bu borada davlat ipoteka dasturi doirasida jami 45 mingta yoki o‘tgan yilga nisbatan 2 baravar ko‘p uy-joylar qurilishi ming-minglab fuqarolarimizning ko‘nglini tog‘day ko‘tarib, ularni ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada oshirdi.

Xususiy tadbirkorlar tomonidan qurilishi boshlangan 8 mingta kvartiraning joriy yilda foydalanishga topshirilishi ko‘plab oilalarga baxt, quvonch, shodlik olib kirishi aniq. Og‘ir turmush sharoitiga tushib, boshpanasiz qolgan 1 mingta oila, ayniqsa ayollarga “ijtimoiy uy-joylar” ijara asosida ajratilishi har bir fuqaro uchun yanada dadil ildamlash uchun juda katta da’vat bo‘ldi. Ilgari bunaqa hajmdagi qurilish dasturi amalga oshirilmagan, viloyatdan kelgan fuqarolarimiz ijarama-ijara yurib, turli sarsongarchiliklarni boshdan kechirgan.

Prezidentimiz rahnamoligida har yili yangi uylar qurilib, ipoteka krediti asosida uyga muhtoj oilalarga berilishi xalqimiz orzuidagi ish bo‘lmoqda. Bunday g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan davlatimizdan, yurtboshimizdan hamma minnatdor bo‘lmoqda. Sababi Vatanli bo‘lish baxti insonga o‘zgacha ruhiyat baxsh etadi.

Hammamiz guvohmiz, hozir eng katta muammo – bu uy-joylarning narxini adolatli shakllantirish. Boisi keyingi paytda qurilayotgan arzon uy-joylarning narxi keskin oshib ketgan. Tabiiyki, narxlar oshgandan keyin nafaqat birinchi to‘lov, balki olinadigan kredit miqdori ham ortadi. Davlat ishida ishlab, oylikka kuni qolgan odamlar esa bunday uyni ololmaydi. Prezidentimiz ayni masalaga to‘xtalar ekan, bugungi narx-navodan odamlarimiz rozi emasligini, hokimlar buni ichiga kirmaganini tanqid qildi. Viloyat va tuman hokimlariga bir kvadrat metr uy narxini 4 million so‘mdan oshirmaslik uchun barcha zarur choralarni ko‘rish vazifasi topshirildi.

Yig‘ilishda yakka tartibda uylar qurish bo‘yicha bajariladigan vazifalar ko‘rib chiqilar ekan, bu borada o‘tgan yilgi Andijon tajribasidan kelib chiqib, fuqarolarga yakka tartibdagi uylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun kredit ajratish tizimi yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi. Bunda, kredit bir yillik imtiyozli davr bilan 20 yilga ajratilib (o‘rtacha 240 million so‘m), ehtiyojmand aholi uchun foizning bir qismi subsidiya sifatida to‘lab beriladi.

Ushbu tizim asosida kreditlar joriy yilda har bir viloyatda kamida 500 tadan xonadonga ajratilishi qanchadan-qancha yosh oilalarni Vatanli bo‘lishiga xizmat qiladi. Joriy yilda uy-joy qurilishi uchun davlat tomonidan ham aholiga, ham quruvchilarga katta imtiyozlar berilishi, jumladan, ipoteka krediti bo‘yicha 6 oylik imtiyozli davr kiritilishi, shaharlarda dastlabki badal miqdori 20 foizdan 15 foizga tushirilishi yangi O’zbekistonda inson manfaatlari hamma narsadan ustun ekanligini, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar faqat inson manfaatiga qaratilganini amalda to‘liq namoyon etdi.

Bular hali hammasi emas. Endilikda past daromadli, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarga 15 foizlik dastlabki badalning 10 foizi subsidiya sifatida to‘lab beriladi. Ya’ni, aholi uy olish uchun dastlabki badalning 5 foizini to‘laydi, xolos. Kredit olgan aholi uchun foiz to‘lovlarining Toshkent shahrida 12 foizi, boshqa hududlarda 10 foizidan yuqori qismiga subsidiya beriladi. Xususan, qishloqlarda 54 kvadrat metrli kvartira (o‘rtacha 216 million so‘m) olmoqchi bo‘lgan oila 33 million so‘mlik dastlabki badalning faqat 11 million so‘mini to‘laydi, 22 million so‘mi budjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Videoselektor yig‘ilishida quruvchi tashkilotlarga pandemiya davrida berilgan imtiyozlar joriy yil yakunigacha uzaytirilishi, jumladan, Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan quruvchi tashkilotlarga uy-joy qurish uchun jalb qilgan kreditlar bo‘yicha 20 milliard so‘mgacha kafillik hamda Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismiga kompensatsiya berilishi qayd etildi.

Fuqarolarga yakka tartibda uy qurish va rekonstruksiya qilish uchun ham kredit ajratilishi belgilanib, bunday kreditlar 20 yilga ajratilishi, ehtiyojmand aholi uchun foizning bir qismi subsidiya sifatida to‘lab berilishi ta’kidlandi. Moliya vazirligiga ushbu yo‘nalish uchun 1,5 trillion so‘m resurs ajratish, viloyat hokimlariga qaysi tumanda qancha oilaga ko‘mak berish masalasini hal etish vazifasi qo‘yildi.

Mamlakatimiz rahbari berilayotgan imtiyozlarni halol-pok qo‘llash bo‘yicha adolatli tizim yaratish, bu borada odamlarimizning xabardorligini oshirish zarurligini ta’kidlab, mahalliy kengash deputatlari, jamoat faollari ishtirokida “xalqparvar komissiya” tashkil etish borasida bildirgan fikrlari bevosita O’zLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi oldidagi mas’uliyatni yanada oshiradi. Bundan buyon ular quruvchiga yerning adolatli ajratilishi, imtiyozga mos ehtiyojmand oilalar ro‘yxatining shakllanishi va qurilishlar sifati ustidan parlament va deputatlik nazoratini o‘rnatadi.

Inson qachon xotirjam hayot kechiradi, qachonki doimiy ish joyiga, o‘z uyiga ega bo‘lsa. Bugun ana shunday baxtga musharraf bo‘layotgan yurtdoshlarimiz safi kundan-kun kengayib borayotgani diqqatga sazovor. Bu esa Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan aholining yashash sharoitini yanada yaxshilash bo‘yicha aniq, maqsadli tizim yaratilganining amaldagi ifodasidir. Zotan, yig‘ilishda aytilgan so‘zlar oddiy odamlarning dilidagi ko‘plab orzu niyatlarini aks ettirish bilan birga, ularni islohotlar jarayonida faol ishtirok etish istagini kuchaytirdi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik 

palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O’zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    77
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+