Uy-joylarga xizmat ko‘rsatish tizimi yangicha shaklda faoliyat ko‘rsata boshlaydi

28.04.2021, 17:05

Uy-joylarga xizmat ko‘rsatish tizimi yangicha shaklda faoliyat ko‘rsata boshlaydi

Tan olish kerak, uy-joylarga xizmat ko‘rsatish tizimi anchayin eskirdi, boshqaruvda sansolarliklar vujudga keldi, aholi bilan shirkatlar o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashdi. Bu albatta, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh, qanday yo‘l tutsak, bu kabi salbiy holatlarning oldini olamiz? Bu anchayin dolzarb va kechiktirib bo‘lmaydigan masala yuzasidan 26 aprel kuni Prezidentimiz ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 37 ming 402 ta ko‘p qavatli uy, ularda 1 million 300 mingdan ortiq xonadon bor. Bu uylarning 68 foiziga shirkatlar, 24 foiziga boshqaruv kompaniyalari xizmat ko‘rsatadi, 8 foiz uylar esa mulkdorlar tomonidan umuman boshqarilmaydi.

Uy-joy mulkdorlari shirkatlari 4 ming 430 ta bo‘lib, shundan atigi 1 ming 350 tasi yoki 30 foizi yaxshi ishlaydi, xolos. Qolgani o‘rta va og‘ir sharoitda. O’rganishlarda aniqlanishicha, to‘lovlar bo‘yicha tariflarning norentabelligi, hisob-kitoblarning shaffof emasligi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining eskirgani muammolarga sabab bo‘lmoqda. Ko‘p shirkatlar o‘z vazifasini bajarmaydi, buning uchun ularda kadrlar yetishmaydi. Oqibatda xonadon egalarining shirkat va boshqaruv kompaniyalariga ishonchi yo‘qolgan. Badallarning to‘liq yig‘ilmasligi tufayli debitorlik qarzdorligi oshib ketgan.

Davlatimiz rahbari ko‘p qavatli uylarda yashovchi odamlarni qiynab kelayotgan bu kabi o‘tkir masalaga e’tibor qaratib, xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilash bo‘yicha mutasaddilarga zarur tavsiyalar berdi va muhim vazifalar qo‘ydi. Xorij tajribasi asosida ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining hududiy boshqarmalari huzurida ko‘p kvartirali turar joy fondini ta’mirlash jamg‘armasini tashkil etish, uni 35 foiz respublika budjeti, 35 foiz mahalliy budjet va qolgan 30 foizini mulkdorlar to‘lovidan jamg‘ariladigan mablag‘lar hisobidan shakllantirish rejalashtirildi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tishni istar edimki, uy-joylarga xizmat ko‘rsatish tizimini yangilash, aholiga qulay yashash va dam olish sharoitlarini yaratish, uylarning atrofini obodonlashtirish kabi muhim vazifalarni amalga oshirish Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining dasturiy maqsadlarida ham o‘z aksini topgan. Partiyamiz dasturida uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham aniq chora-tadbirlar belgilangan.

Aholining yashash sharoitlari, uy-joylarga xizmat ko‘rsatish tizimi muhim hayotiy masalaga aylanayotgan ekan, bu muammolarni hal etishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan tortib, partiyamizning mahalliy Kengash deputatlari ham faol ish olib boradilar, deb ishonaman.

Mavluda Ibragimova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    403
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+