Erkin iqtisodiy zonalar — taraqqiyot tayanchi

28.04.2021, 17:31

Erkin iqtisodiy zonalar — taraqqiyot  tayanchi

Mamlakatimiz hududlarining ishlab chiqarish, resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanishni ta’minlash, transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishda erkin iqtisodiy zonalarning alohida o‘rni bor.

Bugungi kunda mamlakatimizda 23 ta erkin iqtisodiy va 348 ta kichik sanoat zonasi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularda umumiy qiymati 2,6 milliard dollarlik 453 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 36 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Kichik sanoat zonalarida esa 5 trillion so‘mlik 1 ming 497 ta loyiha ishga tushirilib, 36 mingdan ziyod kishining bandligi ta’minlangan.

Albatta, bu quvonarli holat. Lekin mazkur zonalarda mahalliy va xorijiy investorlar o‘z faoliyatini to‘laqonli boshlashi uchun ayrim muammolar ham borki, bu yangi investorlar va tadbirkorlarni istiqbolli loyihalarni amalga oshirishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatyapti.

Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari muhokamasi yuzasidan joriy yil 27 aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda bu masalaga alohida e’tibor qaratilib, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammo – infratuzilma masalalarini hal etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Davlatimiz rahbarining “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori erkin iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida ishga tushirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarning yechimiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Unga muvofiq, joriy yilda erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari infratuzilmasini yaxshilash uchun 1 trillion 600 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi. Endilikda 17 ta erkin iqtisodiy zonada qo‘shimcha elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlari hamda avtomobil yo‘llarini barpo etish uchun 584 milliard so‘m, 145 ta kichik sanoat zonasi uchun 395 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

O’zLiDeP sanoatni innovatsion asosda tashkillashtirish, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi, ilmiy-texnologik hamda innovatsion tadbirkorlikni barqaror rivojlantirishni ustivor vazifa deb biladi. Bu borada yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar, nou-xaularni o‘zlashtirish, korxonalarda innovatsiyalarning joriy qilinishi, texnologiyalar transferini ta’minlash uchun texnopolislar, texnoparklar kabi erkin iqtisodiy hududlar va ilmiy-ishlab chiqarish klasterlarining barpo qilinishiga yo‘naltirilgan qonunchilikni yaratish va tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish kabi takliflarni ilgari suradi.

Yirik investitsiya loyihalarini infratuzilma bilan ta’minlash maqsadida 232 milliard so‘m ko‘zda tutilgani, rivojlanishdan ortda qolgan 33 ta tumanda sanoat va biznesni jadal rivojlantirish uchun 264 milliard so‘m ajratilishi ayni muddao bo‘ldi. Bundan buyon biz deputatlar mazkur mablag‘larni ajratilishi va maqsadli ishlatilishi ustidan ta’sirchan parlament va deputatlik nazoratini o‘rnatishimiz lozim bo‘ladi.

Yig‘ilishda endigi eng muhim masala erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalaridagi loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish ekani aytilib, joriy yilda erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 1,1 milliard dollar bo‘lgan 332 ta loyiha, kichik sanoat zonalarida umumiy qiymati 9,5 trillion so‘m bo‘lgan 1 ming 800 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgani ta’kidlandi. Bu loyihalar esa yurtimizda sanoatni yanada rivojlantirish, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishda muhim omildir.

Xulosa o‘rnida aytganda, erkin iqtisodiy zona — bu yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, yuqori texnologik ishlab chiqarishni rivojlantirish, zamonaviy raqobatbardosh, import o‘rnini bosuvchi, eksportga yo‘naltirilgan tayyor sanoat mahsulotini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga faol jalb etish maqsadida tashkil etiladigan hududdir. Uni tuzishdan maqsad eng avvalo, mamlakatni yoki alohida olingan hududni strategik rivojlantirishga doir vazifalarini, ya’ni tashqi savdo, umumiqtisodiy, ijtimoiy, hududiy va ilmiy-texnik masalalarni hal qilishdan iborat bo‘ladi.

Botirbek TO’RAZODA,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi

 

  • Ko'rildi
    191
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+