Taajjub! Mutlaq monopol kompaniya ham zarar ko‘radimi?

11.05.2021, 09:38

Taajjub! Mutlaq monopol kompaniya ham zarar ko‘radimi?

Ko‘pchilik yaxshi xabardor, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi o‘z rasmiy saytida 2020 yil yakuni bo‘yicha moliyaviy hisobotlar tahlili natijasiga ko‘ra, hisobot topshirgan 1903 ta davlat korxonasining eng yuqori sof foyda olgan 20 ta va eng ko‘p zarar ko‘rgan 10 ta korxona ro‘yxatini shakllantirdi.

Haqli savol tug‘iladi? Zarar ko‘rgan 10 ta korxonalarning aksariyati ichki bozorda monopol degan mavqega ega bo‘lsa, qanday qilib ziyon ko‘rishi mumkin? Axir hech qanday raqobatchisi bo‘lmagan kompaniya ham zarar ko‘radimi!?

Misol uchun O’zbekiston havo yo‘llarini olaylik. Mustaqillikning dastlabki yillaridan toki shu kungacha bu sohada yakka hukmron. Samolyot chipta narxlariga ham xohlagan narxni belgilaydi. Uzoqqa bormaylik. Shu kecha kunduzdagi narx-navo haqida gapiraylik. Odatda 2-3 million so‘m turadigan chiptalar bugungi kunda 10-11 million atrofida. Bundan aholi kompaniya ko‘rilgan zararni shu yo‘sinda qoplayotgan ekanda degan xulosaga kelishi tabiiy hol. Xalqni bu zaylda chalg‘itish adolatdan emas.

Shu ma’noda O’zLiDeP monopoliyaning hech qanday ko‘rinishiga yo‘l qo‘ymaslik va raqobat muhitini qo‘llab-quvvatlash degan g‘oyani ilgari surib kelmoqda.  Zero, bozor iqtisodiyotiga o‘tgan har qanday davlatda, sog‘lom raqobat va adolatli savdo qoidalari hukmron bo‘lishi kerak. Chunki, sog‘lom raqobat mehnat unumdorligini oshiradi, yangi ish joylarini yaratish, innovatsiyalar rivoji, eng muhimi, iste’molchilar farovonligini ta’minlaydi. Sog‘lom raqobat narxlar pasayishi, tovar-xizmatlar sifati yaxshilanishiga olib keladi.

Umuman olganda, tabiiy monopol holatdagi korxonalarning o‘z mavqelarini suiste’mol qilish holatlari, ularning raqobatni rivojlantirishdan manfaatdor emasligi mamlakat iqtisodiyotining globallashuv sharoitidagi raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shundan ekan, monopol korxonalarga berilayotgan imtiyozlarni kamaytirish va muvofiqlashtirish orqali mamlakatda qisqa, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolli kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish va ushbu yo‘lda qat’iy davom etish dolzarb masalalaridan hisoblanadi.

Mazkur ishlarni iqtisodiyotning har bir tarmog‘ida tizimli ravishda tahlil qilib borish, raqobat muhitiga ijobiy yoki salbiy ta’sir etuvchi omillarni aniqlash hamda xorijiy mamlakatlarning bu boradagi ilg‘or tajribalarini hisobga olgan holda mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini ta’minlashga qaratilgan qonunchilik asoslarini takomillashtirishga oid takliflar va tavsiyalar ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 6 iyul kuni imzolagan “Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimiz iqtisodiyotida erkin raqobat muhitini ijobiy tomonga keskin o‘zgartirishga qaratilgan xujjat desak xato bo‘lmaydi.

Biz farmonda belgilangan vazifalar ijrosini tizimli davom ettirish tarafdorimiz. Shu ma’noda farmonda ko‘zda tutilgan tizimli choralar davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning bozorlardagi monopol mavqeyini qisqartirish, imtiyoz va preferensiyalar berish tizimi samaradorligini oshirish, narxlarning bozordagi talab va taklifning o‘zgarishiga qarab shakllanishi kabi omillar evaziga milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

O'zLiDeP matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    246
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+