Temir yo‘l sohasida hamkorlikning kuchayishi hayotimiz farovonlashuviga ijobiy turtki beradi

21.05.2021, 10:23

Temir yo‘l sohasida hamkorlikning kuchayishi hayotimiz farovonlashuviga ijobiy turtki beradi

Temir yo‘llar tarmog‘i iqtisodiyotimiz rivojida nihoyatda muhim va katta mavqega ega.

2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan Harakatlar strategiyasi doirasida barcha soha va tarmoqlar singari, temir yo‘l tizimida ham tub islohotlar amalga oshirildi va bu jarayon davom etmoqda. O’zgarishlar xalqimiz hayotida o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatmoqda. Xususan, hozirgi vaqtda mamlakatimiz bo‘yicha jami yuklarning 60 foizdan, yo‘lovchilarning esa 75 foizdan ortig‘i temir yo‘l transporti orqali manzillariga yetkazilmoqda.

O’zbekiston boshqa sohalarda bo‘lgani singari mazkur yo‘nalishda ham boshqa davlatlar bilan hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Rossiyskiye jeleznыe dorogi” kompaniyasi  bosh direktori – boshqaruvi raisi Oleg Belozyorovni qabul qilgani mazkur muhim sohada xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirish ham davlatimiz rahbarining diqqat markazida turganini anglatadi.

Shu o‘rinda Rossiya Federatsiyasi temir yo‘llarining uzunligi bo‘yicha dunyoda uchinchi, elektrlashtirilishi borasida esa ikkinchi o‘rinda turishini qayd etish zarur. Temir yo‘l infratuzilmalari sifati, samaradorligi bo‘yicha ham  jahonda peshqadamlardan biri.

Albatta, sohada ulkan salohiyatga ega ana shunday davlat bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, tajriba almashishdan manfaatdormiz. 

 Muloqotda temir yo‘l aloqalari sohasidagi manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlari hamda butun mintaqaning tranzit salohiyatini samarali ishga solishga qaratilgan yirik infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surish yo‘llari ko‘rib chiqildi. Amaliy sheriklikni kengaytirish, jumladan, mamlakatimizda temir yo‘llar tizimini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik qilish, yuk tashishlar hajmini ko‘paytirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish va boshqa tegishli masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

“RJD” rahbari Oleg Belozyorov tarmoq kompaniyalari temir yo‘llar sohasidagi sheriklikda ustuvor vazifalarni amalga oshirishda keng ko‘lamda hamkorlik qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Pirovardda, mamlakatimizda makur tarmoq yanada takomillashadi,  shuningdek, xalqaro temir yo‘llar tashuvi tizimi imkoniyatlari kengayadi. Hamkorlikning kuchayishi iqtisodiyotimizda yuksak natijalarni qo‘lga kiritishga, xalqimiz hayoti yanada farovonlashuviga ijobiy turtki beradi.  

Botir Mardayev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    310
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+