Yurtdoshlarimizning yaxshi yashash istagi to‘la ro‘yobga chiqmoqda

03.06.2021, 09:51

Yurtdoshlarimizning yaxshi yashash istagi to‘la ro‘yobga chiqmoqda

 “Odamlar ertaga emas, uzoq kelajakda emas, bugun yaxshi yashashni istaydi”. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev faoliyatining dastlabki davrlarida ana shu fikrni bot-bot ta’kidlagan edi.  

Keyingi yillarda yurtdoshlarimizning yaxshi yashash istagi to‘la ro‘yobga chiqa boshladi, deya dadil aytish mumkin. Zero, barcha jabhalarda yangilanish, bunyodkorlik jarayonlari jadal kechmoqda. Xususan, butun mamlakatimiz ulkan qurilish maydoniga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yangi-yangi korxona va turar-joylar, yo‘l va ko‘priklar, infratuzilma ob’ektlari, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport maskanlari barpo etilmoqda. Hozirgi vaqtda birgina ijtimoiy soha yo‘nalishida respublikamizda 2,5 mingga yaqin ob’ektda qurilish, kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Muhimi, bu boradagi ishlar miqyosi tobora kengayyapti, sifati esa oshyapti. Erishilgan natijalar bilan qanoatlanib qolish,  xotirjamlikka berilish kayfiyati sezilmayapti.

Davlatimiz rahbari kuni kecha turizm, shahar infratuzilmasi, sanoat sohalaridagi loyihalar hamda Alisher Navoiy maqbarasini ta’mirlash va tiklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi.

Loyihalarga ko‘ra Chirchiq daryosining Toshkent shahridan o‘tgan qismi bo‘ylarida zamonaviy uy-joylar, dam olish maskanlari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish inshootlari quriladi. Yana bir loyihaga asosan  Toshkent xalqaro aeroportidan shahar markaziga o‘tuvchi ko‘prik kengaytiriladi. Shuningdek, Toshkent texnoparkida talay investitsiya loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Milliy bog‘ hududida barpo etilayotgan Magic City madaniyat va istirohat bog‘i bunyod etilishining ikkinchi bosqichi boshlanadi.

 Buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning Hirot shahridagi maqbarasini ta’mirlash va tiklash, uning atrofini obodonlashtirish loyihasi ham tez kunlarda amalga oshiriladi.  Alohida qayd etish zarurki, daho shoirimizga ehtiromning ushbu amaliy ifodasi xalqimizning ayni ko‘nglidagi ish bo‘ladi.     

 Hademay ro‘yobga chiqadigan bu loyihalar shahar infratuzilmasi yanada yaxshilanishiga, sanoat va turizm yo‘nalishlari rivojlanishiga xizmat qiladi. Minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Demak, xalqimiz turmushi yanada farovonlashadi.  

To‘lqin FAYZIYEV,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi raisi

  • Ko'rildi
    320
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+