Qishloqlardagi ishsiz odamlar uchun beqiyos imkoniyatlar yaratilyapti

09.06.2021, 11:02

Qishloqlardagi ishsiz odamlar uchun beqiyos imkoniyatlar yaratilyapti

Ba’zan ertalablari poytaxtimizdan viloyatga chiqaman.  Shunda har gal  Toshkent shahriga kirib kelayotgan turli-tuman avtomobillarning oxiri ko‘rinmaydigan tig‘iz oqimiga,  hosil bo‘layotgan ulkan tirbandliklarga ko‘zim tushadi. Shaharga kirib kelayotganlarning katta qismi ishga – katta-kichik korxonalar, savdo-sotiq, transport va boshqa xizmatlar ko‘rsatish nuqtalariga  yo‘l olgani hammamizga ma’lum. Boshqa yirik shaharlarimizga kirish yo‘llarida ham ahvol shunday bo‘lsa kerak. Chunki qishloq joylarda ish masalasi qiyin ekani hech kimga sir emas. Prezidentimiz boshlab bergan ochiqlik, oshkoralik siyosati tufayli bu muammoni tegishli idoralar mas’ullari ham tan olmoqda.     

Ikki oy oldingi ma’lumotlarga ko‘ra, 18-30 yoshlilar orasida rasmiy ishsizlik 17 foizni tashkil qilyapti. Ishsizlarning katta qismi qishloqlarda yashovchi yurtdoshlarimizdan iborat. Endilikda qishloq joylardagi mehnat qilishga ishtiyoqi bor, lekin ish topolmayotgan odamlar uchun katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishida bu borada ham aniq vazifalar belgilandi. Qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik va xizmatlarni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda chorva, parranda va baliq mahsulotlarini ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan mazkur majlisni tom ma’noda tarixiy deyish mumkin.

– Viloyatlar va tumanlar hokimlari, sektor rahbarlari g‘alladan bo‘shagan maydonlarni ishsiz aholiga adolatli ajratib, ularga eksportyor va klasterlarni biriktirsin, –dedi Prezidentimiz.

Umuman, g‘alladan bo‘shaydigan yerlarning 800 ming gektari ishsiz aholiga bozorbop takroriy ekin ekish uchun beriladi. Bunda, ishsiz aholi va yoshlarga yerni ijaraga bergan klaster hamda fermerlar ushbu yer maydoni uchun soliqdan ozod qilinadi. 

Bu orqali qariyb 1,5 million aholini mavsumiy ish bilan ta’minlab, daromadli qilish mumkin.

 Shuni hisobga olish kerakki, hozircha bekor yurganlarning barchasini yer ilmidan,  dehqonchilikdan xabardor, deb bo‘lmaydi.  Ularga bu borada yordam berish lozim. Endilikda O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti” tomonidan o‘tkazilayotgan “Tadbirkorlikka ilk qadam” loyihasi doirasi kengaytirilib,  ixtiyoriga yer beriladigan kishilar ham to‘liq qamrab olinadi, ularga agrar soha bo‘yicha saboqlar beriladi. Shuningdek, yaqin kunlarda “Zamonaviy kasblar mahorat maktabi” loyihasi yo‘lga qo‘yiladi. Unda navqiron avlod vakillariga, jumladan, ilg‘or agrotexnologiyalar, dehqonchilikning innovatsion uslublari bo‘yicha ham darslar o‘tilishi rejalashtirilyapti.

Partiyamiz faollari davlatimiz rahbarining mazkur yig‘ilishda bergan boshqa  topshiriqlari, belgilangan vazifalarini  ham amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, amalga oshirishga qaratilgan ishlarga kirishmoqda.     

Behzod Isroilov,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi xodimi    

  • Ko'rildi
    351
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+