O’zbekiston – Tojikiston: o‘zaro munosabatlar yangi o‘sish bosqichida

11.06.2021, 17:48

O’zbekiston – Tojikiston: o‘zaro munosabatlar yangi o‘sish bosqichida

O’zbekiston va Tojikiston xalqlarini birodarlikning o‘ziga xos rishtalari bog‘lab turadi. Asrlar mobaynida yonma-yon, bir oila a’zolaridek, ahil-inoq yashab kelayotgan bu ikki xalq xursandchilikda ham, g‘amda ham doimo birga bo‘lganlar. Bu ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalqdir.

Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli qo‘shni mamlakatlarning munosabatlari teng huquqli va o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikning yangi darajasiga ko‘tarildi. Ikki mamlakat xalqlari so‘nggi bir necha yil ichida o‘zbek-tojik munosabatlari rivojida yuz bergan beqiyos o‘zgarishlarning shohidi bo‘lmoqdalar.

Bularning barchasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi davomida o‘z aksini topdi. Yuqori darajadagi uchrashuvlar davomida o‘zbek-tojik mamlakatlarining do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sherikchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar strategik sherikchilikni rivojlantirish uchun aniq choralarni amalga oshirishga qat’iy sodiqligi va tayyorliklarini bildirdilar. Aytish joizki, O’zLiDeP faollari va uning deputatlik korpusi umumiy tarix, madaniyat, din, ma’naviy qadriyatlar va an’analarni chambarchas bog‘lab turgan O’zbekiston va Tojikiston xalqlarining ko‘p asrlik do‘stona aloqalarini qadrlaydilar.

Ishonchli munosabatlar darajasi shu bilan belgilanadiki, Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning “tet-a-tet” formatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ikkala davlat rahbarlari o‘zbek-tojik strategik sherikchiligi, ko‘p qirrali o‘zaro harakatlarini har tomonlama ko‘rib chiqib, konstruktiv siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va qat’iy rivojlanish, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida o‘zaro harakat masalalari bo‘yicha fikr almashildi.

Shu nuqtai nazardan biz tadbirkorlar, ishbilarmonlar va fermerlar manfaatlarini himoya qiluvchi partiya sifatida rasmiy tashrif natijalarini tahlil qilishda amaliy hamkorlikni rivojlantirishning aniq loyihalarini uzoq muddatli istiqbolga ilgari surishga ko‘mak beruvchi ko‘p qirrali o‘zaro harakatlardagi o‘sha yangi “o‘sish nuqtalari”ga alohida e’tibor qaratdik.

Albatta, buning uchun zarur baza ham mavjud. Masalan, 2017 yilda tovar aylanmasi 70 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yil natijalariga ko‘ra, hatto pandemiya sharoitlariga qaramay, bu ko‘rsatkich 500 million dollarni tashkil etdi. Tashrif oldidan mintaqalar forumi o‘tkazilib, unda tahminan 700 million dollar miqdordagi aniq loyiha va bitimlar imzolandi.

Partiyamiz yangi “o‘sish nuqtalari” kelasi yildan boshlab tovar aylanmasining ikki barobar o‘sishiga turtki bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Elektoratimiz tomonidan tovar aylanmasini oshirish, viloyatlar salohiyatini ishga solish, iqtisodiyotning turli sohalarida sanoat kooperatsiyasini oshirish, transport sohasida o‘zaro harakatni, xususan, ikkala mamlakat shaharlari o‘rtasidagi transport aloqalarini kengaytirish kabi hamkorlik yo‘nalishlari ajratib ko‘rsatilmoqda.

Fikrimizcha, o‘zaro mahsulotlar yetkazishni kengaytirish, uchinchi dunyo mamlakatlari bozoriga birgalikda chiqish imkoniyatlarini izlash zarur. Ishonchimiz komilki, Tojikiston tomon bilan erkin savdo tartibidagi musodara qilishlarni bekor qilish va tarifsiz to‘siqlarni bartaraf qilish muammolari bo‘yicha kelishib olish lozim. Chegaraoldi hududlari tadbirkorlari Tojikiston bilan hamkorlikda Chegaraoldi savdo markazi tashkil etish tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydilar.

O’zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi keyingi “o‘sish nuqtasi” ikki mamlakat viloyatlari hamda yetakchi korxonalari o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘lishi mumkin. Bu ikkala mamlakatda o‘zbek avtomobillarini yig‘ish, zamonaviy transformatorlar, qishloq xo‘jalik asbob-uskunalari, maishiy texnika, kalava ip va gazlama ishlab chiqarishni rivojlantirish va boshqa qo‘shma loyihalarga taalluqlidir.

Bularning barchasini ilg‘or chet el tajribasi asosida yangi qo‘shma investitsiya kompaniyasi doirasida tashkil etish va uning imkoniyatlaridan maksimal ravishda loyihalarni ilgari surishda foydalanish mumkin. Bu borada qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” alohida e’tiborga molik.

O’sish sharoitlarida O’zbekiston va Tojikiston iqtisodiyoti ikkala mamlakatning ulkan gidroenergetik salohiyatidan samarali foydalanish va suvdan foydalanish masalalari bo‘yicha o‘zaro manfaatli muloqotni amalga oshirishni talab etadi. Zarafshon daryosida GES qurish to‘g‘risidagi loyiha bo‘yicha qo‘shma aksionerlik jamiyati tashkil etish haqidagi kelishuv bu yo‘nalishdagi aniq qadamlardan biri bo‘ldi.

Shu va boshqa “o‘sish nuqtalari” O’zbekiston va Tojikiston Prezidentlari tomonidan imzolangan Qo‘shma bayonotda aks etgan bo‘lib, unda ikki mamlakat o‘rtasida ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli hamkorlik, strategik sherikchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish, kengaytirish bo‘yicha asosiy kelishuvlar uzoq muddatli vazifalar belgilangan. Energetika, transport, avtomobilsozlik, elektrotexnika, tog‘-kon va yengil sanoat, ilm-fan, ta’lim, sport va boshqa sohalarni qamrab olgan 35 ta hujjat shular jumlasidandir.

Mubolag‘asiz aytish mumkinki, keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarda ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ularni O’zbekiston va Tojikistondagi millionlab odamlar o‘z hayotida his etmoqda. Bu O’zbekiston – Tojikiston munosabatlarining yangi modeli, yangi muhitida o‘z aksini topmoqda. Barcha sa’y-harakatlar va amaliy ishlar xalqlarimiz manfaatlari va orzu-intilishlariga to‘liq mosligi yanada ahamiyatlidir.

Prezidentimiz o‘z vazifasiga kirishgan ilk kunlardanoq o‘zaro munosabatlardagi muzlar eridi, xalqlarimiz bir-biri bilan yana topishdi. Yillar davomida qarindosh-urug‘lari, do‘stlari va yaqinlari bilan diydor ko‘rishish imkonidan bebahra bo‘lgan odamlarning kayfiyati ham o‘zgardi. O’zbekiston va Tojikistonning mana shu 4-5 yil ichida o‘zaro munosabatlarda erishgan yutuqlarini boshqa mamlakatlarga bemalol namuna qilib ko‘rsatsa bo‘ladi. Buni xalqaro ekspertlar ham e’tirof etayotir.

Xulosa shuki, bo‘lib o‘tgan rasmiy tashrif natijalari ikki birodar davlat va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish, ko‘p qirrali sherikchilikni kengaytirish bo‘yicha yangi aniq natijalarga erishish uchun mustahkam negiz yaratdi. Bu munosabatlarimizda yangi davr boshlanganidan dalolatdir.

Aktam Haitov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    1219
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+