Investitsiyalar va eksportni oshirish zarurati

26.06.2021, 15:10

Investitsiyalar va eksportni oshirish zarurati

Iqtisodiyotda investitsiyalarni keng miqyosda jalb etish ko‘plab sohalar, tarmoqlar va hududlarga yangi texnologiyalar, yuksak malakali mutaxassislar kirib kelishiga xizmat qilishi ma’lum. Chunki investitsiya har qanday mamlakatning iqtisodiyotini harakatga keltiruvchi, uning taraqqiyotini ta’minlovchi muhim kapitaldir.

Mamlakatimizda 2017 yildan boshlab barcha manbalar hisobidan 716 trillion so‘m yoki oldingi davrga nisbatan 2 baravardan ziyod investitsiyalar o‘zlashtirilgani yangi O’zbekistonda iqtisodiyot va infratuzilmani rivojlantirish, dolzarb loyihalarni mablag‘ bilan ta’minlash maqsadida faol investitsiyaviy siyosat olib borilayotganidan dalolat beradi.

O’zlashtirilgan investitsiyalarning deyarli 65 foizi sanoat va infratuzilma loyihalariga to‘g‘ri kelgani tufayli so‘nggi 4 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti tarkibida sanoatning ulushi 25 foizdan 33 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi esa 1,3 baravarga o‘sgan. Eng muhimi, bu davrda 441 trillion so‘mlik 47 mingdan ziyod yirik, o‘rta va kichik loyihalar ishga tushirilishi hisobiga 680 mingdan ortiq doimiy yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Investitsiya va eksport sohalaridagi ishlar natijadorligi, yil yakunigacha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlab joriy yil 24 iyun kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida investitsiyalarning natijadorligi chuqur tahlil qilinib, bu yo‘nalishda aniq vazifalar belgilab berildi.

Mamlakat iqtisodiyotining taraqqiyoti bevosita investitsiyalar oqimiga bog‘liqligini inobatga olsak, xorij investitsiyalarini keng miqyosda jalb qilish — iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, mamlakatning eksport salohiyatini mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi. Demak, olib kelingan har bir dollar xalqimizga, hududlar va tarmoqlarga o‘zining ijobiy natijasini berishi lozim.

Tahlillarga e’tibor bersak, ajratilgan har bir milliard so‘m evaziga Namanganda 12 ta, Andijonda 11 ta, Navoiy va Sirdaryoda 8-9 tadan yangi ish o‘rni yaratilgan. Bu ko‘rsatkich Buxoro, Samarqand va Xorazmda 6-7 ta, Qashqadaryo va Farg‘onada 5 taga to‘g‘ri kelgan. Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida esa atigi 3-4 tani tashkil etgan.

Birgina Toshkent viloyatiga oxirgi 4 yilda yo‘naltirilgan 950 million dollar xorijiy investitsiya va bank kreditlari hisobiga atigi 40 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan. Ya’ni bir ish o‘rni 24 ming dollarga to‘g‘ri kelmoqda. Vaholanki, Namangan viloyatida 2 baravar kam mablag‘ sarflanib, 52 mingta ish o‘rni ochilgan.

Yig‘ilishda 2 mingdan ziyod korxona past quvvatda ishlayotgani, ayrim tumanlarda ishlab chiqarish hajmi kamaygani qayd etilib, tarmoq va hudud rahbarlarining asosiy vazifasi investitsiyaviy faollikni kuchaytirish bilan birga, ularning samaradorligini oshirish bo‘lishi kerakligini ta’kidlandi. O’z navbatida, investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga, har bir tuman va shaharda sanoat bo‘yicha ishga solinmagan imkoniyatlarni aniqlab, manzilli investitsiya loyihalarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Hozirgi kunda barcha hududlarda mebellarga talab, ularni tayyorlashga sharoit bor. Davlatimiz rahbarining joriy yil 21 iyundagi tegishli qarori bu soha uchun imkoniyatlarni kengaytirdi. Xususan, bir qator tuman va shaharlarda mebelsozlikka ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari tashkil etilib, 200 million dollarlik 450 ta loyiha joylashtirilishi va kamida 7,5 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi orqali ming-minglab fuqarolarimiz doimiy ish joyiga ega bo‘ladi, shuncha odamlarning qora qozoni qaynaydi, hayotdan rozi yashaydi.

Yana bir muhim jihat, yurtimizdagi 5 mingdan ziyod mebel korxonasidan 1 ming 500 tasi xonadonlarda joylashgan. Endi ularni sanoatlashtirish, mahsulotlarni va ish o‘rinlarini yanada ko‘paytirish mumkin. Shu sababli bunday ishlarni charm-poyabzal, elektr texnikasi, to‘qimachilik, farmatsevtika, zargarlik, qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoati sohalarida ham amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Joriy yilda charm-poyabzal sanoatida 202 million dollarlik 112, elektr texnikasi tarmog‘ida 140 million dollarlik 45, farmatsevtika yo‘nalishida 146 million dollarlik 36 ta loyihani o‘z vaqtida ishga tushirilishi natijasida hududlarda ishlab chiqarish ko‘lami kengayadi, eksport hajmi oshadi.

Yig‘ilishda bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish masalasiga ham e’tibor qaratilib, bugungi kunda bo‘sh turgan va past quvvatlarda ishlayotgan yana 19 mingta ob’ekt borli qayd etildi. Mutasaddilarga ularni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, elektron platformasini yaratish, tadbirkorlar bilan uchrashib, loyihalarni amalga oshirishga yordam berish vazifasi qo‘yildi.

Albatta, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan taraqqiy etishi, barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishi, aholi daromadlarining oshishi, turmush sharoitining yaxshilanishi aksariyat holatlarda milliy iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlariga jalb etilayotgan investitsiya mablag‘larining hajmi va tarkibiga bog‘liq. Investitsiya loyihalarini amalga oshirish esa barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga, pirovardida mamlakatimiz taraqqiyotini yuksaltirish, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Xulosa o‘rnida atganda, bugun hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Puxta o‘ylangan, chuqur tahlil asosida yo‘naltirilgan investitsiya mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun lokomotiv vazifasini o‘taydi. Bu jarayonda investitsiyalarni nafaqat iqtisodiyot tarmoqlariga, balki ilmiy ishlanmalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish g‘oyat muhimdir. Zotan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar bilan nafaqat zamonaviy texnologiyalar, tijorat tajribalari, balki jahon standartlariga mos va xos raqobatbardosh ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ham mumkin.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    486
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+