Poytaxtimiz issiqlik ta’minoti tizimi yuksak rivojlangan davlatlarnikidek bo‘ladi

03.08.2021, 17:38

Poytaxtimiz issiqlik ta’minoti tizimi yuksak rivojlangan davlatlarnikidek bo‘ladi

Mamlakatimizdagi aholi turmush sifati ta’minlanishi bilan bog‘liq barcha  tarmoq, yo‘nalishlar Prezidentimiz doimiy diqqat-e’tiborida. O’tgan besh yil ichida juda ko‘p ijtimoiy-iqtisodiy masalalar hal qilindi, xalqimiz farovonligiga xizmat qiluvchi ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Yaqin kunlarda esa issiqlik ta’minotini yaxshilashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga tatbiq qilinishi boshlanadi.        

Davlatimiz rahbari shu yil 2 avgust kuni Toshkent shahrida issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish loyihasi taqdimoti bilan tanishdi.

Toshkent aholi soni jihatidan ham, issiqlik tarmoqlarining ko‘lami bo‘yicha ham O’zbekistonning eng katta shahridir. Lekin magistral va tarqatish tarmoqlarning 72 foizi, markaziy qozonxonalarning hammasi, mahalliy qozonxonalarning 90 foizi eskirgan. Xizmat sifati pastligi aholining jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Shu bois 2019 yil 2 dekabrda «Toshkent shahrining issiqlik ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident qarori qabul qilinib, tizimda bozor tamoyillari va davlat-xususiy sheriklikni joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi.

O’tgan davrda bu borada loyiha konsepsiyasi tayyorlanib, takliflar olish uchun tanlov e’lon qilindi. Osiyo taraqqiyot bankining xulosasiga ko‘ra, Fransiyaning Veolia kompaniyasining loyihasi eng samarador deb topildi. Shu kunlarda Toshkent shahar hokimligi bilan kompaniya o‘rtasida xususiy sheriklik shartnomasi imzolanishi kutilmoqda.

1,4 mlrd yevro evaziga 181 ta issiqlik qozonxonasi modernizatsiya qilinishi, 28 mingta issiqlik punkti o‘rnatilishi, 841 kilometr tarmoq rekonstruksiya qilinib, 576 kilometr tarmoq yangidan qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 391 ta maxsus avtomashina va boshqa uskunalar sotib olinadi. Xalqaro darajadagi texnik audit va billing tizimi joriy etiladi.

Prezident taklif etilayotgan loyihani Toshkent shahridagi mavzelardan birida namuna sifatida joriy etib, samaradorligini tajribadan o‘tkazish, har tomonlama chuqur o‘ylab, qaror qabul qilish zarurligini ta’kidladi.

Qisqasi, issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiyalashga juda katta kuch va mablag‘lar yo‘naltirilmoqda. Bu ulkan sa’y-harakatlar kutilgan ijobiy natijalarni berishi aniq.  

Ravshan FOZILOV,

O’zLiDeP Toshkent shahar Kengashi raisi,

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati.

  • Ko'rildi
    310
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+