Toshkent viloyatining ertangi kuni – sanoat

13.08.2021, 09:15

Toshkent viloyatining ertangi kuni – sanoat

Toshkent viloyati O’zbekistonning eng yirik hududlaridan biri. Unda 7 ta shahar va 15 ta tuman joylashgan. E’tiborlisi, viloyatning sanoat salohiyati ham hududiga yarasha –  juda katta.  Viloyatda 6,5 mingdan ortiq sanoat korxoasi ishlab turibdi. Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan jami sanoat mahsulotlarining qariyb 16 foizi mazkur mintaqa hissasiga to‘g‘ri kelyapti.   

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev to‘rt yil muqaddam Toshkent viloyatiga tashrif buyurganida “Toshkent viloyatining ertangi kuni bu – sanoat” deya ta’kidlagandi. Darhaqiqat, shunday.

Keyingi yillarda  davlatimizning har jihatdan  qo‘llab-quvvatlashi tufayli ushbu viloyatning sanoati yanada taraqqiy etdi, eng yangi texnologiyalarga asoslangan ko‘plab korxonalar ish boshladi, eksport hajmi ancha oshdi. Lekin erishilgan natijalar bilan qanoatlanib qolmaslik, xotirjamlikka berilmaslik kerak.  

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev  kuni kecha Toshkent viloyatida sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Shu yil 3 avgust kuni bo‘lib o‘tgan birinchi yarim yillikdagi iqtisodiy natijalar tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz Toshkent viloyatida sanoat rivoji uchun qulay sharoitlar borligi, bu sohada jiddiy o‘zgarish qilish zarurligini ta’kidlagan edi.

Shundan kelib chiqilib, majlisda qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Qayd qilinganidek, viloyatdagi  iqtisodiy o‘sish sur’atlari respublikamizdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past. Ortda qolishni barataraf etish uchun yangi loyihalarni amalga oshirish, kam quvvatda ishlayotgan yoki to‘xtab qolgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish orqali hududiy sanoatni rivojlantirish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan. Shuningdek, transport-logistika, xizmatlar, qishloq xo‘jaligi, qurilish sohalari ustuvor yo‘nalish etib belgilangan. Yig‘ilishda ushbu sohalarda amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar taqdimot qilindi.

Majlisda viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi imkoniyatlar ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatida imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanilmayotganini qayd etib, sanoat tarmoqlarida yangi loyihalarni ko‘paytirish, qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish muhimligini ta’kidladi. Yil yakuni bilan hududiy sanoat hajmini 40 foizga oshirish vazifasi qo‘yildi. 

Mavjud zavodlar faoliyatini kengaytirish, sanoati rivojlanmagan tumanlarda korxonalar tashkil etish, yo‘l bo‘yi xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Majlisda belgilangan vazifalar boshqa ishlar qatori  tadbirkorlik sub’ektlarini yanada ko‘proq qo‘llab-quvvatlashni taqozo etmoqda. Demak, biz bu yo‘nalishdagi ishlarga e’tiborni yanada kuchaytirishimiz, jumladan, xususiy sektor duch kelayotgan qiyinchiliklar bartaraf etilishiga yangi, samaraliroq uslublar, yondashuvlar bilan ko‘maklashishimiz kerak.   

 Akbar Muzaffarov,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    290
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+