Yangilanish davriga yangicha tafakkur bilan qadam qo‘yaylik

02.09.2021, 16:11

Yangilanish davriga yangicha tafakkur bilan qadam qo‘yaylik

Jonajon Vatanimizning qutlug‘ o‘ttiz yillik to‘yini nishonlar ekanmiz, qalblarimiz o‘zgacha bir hayajon va iftixor hislari bilan to‘lib toshmoqda. Bu iftixor tuyg‘usini bizlarga Istiqlol berdi.

Mustaqillik o‘zligimizni, sha’nu qadr-qimmatimizni yuksaltirdi. Hayotimiz, turmush tarzimiz, fikru o‘yimiz, qarashlarimiz, yurt ertasiga ishonchimiz va e’tiqodimiz mustahkamlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ham bu haqda aniq dalillarga asoslangan fikrlar bildirildi.

Mamlakatimiz yangilanish davriga qadam qo‘ygan birinchi kunlardan boshlab ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosat yuritib kelinayotganligi, o‘tgan qisqa davrda Vatanimizning mintaqa va jahon miqyosidagi siyosiy o‘rni va nufuzi keskin oshib, dunyoda O’zbekistonga nisbatan ishonch ruhi va hamkorlikka intilish tamoyillari kuchayib borayotgani aytildi.

Eng quvonarlisi, mintaqamizdagi davlatlar bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari yo‘lga qo‘yilganidir.

Chegaralar ochilgani, odamlar qavmu qarindoshlari bilan aloqalarini tiklab, bir mamlakatdan ikkinchi davlatga emin-erkin borib kelayotgani xalqlarimizning yurt istiqboli va taraqqiyotiga bo‘lgan e’tiqodini yanada yuksaltirdi.

O’tgan davrda Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa mamlakatlar bilan samarali bitim va kelishuvlarga erishilgani, Amerika Qo‘shma Shtatlari va G’arb davlatlari bilan pragmatik hamkorlik sari yangi qadamlar tashlanayotgani O’zbekistonni dunyo sari yuzlanayotgani va dunyo ham yurtimizga intilayotganini ko‘rsatmoqda.

Jonajon yurtimizdagi bu yangilanishlar bardavom bo‘lsin! Barcha yurtdoshlarimizni Vatanimizning qutlug‘ 30 yillik shodiyonasi bilan qutlar ekanman, Yangi O’zbekistonni barpo qilishda birgalikda, hamjihatlikda harakat qilaylik, deyman. Yana bir karra eng ulug‘, eng aziz ayyomimiz barchangizga qutlug‘ bo‘lsin!

Dilbar Usmonova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

***

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida milliy iqtisodiyotimizda haqiqiy bozor munosabatlarini joriy etish, shu asosda mamlakatimizni taraqqiy ettirish uchun tadbirkorlarga bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratib berish borasida fikrlar bildirildi. Nega deganda, tadbirkor – iqtisodiyotning, islohotlarimizning asosiy tayanchi va lokomotivi, mana shu haqiqatni hech kim unutmasligi kerak, deya ta’kidlandi.

Vatanimizning 30 yillik qutlug‘ to‘yi nishonlanayotgan shu kunlarda mamlakatimizda ko‘plab yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilayapti. Jumladan, yaqinda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining qiymati 2 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan 3-mis boyitish fabrikasi qurilishiga tamal toshi qo‘yilgani, Navoiy viloyatining Karmana tumanida 110 million dollar investitsiya hisobidan quyosh elektr stansiyasi ishga tushirilgani, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida ikkita yangi zavod – azot kislotasi hamda ammiak va karbamid ishlab chiqarish korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani so‘zimizga yaqqol misol bo‘la oladi.

Bunday muhim voqealar milliy sanoatimiz tarixida yangi davr boshlanayotganidan dalolat beradi. Yurtimizda kichik va xususiy biznes sub’ektlari ikki barobar ko‘payib, sohada 1 million 400 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu korxonalarning yarmidan ko‘prog‘i keyingi uch yilda tashkil etilgani alohida ahamiyatga ega. Tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirish maqsadida 16 ta qonun, 100 dan ziyod qaror qabul qilindi. O’tgan bir yil davomida litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi hamda ularni berish muddatlari qisqartirildi.
Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida barcha tekshiruvlar uchun moratoriy e’lon qilindi.

Prezidentimiz nutqida aytilgan bu imtiyoz va yengilliklar mamlakatimizda tadbirkorlikni yanada avj olishida muhim ahamiyat kasb etadi. Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz Mustaqilligimizning 30 yilligi bilan yurtdoshlarimizni qizg‘in tabriklar ekanman, Yangi O’zbekistonni barpo etish yo‘lida har biringizga quch-quvvat va muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilayman.

Hazratqul Xo‘jamqulov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

***

Mustaqillik xalqimizning baxtu iqboli, sha’ni, qadr-qimmati, huquqi va erkinligidir. Ana shu ulug‘ ne’matdan bahra olayotganimizga mana 30 yil to‘ldi. Bu ulug‘ bayramni xalqimiz o‘zgacha shodu xurramlik bilan nishonlamoqdalar. Kuni kecha xalqimizning faxru g‘ururi timsoli sifatida qad rostlagan “Yangi O’zbekiston” majmuasi ochilganini ko‘rib, juda quvondim. Prezident Shavkat Mirziyoyevning O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida e’tirof etilgan hayotbaxsh fikrlarni eshitganimda esa yuragimda faxr tuyg‘ulari uyg‘ondi.

Albatta, tan olish kerak, Mustaqillik yillarida barcha sohalarda bo‘lgani kabi tibbiyot sohasi ham jadal rivojlanish bosqichiga o‘tdi. Birgina misol: 2016 yilda mavjud bo‘lgan 800 ta “Tez yordam” shoxobchasining soni bugunga kelib 1 ming 666 taga yetkazildi. Tez tibbiy yordam brigadalari soni esa 1 ming 648 tadan 2 ming 685 taga ko‘paytirildi. Ilgari ko‘plab yurtdoshlarimiz murakkab tibbiy operatsiyalarni o‘tkazish uchun chet ellarga borishga majbur edi.
Keyingi yillarda tibbiyot sohasini rivojlantirishga oid islohotlar natijasida bunday amaliyotlar endi o‘zimizda ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Mana, olaylik, Respublikamiz aholisiga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatayotgan markazlar soni 2016 yilda 10 tani, ularning hududiy filiallari esa atigi 2 tani tashkil etardi. Bugungi kunda bunday markazlarning soni 20 taga yetkazildi, joylarda esa 124 ta filial faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 2021 yil uchun davlat budjetida 3 trillion so‘m zaxira shakllantirilib tibbiyot sohasining javokash, aholi sog‘lig‘ini saqlash va koronavirusga qarshi emlash choralari ko‘rilayotgani xalqimizni tezkor va samarador, sifatli tibbiy yordam bilan ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilayotganidan dalolat bermoqda.

Tibbiyot sohasi vakillarini, ular timsolida barcha yurtdoshlarimizni Mustaqilligimizning 30 yilligi bilan tabriklab, oilalariga qut-baraka, o‘zlariga bitmas-tuganmas sog‘lik-salomatlik tilayman.

Mavluda Ibragimova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O'zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    670
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+