Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari – bugunimiz va kelajagimiz

14.09.2021, 09:26

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari – bugunimiz va kelajagimiz

Yurtimizning barcha tarmoq va sohalarida raqamlashtirish jadal kechyapti va bu jarayon tobora kengayib va chuqurlashib boryapti. Lekin mazkur o‘zgarishlar o‘z-o‘zidan yuz bermayotganini ta’kidlash lozim.  Davlatimiz rahbari AKTni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratayotgani tufayli biz bu borada butun jahon bilan uyg‘un  taraqqiy etyapmiz. Ayniqsa, keyingi besh yil mobaynida bu yo‘nalish doimo davlatimiz diqqat markazida turgani, bugungi kunda esa e’tibor, g‘amxo‘rlik avvalgidan-da kuchayganini qayd etish zarur.

Prezidentimiz raisligida shu yil 10 sentabr kuni axborot texnologiyalari sohasida salohiyatli kadrlar tayyorlash va iqtidorli yoshlar bilan tizimli ishlash masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda axborot texnologiyalari bo‘yicha ta’lim sharoitlarini yaxshilash va qamrovini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Yil boshidan buyon  IT Park rezidentlari soni 35 foizga ko‘payib, ularda 6 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan. Joriy yilning 8 oyida ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlar 26 million dollarga eksport qilingan.  Ushbu loyihalar, umuman, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million dasturchi” loyihasi amalga oshirilmoqda. Hozirgacha bu loyiha doirasida 567 ming o‘g‘il-qiz bepul saboq oldi. E’tiborlisi, ularning 79 foizi maktab o‘quvchilaridir.

Bugungi kunda yurtimizda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 100 ta maktab faoliyat yuritmoqda. Kelgusi ikki yilda bunday muassasalarni 205 taga yetkazib, 30 mingdan ziyod o‘quvchilarni o‘qitish rejalashtirilgan.

Shu bois mutasaddilarga ushbu maktablar uchun pedagoglar, texnika va o‘quv dasturlarini hozirdan puxta tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Yana bir yangilik – joriy yil 1 oktyabrdan boshlab barcha hududlarda 14 ta IT-texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ularda dasturiy injiniring, axborot xavfsizligi telekommunikatsiya kabi yo‘nalishlar bo‘yicha 8 mingga yaqin o‘quvchi tahsil oladi.

Yig‘ilishda Prezident va ijod maktablari hamda ixtisoslashgan maktablarda ta’lim-tarbiya sifatini oshirish masalalari ham muhokama qilindi.

Bugungi kunda 4 ta Prezident maktabida 576 nafar, 3 ta ixtisoslashgan va 9 ta ijod maktabida 1 ming 500 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda.

Davlatimiz rahbari tarbiya jarayonida milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhi asosiy ahamiyat kasb etishi zarurligini ta’kidladi.

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, dunyoning ilg‘or  davlatlari IT texnologiyalar, startap g‘oyalar, kompyuter savodxonligiga juda katta e’tibor qaratyapti. Ular bilan samarali, tengma-teng hamkorlik qilish, iqtisodiyotimizning  jadal  o‘sishiga erishish uchun raqamlashtirish va yangi texnologiyalarni hayotimizga teran joriy etishimiz lozim.

Sharaf Azbergenov,

O'zLIDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi sektor mudiri

  • Ko'rildi
    292
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+