Ijtimoiy sohadagi ijobiy o‘zgarishlar kelgusida ham davom etadi

02.11.2021, 18:26

Ijtimoiy sohadagi ijobiy o‘zgarishlar kelgusida ham davom etadi

Keyingi besh yilda mamlakatimizda inson omili oliy qadriyat darajasiga ko‘tarildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Odamlar ertaga emas, bugun baxtli yashashni istaydilar”, degan tamoyilni ilgari surishi va bu davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanishida ham aynan shu mazmun-mohiyat mujassam.  Barchamiz ko‘rib-bilib turibmiz: majburiy mehnatga chek qo‘yildi,  aholi murojaatlari bilan ishlovchi samarali tizim yaratildi, odamlarni  uy-joy bilan ta’minlash borasida salmoqli ishlar qilindi, talay qishloq va mahallalarda yashash sharoiti yaxshilandi, ishsizlik kamaytirildi, bir qancha sohalar vakillarining maoshi oshirildi... Ijobiy o‘zgarishlarni yana uzoq sanash mumkin. Eng muhimi, O’zbekiston tarixida ijtimoiy soha bo‘yicha hech qachon bo‘lmagan bunday ko‘lamdor yangilanishlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 2022 yil uchun soliq tushumlari hamda budjet parametrlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda bildirilgan fikrlar  buni yana bir karra tasdiqlaydi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, odamlar hayotini yaxshilash bosh maqsad etib belgilangani, bu tamoyillar budjetni shakllantirishda ham bosh mezon bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

Shu bois kelgusi yilga mo‘ljallangan davlat budjeti loyihasida, avvalo, ijtimoiy yo‘nalishlarga katta e’tibor qaratilgan. Xususan, ta’lim va tibbiyot tizimiga 58 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz bu mablag‘ga qo‘shimcha tarzda yana 12 trillion so‘m ajratish, shuningdek, muallim va shifokorlarning oylik ish haqini bosqichma-bosqich oshirish zarurligini ta’kidlab, buning uchun ham qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirishni taklif qildi.

Qayd etish zarurki, bu juda oqilona taklif. Mazkur sohalar vakillarining kelajagimiz yaratilishida tutgan o‘rni beqiyosdir.

Majlisda budjet tizimida moliyaviy nazoratni kuchaytirish masalasiga  to‘xtalib o‘tilgani alohida e’tiborga molik. Darhaqiqat, mablag‘ ajratilishi bilan ish bitmaydi. Uning sarflanishi qattiq nazoratga olinishi kerak. Mablag‘larning maqsadli ishlatilishi sinchkovlik bilan kuzatib borilishiga biz – deputatlar ham hissa qo‘shishimiz darkor. Buning uchun esa vakolat va imkoniyatlarimiz yetarli.

Botir Mardayev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    10589
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+