IHT mamlakatlari iqtisodiyotini jahon bozorida raqobatbardoshligini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega

29.11.2021, 11:59

IHT mamlakatlari iqtisodiyotini jahon bozorida raqobatbardoshligini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega

Bir mintaqada joylashgan mamlakatlarning bir-biriga qo‘l cho‘zishi, yuzaga kelayotgan global muammolarga hamkorlikda yechim topishi va iqtisodiyotini jadal rivojlantirishda bir-birining imkoniyatlaridan unumli foydalanishi hamkor davlatlar manfaatiga, jahon bozorida o‘z o‘rni hamda nufuzini saqlab qolishga xizmat qiladi. Binobarin, jahonda ro‘y berayotgan iqtisodiy inqirozlar, pandemiya va ekologik muvozanatga darz yetishi kabi bir qator masalalarni hamjihatlikda hal etish uchun tuzilgan iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT)da O’zbekiston ham faol ishtirok etib kelmoqda.

Shu yilning 28 noyabr kuni Ashxobod shahrida o‘tkazilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o‘n beshinchi sammitida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va unda IHTni jadal rivojlanayotgan tashkilot sifatida mustahkamlashga qaratilgan ko‘p  tomonlama sheriklikni yanada kengaytirish, unga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni savdo, transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqlik, sanoat kooperatsiyasi, “yashil” iqtisodiyot va turizm sohalarida rivojlantirish masalalari qizg‘in muhokama qilindi.

Mamlakatimiz yetakchisi o‘z nutqida tashkilot doirasida keng qamrovli aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini ta’kidlab, qator takliflarni ilgari surdi. Xususan, tashkilot doirasida yangilangan va keng qamrovli Savdo bitimini ishlab chiqish va qabul qilish, mazkur hujjatda savdo to‘siqlarini bartaraf etish, bojxona tartiblarini raqamlashtirish, hamda hozirgi vaqtda dolzarbligi tobora oshayotgan elektron savdoni keng tadbiq etish masalalari o‘rtaga tashlandi.

Bundan tashqari mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro sarmoyalar oqimini ko‘paytirish va ularni ishonchli himoya qilish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga qaratilgan Qo‘shma harakatlar dasturini qabul qilish bugungi kun uchun juda muhimligi aytib o‘tildi. O’zaro savdo hajmlarini oshirish, mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarni ishlab chiqish va mamlakatlarimiz iqtisodiyotini jahon bozoridagi raqobatbardoshligini kuchaytirish, buning real mexanizmi sifatida Shavkat Mirziyoyev BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YuNIDO) va Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun (SPYeKA) Maxsus dasturi bilan hamkorlikda Tashkilot doirasida Savdo, investitsiyalar va innovatsiyalar markazini tashkil etish hamda uning qarorgohini Toshkent shahrida joylashtirishni, tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar tayyorlash uchun yuqori darajadagi Ekspertlar guruhini tuzish tashabbusini ilgari surdi.

Xulosa shundan iboratki, global iqlim tobora dolzarb bo‘lib, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni taqazo etayotgan shu kunlarda  IHTning o‘zaro hamjihatlikda  sanoat tarmoqlarida ekologik toza va resurstejamkor texnologiyalarni keng tatbiq etish, aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish kabi qator loyihalarni amalga oshirishga bel bog‘layotgani quvonarlidir. Eng muhimi esa, jonajon O’zbekistonimizning qo‘shni va mintaqadagi ko‘plab davlatlar bilan iliq munosabati va iqtisodiy hamkorligi yurtimizning gullab yashnashiga, jahon hamjamiyati o‘z o‘rnimizga ega bo‘lishimizda muhim ahamiyat kasb etadi.

Dilbar USMONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    308
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+