O’zbekiston – Qozog‘iston: ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng ko‘lamli hamkorlikning yangi bosqichi

10.12.2021, 09:47

O’zbekiston – Qozog‘iston: ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng ko‘lamli hamkorlikning yangi bosqichi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yilning noyabr oyida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari  qo‘shma yig‘ilishidagi  nutqida eng avvalo, Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini tobora kuchaytirish bundan buyon ham asosiy maqsadimiz bo‘lishini ta’kidlagan edi.

Yurtboshimizning yangi prezidentlik muddati doirasidagi ilk davlat tashrifi aynan Qozog‘istonga amalga oshirilishi O’zbekistonning mintaqamizdagi davlatlar bilan ko‘p asrlik do‘stlik munosabatlarini davom ettirayotganligi, yaxshi qo‘shnichilik,  tabiiy strategik,  iqtisodiy sheriklik va o‘zaro  ishonch  tamoyillariga  sodiqligini ko‘rsatadi.

Shu nuqtai nazardan, tashqi siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri Qozog‘iston  bilan strategik aloqalar bo‘lib, ishonch bilan ayta olamizki, O’zbekiston va bu mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon, deyarli  o‘ttiz yil davomida hamorlikning turli yo‘nalishlarida salmoqli  natijalarga erishildi.  Shu bilan birga,  so‘nggi yillarda  ikki davlat  hamkorligining strategik munosabatlari  yangi tarixiy davrga  qadam qo‘ydi.

Mamlakatlarimizning Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va mustahkam rivojlanishni ta’minlash masalalari bo‘yicha pozitsiyalarning mos kelishi qayd etilib, teng huquqlilik, o‘zaro manfaatdorlik va bir-birlarining manfaatlarini hurmat qilish asosida mintaqalararo muammolar bo‘yicha o‘zaro maqbul qarorlar qabul qilinmoqda.

Biz O’zbekiston va Qozog‘istonning xalqaro siyosatning muhim masalalari bo‘yicha pozitsiyalarining yaqinligini, mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga o‘zaro intilishlarini  hamda xalqaro maydonda, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi va boshqa  xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida o‘zaro manfaatli aloqalarni jadallashtirishda maqsadlar mushtarakdir.

Shu bois, O’zbekiston va Qozog‘iston ishtirokchilar hisoblangan xalqaro shartnomalar asosida xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy migratsiya, narkotik va qurollarning noqonuniy muomalada bo‘lishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik hamda boshqa xavfsizlikka tahdidlar bilan kurashishda maslahatlashuvlar o‘tkazish orqali ikki tomonlama hamkorlikni izchil kengaytirmoqda .

Gumanitar sohadagi o‘zaro hamkorlik ham rivojlanmoqda. O’zbekiston va Qozog‘iston hududlarida istiqomat qilayotgan o‘zbek va qozoq diasporalari uchun ona tili, milliy madaniyati, an’ana va urf-odatlarini saqlash hamda rivojlantirish masalalarida qulay sharoitlar yaratilgan. 

Pandemiya davrida davlatlarimiz bir-biriga qardoshlik yordamini ko‘rsatdi. Karantin cheklovlariga qaramay, ikki tomonlama savdo hajmlarining doimiy o‘sishini ta’minlashga, ikki mamlakat bozorlarida xaridorgir bo‘lgan yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni tovar aylanmasiga jalb qilish orqali ikki tomonlama savdoni diversifikatsiya qilishga hamda iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning uzoq muddatli shakllarini rivojlantirishga o‘zaro intilishlariga asoslangan ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar rivojining ijobiy tendensiyalari saqlanib qolmoqda. Masalan, joriy yilda tovar ayirboshlash rekord darajaga – 4 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. 

Xususan, savdo munosabatlari Qozog‘iston va O’zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning muhim yo‘nalishi hisoblanadi. So‘nggi yillarda O’zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik  jadal sur’atda  rivojlandi. Tashqi savdo, o‘zaro investitsiyalar va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish sohasidagi hamkorlikning hali foydalanilmagan salohiyati faol amalga oshirilmoqda. Masalan, 2021 yilning 10 oyi yakunlariga  ko‘ra, O’zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tashqi savdo ko‘rsatgichlari sezilarli darajada – tovar  aylanmasi 36,5 foizga, eksport 30,5 foizga,  import 39,3 foizga o‘sgan. O’zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro savdo  oziq-ovqat mahsulotlari, mashina va uskunalar, kimyoviy mahsulotlar,  energiya manbalari va neft mahsulotlari, metallar va metall buyumlari kabi kengaytirilgan tovar guruhlari bilan ifodalanadi.

Transport va kommunikatsiyalar, sanoatning kon qazish va qayta ishlash tarmoqlari, qurilish, qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik, kimyo va yengil sanoat,  sog‘liqni saqlash va  turizm kabi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro  manfaatli hamkorlik kengaymoqda. Avtomobilda va temir yo‘llari orqali yuk tashish hajmlari oshmoqda. Aviaqatnovlar to‘liq qayta tiklandi, yangi yo‘nalishlar ochilmoqda. Yetakchi korxonalarimiz kooperatsiyani muvaffaqiyatli kengaytirmoqda. Keyingi yillarda iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarida qo‘shma korxona va loyihalar soni 6 barobarga oshdi. 

Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga uyushtirgan davlat tashrifi arafasida joriy yilning 25-26 noyabr kunlari Turkiston shahrida O’zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi hamda Hududlararo hamkorlik III forumi bo‘lib o‘tdi. Ikki davlat delegatsiyalariga O’zbekiston Bosh vaziri  A.Aripov va Qozog‘iston Bosh vaziri A.Mamin rahbarlik qilishdi. Tadbirlarda    ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari va hududiy ma’muriyatlari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Bugungi kunda ushbu Hududlararo hamkorlik forumi O’zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli  ikki  tomonlama hamkorlikni mustahkamlashda  siyosiy-iqtisodiy hmakorlikning  muhim  instituti bo‘lib,  o‘zini samarali davlatlararo  maydoncha sifatida namoyon qildi. Masalan, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy savdoning 70 foizi  O’zbekiston va Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi.

Forumda ikki tomonlama sherikchilikning asosiy  yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi, xususan, tovar ayirboshlash hajmini  oshirish va mavjud notarif to‘siqlarni  bartaraf etishga  tayyorlik bildirildi. Ikki mamlakat bojxona organlarining “Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi” mexanizmini ishga tushirish bo‘yicha qo‘shma faoliyatining alohida dolzarbligi  qayd etildi. Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada avtomobilsozlik, yengil sanoat, mashinasozlik, qurilish materiallarini ishlab chiqarish va farmatsevtika istiqbolli yo‘nalishlardan hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan “Uchquduq-Qizilo‘rda” avtomobil va temir yo‘llari, “Turkiston-Chimkent-Toshkent” yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan temir yo‘lini barpo etish loyihalarini amalga oshirish  shubhasiz katta qiziqish uyg‘otadi. Ushbu tadbirlar  yakunida qiymati 6 milliard dollarga yaqin bo‘lgan yangi investitsiya va savdo kelishuvlari imzolangani O’zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar samaradorligining darajasini yaqqol  ko‘rsatadi.  

Bizningcha, bu ijobiy tendensiyalarning barchasi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan dekabr oyida ushbu mamlakatga amalga oshirgan mazkur davlat tashrifi chog‘ida ham  yaqqol namoyon bo‘ldi.

Xususan, samimiyat va ishonch ruhida o‘tgan uchrashuvda yetakchilar ko‘p qirrali O’zbekiston-Qozog‘iston sherikligiga doir keng ko‘lamli masalalarni, shu jumladan siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni ko‘rib chiqdilar, xalqaro va mintaqa kun tartibi yuzasidan fikr almashdilar.

Umuman olganda, davlatimiz rahbarining ta’biri bilan aytganda, “O’zbekiston va Qozog‘iston – tabiiy iqtisodiy hamkorlar. Iqtisodiyotlarimiz raqobat qilmaydi, bir-birini to‘ldirib turadi.”

So‘nggi yillarda savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojlanib borayotgani, bunda mamlakatlarimiz hududlari va tadbirkorlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar muhim o‘rin tutayotgani alohida e’tiborga loyiq. Biz deputatlar  bu tendensiyani olqishlash bilan birga, qonunlar bilan parlamentga berilgan tegishli vakolatlar bilan uni yanada qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanimizni bildiramiz.

Bularning barchasi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, o‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, tranzit va logistika, energetika, suv va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi qo‘shma sa’y-harakatlarni faollashtirish, agroklasterlar,  ulgurji-taqsimlash va logistika markazlari, turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ishbilarmon doiralar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirlarda umumiy qiymati ikki milliard dollardan ziyod istiqbolli investitsiya loyihalari tayyorlandi. Aynan ana shu tarzda, yaqin 5 yilda O’zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni 10 milliardga yetkazish mumkin, deb hisoblaydi parlament vakillari.

Suv resurslaridan oqilona foydalanishdek muhim masalaga ham to‘xtalib o‘tildi. Shu maqsadda o‘zaro manfaatli hamkorlikning barqaror, uzoq muddatli mexanizmlarini ishlab chiqish va ikki mamlakat o‘rtasida suv munosabatlarining barcha yo‘nalishlariga oid takliflar tayyorlash bo‘yicha Ishchi guruh faoliyatini davom ettirishga kelishib olindi. Suv tejaydigan yangi texnologiyalarni jadal joriy etish bo‘yicha birgalikda ishlash, Orolbo‘yida daraxtzorlar barpo etish borasida qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Umuman olganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasiga amalga oshirgan ushbu davlat tashrifi O’zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p asrlik qardoshlik va hamkorlik rishtalari, o‘zaro hurmat, ishonch va oshkoralik prinsiplariga asoslangan hozirgi mustahkam aloqalarning  yorqin tasdig‘i bo‘ldi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar O’zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi  ahil qo‘shnichilik, do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni jadal sur’atda va izchil rivojlantirishga  qo‘shimcha turtki beradi.

Biz parlament vakillari hamda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi faollari ikki tomonlama strategik sheriklikni ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko‘tarish to‘g‘risida tarixiy qarorning qabul qilinishini  Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifining asosiy natijalaridan biri   deb hisoblaymiz.

Ikki tomonlama hamkorlik ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko‘tarilgani, birodar xalqlarimizning uzoq muddatli manfaatlarimizga mos keladi.

Ishonchimiz komilki, bu nafaqat mamlakatlarimiz, balki butun mintaqaning izchil taraqqiyoti, barqarorligi va ravnaqi uchun ulkan ahamiyatga ega bo‘ladi. O’z navbatida, O’zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlarning  ittifoqchilik munosabatlari darajasiga olib chiqilishi  parlament va siyosiy partiyalar oldiga birodar xalqlarimizning ko‘p qirrali hamkorligini aniq mazmun bilan boyitish, avvalombor, yangi Parlamentlararo hamkorlik kengashini  ta’sis etish vazifalarini qo‘yadi.

Aktam XAITOV,

O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi  raisi,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

partiya fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    1550
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+