Xizmatlar sohasining jadal rivojlanishi iqtisodiy salohiyatimiz yuksalishini ta’minlaydi

17.12.2021, 09:32

Xizmatlar sohasining jadal rivojlanishi iqtisodiy salohiyatimiz yuksalishini ta’minlaydi

Xizmat ko‘rsatish sohasi qanchalik rivojlansa, mamlakat har tomonlama shunchalik yuksaladi. Bugungi kunda bu isbot talab qilinmaydigan holat, jarayondir. Misol tariqasida peshqadam 20 talikka kirmaydigan va bu sohada bor imkoniyatdan foydalanmayotgan davlatlarda ham xizmat ko‘rsatish sohasida aholining kamida 50 foizi bandligi, shuningdek,  rivojlangan mamlakatlarda xizmat ko‘rsatishdan olinayotgan foyda yalpi ichki mahsulotining 80-85 foizini tashkil etishini qayd etish mumkin. Binobarin, Prezidentimizning mamlakatimizda servis sohasini rivojlantirishga  juda katta e’tibor qaratayotgani alohida e’tirofga loyiq.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 dekabr kuni xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilda jami 18 trillion so‘mlik 29 mingta loyiha amalga oshirilib, xizmatlar sohasi 20 foizga o‘sgan. Lekin 5 ta tuman va shaharda o‘sish sur’ati kam bo‘lgan. Umuman, joylarda aholiga xizmat ko‘rsatish darajasi pastligicha qolmoqda.

Shu bois yig‘ilishda xizmatlar sohasini keng rivojlantirish, foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solish masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari bu borada har bir hududga alohida yondashuv zarurligini ta’kidlab, aniq misollar keltirdi. Tuman va shaharlarning aholi soni, geografik joylashuvi, iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, 3 ta yo‘nalish belgilandi.

Darhaqiqat, har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olingan holda ish yuritilishi, albatta, salmoqli ijobiy natijalar beradi. Shu paytgacha joylarda bu borada aniq metodologiya, ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi, ob’ektlar sonini aniqlash va hududlar salohiyatini to‘g‘ri baholash yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan edi. Davlatimiz rahbari hududlarda servis sohasini ravnaq toptirish bo‘yicha mutasaddilar zimmasiga aniq-ravshan vazifalarni yukladi, tegishli ko‘rsatmalar berdi.   

E’tiborlisi, majlisda kelgusi yilda xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga 500 million dollar ajratilishi belgilandi. Boshqacha aytganda, soha ilgari misli ko‘rilmagan darajada qo‘llab-quvvatlanyapti.

Fuqarolar bilan muloqot qilish maqsadida hududlarda bo‘lganimizda tadbirkorlar tomonidan yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘plab murojaatlar bo‘lyapti. Biz  partiya tuman kengashi, quyi bo‘g‘inlarimiz faollari bilan birga  aholining xizmat ko‘rsatish va servisga ehtiyojini tahlil etib, sohani rivojlantirish bo‘yicha asosli takliflarni ilgari surishimiz, ijro hokimiyati e’tiborini sohadagi muammolarga qaratishimiz, shuningdek, ular hal qilinishiga muayyan hissa qo‘shishimiz kerakligini teran anglayapmiz.  

Sardor Suvonqulov,

Xalq deputatlari Yashonobod tumani Kengashidagi

O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi 

  • Ko'rildi
    189
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+