Yangi O’zbekiston – inson qadri ulug‘, huquqlari qadr topgan yurt

05.01.2022, 10:31

Yangi O’zbekiston – inson qadri ulug‘, huquqlari qadr topgan yurt

Ortda qolgan 2021 yilni kuzatib, Yangi – 2022 yilni kutib olar ekanmiz,  yakunlangan yilda yurtimizda barcha sohalarda erishilgan yutuqlarga nazar tashlaymiz. Chunki o‘tgan yilda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning asosiy maqsadi har bir jamiyatda oliy qadriyat hisoblanmish inson manfaatlari to‘la ro‘yobga chiqarilishiga qaratildi.

Pandemiya va global inqirozga qaramay, yurtimizda yuqori iqtisodiy o‘sish ta’minlandi. Ko‘plab korxonalar, klaster va texnoparklar, zamonaviy infratuzilma tarmoqlari barpo etildi. Yangi-yangi uy-joylar, bog‘cha va maktablar, oliygoh, shifoxonalar, madaniyat va sport maskanlari foydalanishga topshirildi. Eng muhimi, bu yangilanishlarni odamlar o‘z hayotida his etdi.

Yangi O’zbekistonni barpo etish, uchinchi Renessans poydevorini mutsahkamlash yo‘lida dadil qadamlar tashlandi. O’zbekistonning xalqaro mavqei yanada yuksaldi. Yurtdoshlarimiz ong-tafakkuri o‘zgarib, xalqimizning xohish-istaklari, orzu-umidlari ro‘yobga chiqqan holda, hayotimizda yorqin iz qoldirdi.

Bu borada O’zLiDeP o‘z dasturiy vazifalaridan kelib chiqib, poyoniga yetgan yilda barcha sohalarda kechgan yangilanish, yuksalish jarayonlariga hamohang ish olib bordi. Harakatlar strategiyasini 2021 yilda amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar bajarilishiga muayyan hissa qo‘shdi.

Oldimizda esa yangi, ko‘lamdor, sifat o‘zgarishlarini chuqurlashtiradigan vazifalar turibdi. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bugungi O’zbekiston – bu hali tom ma’nodagi, biz orzu qilayotgan, intilayotgan Yangi O’zbekiston emas.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O’zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigini  tinglab, joriy yilda bu boradagi ishlar ko‘lami yanada oshishiga, Yangi O’zbekistonda insonni e’zozlash, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash, odamlarni rozi qilish davlat siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolishiga ishonch hosil qildim.

Davlatimiz rahbarining xalqimizga yo‘llagan tabrigidagi quyidagi so‘zlari diqqatga sazovordir: “Yurtimizda keng ko‘lamli islohotlarimiz barqaror tus oldi. Ularni yanada rivojlantirish maqsadida biz  Yangi O’zbekiston Taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqdik. Uning asosida "Inson qadri uchun", degan ulug‘vor g‘oyani amalga oshiramiz. Biz yangi yilga nom berishda, keng jamoatchilikning fikrlarini o‘rgandik. Ana shu takliflardan kelib chiqib, men Yangi – 2022 yilni mamlakatimizda "Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili" deb e’lon qilishni taklif etaman”. Bu fikrga barchamiz birdek qo‘shilamiz. Boisi inson qadrini ulug‘lash – yurtimizda yashayotgan  har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash demakdir.

2022 yilga ana shunday nom berilishi besh yil muqaddam boshlangan tub islohotlar ortga qaytmasligidan dalolatdir. Negaki, Yangi O’zbekistonda “Davlat – inson uchun” tamoyili asosida inson huquqlarini mustahkamlash, odamlarni rozi qilish islohotlarning eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi va bu boradagi sa’y-harakatlar kelgusida ham izchil davom etadi. Ularning nechog‘li samarador bo‘lishida esa jamiyatimiz asosi bo‘lgan mahalla  hal qiluvchi o‘rin tutadi.

Shu jihatdan, yaqinda mazkur tizimdagi ishlar yanada takomillashtirilib, har bir mahallani hokimliklar bilan bog‘lash maqsadida mahallalarda hokim yordamchisi lavozimi joriy etildi. Bu esa, Prezidentimiz qayd etganidek, joylarda rahbarlar faqat davlatga emas, avvalo, inson va oilaga, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilishiga erishishda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Bu o‘zgarish mahallada aholi bilan ishlash mexanizmlarini takomillashtiryapti.

Shuningdek, O’zbekiston aholisining oltmish foizdan ortig‘ini tashkil etuvchi yoshlarning ham katta hayotga qadam qo‘yadigan ilk maskani mahalla ekanligi hisobga olinib, mahallalarda yoshlar masalalari bilan muntazam shug‘ullanadigan Yoshlar ishlari agentligining vakili shtati tashkil etilyapti. O’z navbatida, hokimliklar va mahallalarning moliyaviy imkoniyatini kengaytirish maqsadida tuman budjeti qo‘shimcha manbalar bilan ta’minlanib, mahallalarning alohida jamg‘armasi shakllantiriladi.

Davlatimiz rahbari o‘z chiqishlarida tilga olayotgan Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasi 2017–2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishga qaratilgan Harakatlar strategiyasining uzviy davomi bo‘lib, bugungi global o‘zgarishlar, aholi turmush tarzi, hayot talabi va qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda yettita yo‘nalishda belgilab olindi. Strategiyadagi har bir vazifa va maqsadlar joriy yil bo‘lib o‘tgan saylov jarayonlarida bevosita fuqarolarimiz ishtirokida muhokamadan o‘tkazilib, hayotiy taklif va tashabbuslar bilan to‘ldirildi. Boshqacha aytganda, xalqimiz bilan bamaslahat ishlab chiqildi. Demak, islohotlarni yangi bosqichda davom ettirish, avvalo, xalqimizning xohish-irodasidir.

E’tibor bering, Taraqqiyot strategiyasining birinchi yo‘nalishi — erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, inson qadr-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni yangi pog‘onaga ko‘tarishga yo‘naltirilgan vazifalardan iborat. Ular hayotimizga tatbiq etilishi orqali millati, tili va dinidan qat’i nazar, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning, butun xalqimizning farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan “Yangi O’zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilib, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyil to‘laqonli ro‘yobga chiqariladi. Jumladan, bunda mahalliy boshqaruv organlarining joylarda muammolarni hal etishdagi roli va mas’uliyati yanada kuchaytiriladi.

Albatta, Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda xalq vakillari bo‘lgan deputatlar alohida o‘rin tutadi. Xususan, Oliy Majlis faoliyatini yanada takomillashtirish, xalqimiz kutayotgan, Yangi O’zbekiston taraqqiyotini tezlashtirishga xizmat qiladigan qonunchilik konsepsiyasini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, qonun ijodkorligi faoliyatini demokratlashtirish va ularning ijrosini ta’minlashga qaratilgan parlament nazoratini kuchaytirishga ustuvor ahamiyat beriladi.

Bu borada parlament tomonidan mamlakatimiz bo‘yicha murojaatlar bilan ishlash holati nazoratga olinib, joylardagi ijro idorasi rahbarlari hisobotini eshitish va natijaga asoslanib, ularga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Bugun O’zbekistonda yangi davr boshlandi.  Prezidentimiz “Xalqimiz bilan boshlagan demokratik islohotlar yo‘lini yanada qat’iy davom ettiramiz va bu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaymiz! Yangi O’zbekistonni birgalikda, albatta, barpo etamiz!” deya bot-bot ta’kidlamoqda. Qat’iyat bilan yo‘g‘rilgan bu so‘zlar barchamizni yanada faolroq ishlashga da’vat etmoqda, ruhlantirmoqda. Shu jihatdan, mamlakatdagi yetakchi siyosiy kuch sifatida O’zLiDeP Yangi O’zbekiston bunyodkorlarining eng oldingi saflarida bo‘ladi.

 Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    59
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+