Kelgusidagi vazifalar xususiylashtirish jarayonini yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqish

21.01.2022, 16:39

Kelgusidagi vazifalar xususiylashtirish jarayonini yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqish

Bozor iqtisodiyoti asosida rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, faqat iqtisodiy jihatdan erkin fuqarogina haqiqiy mulk egasi bo‘lib, u o‘z mulkidan samarali foydalanishi hamda shu orqali mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois yurtimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlardan ko‘zlangan maqsad ham ko‘p tarmoqli iqtisodiyotni barpo etish, mulkni haqiqiy egasiga topshirish, mulk barcha shakllarining rivojlanishiga bir xil shart-sharoit yaratish, umuman xususiylashtirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Prezident raisligida davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida bu boradagi ishlarga tanqidiy baho berilib, uni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Yig‘ilishda ushbu yo‘nalishdagi kamchiliklar, yo‘l qo‘yilgan xatolar ro‘y-rost aytildi. Xususan, o‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra, tarmoq va hududlarda samarasiz ishlatilayotgan 2 mingta ob’ekt borligi aniqlangani ta’kidlandi.

Shuningdek, yig‘ilishda bo‘sh turgan binolardan foydalanishning yana bir usuli bo‘lgan ijara borasidagi imkoniyatlar ham ko‘rsatib o‘tildi. Hududlar va tarmoqlar tasarrufidagi davlat mulklari ijarasi hisobiga joriy yilda 500 milliard so‘m tushumni ta’minlash mumkinligi aytildi. Bundan tashqari uch oydan ortiq bo‘sh turgan ob’ekt ijaraga berilishi yoki sotuvga chiqarilishi shartligi belgilandi. Davlat aktivlari agentligiga davlat ulushi bor korxonalarning ijara shartnomalarini ochiq-oshkora ro‘yxatga olish va onlayn nazorat qilish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.

Umuman olganda, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish iqtisodiyotda davlat monopoliyasiga barham berishga, xususiy mulkchilikning shakllanishiga zamin yaratuvchi, pirovardida esa barcha tarmoqlarda xususiy sektor ustunlik qilgan ko‘p ukladli iqtisodiyot barpo etishga xizmat qiladi. Shuningdek, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish barobarida, zamonaviy bozor infratuzilmasini yanada rivojlantirish, jumladan, fond va mahsulot  bozorlarini, ko‘chmas mulk bozorlarini, xususiylashtirish, sug‘urta fondlarini, auditorlik va konsalting hamda mulkni baholash kompaniyalarini va boshqaruv institutlarini bugungi kun talabi darajasida rivojlantirishni, ularning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.

Binobarin, bular xususiylashtirish jarayonlarining ijobiy sur’atlarda borishiga, xususiy mulkdorlar sinfining yanada o‘sishi va rivojlanishiga omil bo‘ladi hamda milliy iqtisodiyotda chuqur institutsional o‘zgarishlarni amalga oshirish jarayonida moliyaviy resurslar ko‘lamini kengaytirishga, xususiylashtirish jarayonini yangi, yanada yuqori rivojlanish bosqichiga olib chiqish imkonini beradi.

Hazratqul Xo‘jamqulov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    610
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+