Umummanfaatlarga xizmat qiluvchi hayotiy dolzarb tashabbuslar ilgari surildi

26.01.2022, 17:36

Umummanfaatlarga xizmat qiluvchi hayotiy dolzarb tashabbuslar ilgari surildi

 Xabaringiz bor davlatimiz rahbari shu yilning 25 yanvar kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tashabbusi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan Markaziy Osiyo va Xitoy davlat rahbarlarining videoanjuman shaklidagi uchrashuvida qatnashdi.

Sammitda Prezidentimiz nutq so‘zlab umummanfaatlarga xizmat qiluvchi qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, mamlakatimiz yetakchisi to‘siqlarsiz savdoni ta’minlash hamda sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishning umumiy makonini shakllantirishga qaratilgan Yangi “Xitoy – Markaziy Osiyo” iqtisodiy muloqot strategiyasini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqdi.  Shuningdek, “Xitoy – Markaziy Osiyo” yo‘nalishida uzluksiz yuk oqimini ta’minlash va transmintaqaviy logistika tarmoqlarini rivojlantirish uchun tizimli yechimlar ishlab chiqish muhim ekani qayd etildi. “Xitoy – Qirg‘iziston - O’zbekiston” temir yo‘lini barpo etish loyihasini amalga oshirishni joriy yildayoq boshlash taklifi bildirildi.

Aytish kerakki ushbu amaliy tashabbuslar kelgusida mintaqamizdagi mavjud va yangi transport yo‘laklaridan unumli foydalanish, mintaqalararo tranzit xablarini tashkil etish, zamonaviy transport va yo‘l infratuzilmalarini rivojlantirish, transport va tranzit tariflarini optimallashtirish, sohaga raqamlashtirishni tatbiq etish borasida boshlangan va davom etayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqishiga shubha yo‘q.

Ham shifokor ham deputat sifatida sammitda sog‘liqni saqlash va yuqumli kasalliklarga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik borasida bildirilgan fikr-mulohazalarga e’tibor qaratmoqchiman.  Davlatimiz rahbari tomonidan vaksinalar ishlab chiqish, sinash va ishlab chiqarishda Xitoy bilan sheriklikni davom ettirishga tayyorlik bildirildi. Shuningdek, O’zbekiston mamlakatlarimiz o‘rtasida odamlar va tovarlar harakatini yengillashtirish maqsadida vaksinatsiya pasportlarining o‘zaro tan olinishi tarafdori ekanligi aytildi.

Bu shu kecha-kunduzda bir yoqadan bosh chiqarib hal etilishi kerak bo‘lgan nihoyatda muhim tashabbus desak xato bo‘lmaydi.  To‘g‘ri koronavirus hali chekingani yo‘q. Lekin ushbu kasallikni butunlay ketishini kutib o‘tirish ham o‘zini oqlamaydi. Virusga nisbatan har bir davlat ozmi ko‘pmi ko‘nikma va tajribaga ega. Chegaralarni butunlay yopish bilan kasallikni qisman jilovlasa bo‘ladi, lekin bu yo‘l odamlar va tovarlar harakatini cheklab qo‘yishini unutmaslik kerak. Bu esa o‘z-o‘zidan iqtisodiyotga sezilarli zarar keltirishi mumkin. Shu ma’noda davlatimiz rahbari ilgari surgan tashabbus pandemiya sharoitidan kelib chiqib birgalikda oqilona harakat qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Dilbar USMONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    51
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+