O’zbekiston tashqi siyosatida Osiyo vektorining istiqbolligi

08.02.2022, 10:12

 O’zbekiston tashqi siyosatida Osiyo vektorining istiqbolligi

So‘nggi yillarda mamlakatimiz tashqi siyosatining  barcha sohalarida salmoqli islohotlar amalga oshirildi, ular sharqiy yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirish va Afg‘onistonda tinchlikni o‘rnatishga ko‘maklashishga ta’sir ko‘rsatdi. O’z navdatida, biz O’zbekistonning raqobatbardoshligini oshirish, jumladan samarali xalqaro savdo yo‘llarini  yanada rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirish, tranzit yo‘nalishlarni tashkil qilish va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash orqali strategik vazifani amalga oshirishni ta’minlashga yo‘nalganlikni ajratib ko‘rsatamiz. Shu tariqa, O’zbekistonning savdo, transport va energiya aloqalari orqali mintaqamiz, Xitoy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarini  mustahkamlash yo‘lidagi  amaliy qadamlarini ko‘ramiz.

O’zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari qadimdan savdo va madaniy-sivilizatsiya jihatidan chambarchas bog‘liq bo‘lgan va ko‘p bora  umumiy siyosiy, iqtisodiy va gumanitar  makonlar doirasida joylashgan.

Markaziy Osiyoning mustaqil davlatlari erishgan yutuqlar savdo-iqtisodiy munosabatlarning yuksak salohiyatidan to‘la foydalanish masalasida  Afg‘onistondagi beqaror vaziyat tufayli cheklanib qolgan  Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni kengaytirishga bo‘lgan avvalgi manfaatdorlikni tiklashga xizmat qildi. 

O’zbekiston Osiyo yo‘nalishida Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqa mamlakatlar qatorida, Afg‘oniston, Bangladesh, Butan, Hindiston, Maldiva, Nepal, Pokiston  va  Shri-Lankani o‘z ichiga olgan Janubiy Osiyoga alohida e’tiborini  qaratmoqda. Ayni damda, Janubiy Osiyo  maydonni egallaydi 5 mln. km² ( bu  butun Osiyoning 10 foizi va dunyodagi butun quruqlikning 3 foizi), biroq uning aholisi  Osiyo aholisining 40 foizi va dunyo aholisisining 22 foizini tashkil etadi. Hozirgi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida Hindiston va Pokiston bilan faol hamkorlik qilib kelmoqdalar.  Markaziy Osiyo davlatlarining Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan jami tovar ayirboshlash  hajmi 44, mlrd dollarini tashkil etadi,  uning qariyb uchdan bir qismini O’zbekiston egallaydi. So‘nggi yillarda geografik yaqinligi hamda Afg‘oniston ichki bozorining oziq-ovqat, sanoat mahsulotlari va energiya importiga bo‘lgan katta bog‘liqligi tufayli Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy  hamkorlik tiklandi.

Hindiston O’zbekiston va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallaydi. O’zbekistonning Hindistonga eksporti asosan, to‘qimachilik mahsulotlari (13,6%), asosiy metallar (8,4%), oziq-ovqat mahsulotlari (5,8%) va boshqa tovarlarni o‘z ichiga oladi. Hindistondan mamlakatimizga farmatsevtika mahsulotlari (47%), mexanika uskunalari (28,6%) va boshqa mahsulotlar  import  qilinadi.

O’zbekistonning Pokistonga eksportida oziq-ovqat mahsulotlari 81%ni, to‘qimachilik mahsulotlari – 10,5% ni, xizmatlar – 3,5% ni tashkil etadi. Pokistonning yurtimizga importi tarkibida farmatsevtika mahsulotlari 37%, oziq-ovqat mahsulotlari (kartoshka, sitrus mevalar, guruch va b.sh.) – 36%, transport xizmatlari – 10%, kimyo mahsulotlari – 4,5% ni egallaydi.

O’zbekiston Afg‘onistonda OTB kreditlari hisobiga  uzunligi 260 km  va qiymati 150 mln dollarga teng “Surxon-Puri-Xumri” elektr uzatish liniyasini qurish” loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.  Mazkur elektr uzatish liniyasi Afg‘oniston energiya tizimini  O’zbekiston va Markaziy Osiyo yagona energiya tizimiga ulash imkonini beradi. Shuningdek, “Hayraton-Mozori Sharif” temir yo‘l liniyasining davomiga aylangan hamda yangi transafg‘on transport yo‘lagini shakllantiradigan “Mozori-Sharif-Hirot” temir yo‘lini moliyalashtirish, loyihalash va qurish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ham hamkorlik ishlari davom etmoqda.  

Umuman olganda, bizningcha,  tashqi siyosatimizda ko‘plab Osiyo vektori yo‘nalishlarini ajratib ko‘rsatish mumkin. Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va o‘zaro investitsiyalar hajmini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish shular jumlasidandir, bu esa, investitsiyalar, tovar va xizmatlarning erkin harakatlanishini ta’minlash, transport kommunikatsiyalari va energetika infratuzilmasining rivojlangan tizimini  shakllantirish uchun amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni talab etadi.

Bu shuningdek, Osiyo mintaqasida zamonaviy va xavfsiz transport-logistika infratuzilmasini tashkil etishga ham tegishli. Masalan, transafg‘on temir yo‘l yo‘lagining qurilishi kelajakda Markaziy Osiyo mamlakatlarini Xitoy va Osiyo-Tinch okeani  mintaqasining boshqa yetakchi davlatlari bilan birlashtirishi mumkin, bu “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusining maqsadlariga  to‘la mos keladi.

Shuningdek, “yashil” rivojlanishni kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan birgalikdagi ishlarni ham alohida ko‘rsatish mumkin. Global iqlim o‘zgarishi jarayonida barcha Osiyo mamlakatlaridagi jadal sanoat va demografik o‘sish sharoitida suv tanqisligi, havo va atrof-muhitning ifloslanishi, tuproqlar degradatsiyasi va cho‘llanish umumiy muammolardan sanaladi. Tobora jiddiy tus olib borayotgan Orol dengizining qurish muammosi  eng salbiy ekologik tahdidlarga misol bo‘la oladi.

Mintaqamiz ulkan sayyohlik salohiyatiga ega bo‘lib, bu xalqlarimizning tarixiy va madaniy merosini ommalashtirishga qaratilgan ziyorat turizmiga  ortib borayotgan qiziqishni hisobga olgan holda, taniqli sayyohlik brendlari, yangi mahsulotlar va yo‘nalishlarni shakllantirish bo‘yicha hamkorlikda  ishlash zarurligini ko‘rsatadi.

Xalq diplomatiyasini rivojlantirish ham katta ahamiyat kasb etadi. Sport ular orasida alohida o‘rin egallaydi. Masalan, shu kunlarda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan XXIV-qishki Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida  ishtirok etdi. Ushbu tadbir xorijiy davlatlar yetakchilari, rasmiy delegatsiyalar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirokida Pekindagi “Qush uyasi” milliy stadionida bo‘lib o‘tdi.

Marosim badiiy dasturi Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan «Insoniyat umumiy taqdiri hamjamiyati» konsepsiyasini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, bu bizningcha, dunyo mamlakatlari o‘rtasidagi  hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelgusi harakatlarning muhim, degan chuqur mazmuniga ega. Qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish  marosimi Osiyoning Xitoydek mamlakatining  texnologik qudratini  namoyish etganini alohida  ta’kidlaymiz. U Xitoy xalqining qadimiy tarixi va boy madaniyati, jahon iqtisodiyoti peshqadami sifatida erishayotgan ulkan muvaffaqiyat va yutuqlari, xalqaro olimpiya harakatining ruhi va qadriyatlarini aks ettirdi.

Davlatimiz rahbarining ushbu marosimda shaxsan ishtirok etishi yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va o‘zaro manfaat prinsiplariga asoslangan  davlatlararo munosabatlarning bugungi  darajasini ko‘rsatadi. Xususan, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi  rekord darajaga yetgan. O’zbekiston iqtisodiyotidagi Xitoy investitsiyalarining umumiy hajmi 9 milliard dollarni tashkil etdi. Xitoyning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida sanoat, kimyo tarmog‘i, energetika, axborot-kommunikatsiya  texnologiyalari va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda yuqori texnologiyali  loyihalar amalga oshirilmoqda.

Yana bir muhim jihat shundaki, Shavkat Mirziyoyev  Pekindagi tashrifi doirasida Xitoy xalq respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashdi. Uchrashuvda O’zbekiston-Xitoy  o‘rtasidagi  do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish,  mamlakatlarimiz o‘rtasidagi  ko‘p qirrali hamkorlikni  kengaytirishning dolzarb masalalari bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.

O’z navbatida, mazkur tashrif doirasida imzolangan va “Yashil” iqtisodiyot, sun’iy intellekt, raqamlashtirish va elektron savdo sohalaridagi hamkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan besh yillik Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik dasturini keng ko‘lamda amalga oshirish muhimligini alohida ta’kidlaymiz. Bizningcha, bu O’zbekistonda  erkin tadbikorlikni ta’minlashni kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatimiz ishbilarmon doiralari “Ipak yo‘li” jamg‘armasi bilan uzoq muddatli hamkorlik bo‘yicha amaliy sheriklikning strategik loyihalarini ilgari surishga qaratilgan yangi “yo‘l xaritasi” shakllantirilayotgani, moliyaviy-texnik ko‘mak dasturi kengaytirilayotganidan mamnun.  Ayni damda, deputatlar mutanosib tovar ayirboshlashga erishish, samarali hududlararo almashinuvlarni qayta tiklash va samarali transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha birgalikda chora-tadbirlarning bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlashadi. Bu kambag‘allikka va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida Xitoy tajribasini o‘rganish va joriy qilish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga  ham tegishli. Qolaversa, ma’lumki, bu tajriba o‘zining muvaffaqiyati va samaradorligi bilan ajralib turadi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekin shahriga tashrifning ikkinchi kunida Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan uchrashdi. O’zbekiston-Pokiston strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlash joizki, Pokiston Bosh vaziri o‘tgan yil iyul oyida O’zbekistonga uyushtirgan kelishuvlarni amalga oshirishning aniq natijalari ko‘rinmoqda. Jumladan, o‘tgan yil yakunida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 1,5 barobar ortdi, bir yilda 40 dan ortiq qo‘shma korxona tashkil etildi. Mamlakatimizning turli hududlarida farmatsevtika preparatlari, kimyoviy tovarlar va to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Sanoat, ta’lim va kino sohalarida qator muhim loyihalar ishlab chiqilmoqda. Va bu jarayon davom etmoqda.

Uchrashuvda ishbilarmonlarning qo‘shma tashabbuslari va istiqbolli investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, bank-moliya sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. “Termiz – Mozori Sharif – Kobul - Peshovar” temir yo‘lini qurish loyihasini ilgari surish borasidagi amaliy ishlarni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Fursatdan foydalanib, Xitoy rahbariyati va xalqini zamonaviy Xitoyning ulkan muvaffaqiyat va yutuqlarini namoyish etgan Olimpiya o‘yinlarining tantanali  ochilishi bilan samimiy tabriklayman.

  • Ko'rildi
    543
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+