O’zLiDeP fraksiyasi “Inson qadri uchun” tamoyilidan kelib chiqqan holda Ombudsman faoliyatining muayyan yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini bayon qildi

18.02.2022, 10:27

O’zLiDeP fraksiyasi “Inson qadri uchun” tamoyilidan kelib chiqqan holda Ombudsman faoliyatining muayyan yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini bayon qildi

Parlament quyi palatasining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda ayrim qonunlarni qayta ko‘rib chiqish, tegishli qonun loyihalarini muhokama qilish, ba’zi tashkilotlarning o‘tgan yilga oid hisobotlarini eshitish kabi bir qancha muhim masalalar muhokama qilindi.

Xususan, majlis qatnashchilari e’tibori dastlab Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilining 2021 yilgi faoliyati sarhisobiga qaratildi. Hisobotda qayd etilganidek, Ombudsman nomiga jami 18 ming 738 ta (2020 yilda 14 ming 975 ta) murojaat yo‘llangan. Ombudsman parlament nazorati sub’ekti sifatida 11 ming 257 ta murojaatni o‘z ish yurituviga olib, ulardan 2 ming 517 tasi yoki 23 foizini ijobiy hal qilishga erishdi. Shuningdek, 2021 yilda Ombudsman tomonidan 177 marotaba (2020 yilda 76 marotaba) monitoring tashriflari amalga oshirilganini ham ta’kidlash zarur.

Biz – O’zLiDeP fraksiyasi, ayniqsa, Ombudsmanning fuqarolar iqtisodiy huquq va erkinliklarini himoya qilish yo‘nalishidagi faoliyatiga alohida diqqat qaratdik. Bu boradagi 4 ming 554 ta (2020 yilda 1 ming 472 ta) murojaatning 2 ming 773 tasi ish yurituvga olinib, ularning 741 tasi yoki 26,7 foizi ijobiy hal etilgan. Batafsilroq bayon etadigan bo‘lsak, sudlarga 442 mln. so‘m miqdoridagi mehnat haqini undirishga qaratilgan 43 ta da’vo arizasi kiritildi. 10 nafar yurtdoshimiz ishga tiklandi. Ish joyida mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi uchun 5  fuqaro foydasiga 9,2 mln. so‘mlik zarar undirildi. Shuningdek, talabgorlarga 148 mln. so‘mlik kreditlarni rasmiylashtirishda ko‘maklashildi. Bunday misollar hisobotda yana ko‘plab keltirildi.

Ayon bo‘lyaptiki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili yurtimizda “Inson qadri uchun”, “Yangi O’zbekiston – xalqchil va insonparvar, adolatli davlat” tamoyillari qaror topishiga muayyan hissa qo‘shyapti.

Lekin shuni ham nazardan soqit qilmaslik kerak: Ombudsman o‘z faoliyatida yechimi topilishi zarur salbiy tendensiyalarga ham duch kelyapti. Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarning iqtisodiy huquqlari va erkinliklarini ta’minlash hamda tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishga doir  murojaatlar  tahlili (bu yo‘nalishda 2 ming 118 ta shikoyat va ariza kelib tushgan)  mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan xususiy mulkni davlat ehtiyojlari uchun qonunchilik hujjatlariga zid holda olib qo‘yish holatlari hanuzgacha davom etayotganligini ko‘rsatyapti.

Shu haqda so‘z yuritganda, misol sifatida,  mulkdorlarning mulki musodara qilinishi haqidagi ogohlantirishning olti oylik muddatiga rioya qilmaslik, ob’ekt uchun kompensatsiya mablag‘larini to‘lamay yoki qiymati bo‘yicha teng mol-mulkni taqdim etmay mulkdorlarni majburan chiqarib yuborish holatlarini tilga olish zarur. Ba’zi mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillarining mulk egalariga qo‘pol munosabatda bo‘lishlari aholining ijtimoiy kayfiyatiga putur yetkazyapti, bu esa xalq bilan muloqotni yanada rivojlantirish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlarga zid holatdir.

Parlament quyi palatasidagi O’zLiDeP fraksiyasi fuqarolarning qonuniy haq-huquqlarini ta’minlash yo‘nalishidagi ishlarni ijobiy baholaydi. Va, o‘z navbatida, Ombudsmanga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub’ektlari va fermerlar huquqlarini himoya qilishni ta’minlash masalalariga yanada ko‘proq e’tibor qaratish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining hal etilganligi masalasini alohida e’tiborga olib, zarur choralar ko‘rib borishni, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari, O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari, Biznes-ombudsman bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni, joylarda fuqarolar bilan sayyor qabullar va uchrashuvlarni ko‘proq tashkil etishni taklif etadi. Shuningdek, fraksiyaning fikricha, xususiy mulkni himoya qilish, munosib mehnat sharoitlariga doir huquqlarni ta’minlashda Inson huquqlari bo‘yicha vakil mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik yanada kuchaytirishi maqsadga muvofiq. Zero, partiyamiz o‘z dasturiy maqsadlarida O’zbekistonda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir vatandoshimizning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari himoya etilishiga urg‘u berilgan. Shuningdek, dasturimizdan o‘rin olgan –  2026 yilga borib xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi  67 foizdan 80 foizga, eksport hajmida esa 32 foizdan 60 foizga o‘sishi ta’minlanishi ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ana shunday o‘zgarishlarni taqozo etmoqda.

Aktam Xaitov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari,

O’zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    426
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+