Yangihayot va Sergeli tumanlariga tashrif: Rivojlanishning yangi bosqichi

26.02.2022, 16:31

Yangihayot va Sergeli tumanlariga tashrif: Rivojlanishning yangi bosqichi

Joriy yilning 18 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Yangihayot va Sergeli tumanlariga tashrif buyurdi. Qator ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va savdo ob’ektlari bilan tanishdi, mahalla faollari bilan muloqot qildi hamda hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Jumladan, Prezidentimiz Yangihayot tumanidagi “Almerro group” mas’uliyati cheklangan jamiyatining qandolat korxonasini ko‘zdan kechirdi. Umumiy qiymati 70 milliard so‘m bo‘lgan ushbu korxonaning birinchi bosqichi o‘tgan yili noyabrda ishga tushirilgan. Korxona yiliga 2 ming tonnaga yaqin qandolat mahsulotlari tayyorlash quvvatiga ega. 120 kishi ish bilan ta’minlangan. Davlatimiz rahbari qandolat mahsulotlari sifatini ko‘rdi, tannarxni pasaytirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Davlatimiz rahbari “Yangihayot” industrial texnoparki quriladigan maydonida ham bo‘ldi.

Majmua uchun 210 gektar maydon ajratilgan. Shundan 150 gektari ikki bosqichda auksion savdolariga chiqariladi. Bu yerda joylashtiriladigan korxonalarda 20 ming ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.  Prezident shu yerda Yangihayot tumanidagi korxonalar mahsulotlari bilan ham tanishdi. Yangihayot tumanidagi Do‘stlik mahallasi hayoti bilan tanishildi. Bu yerda 11 ta ko‘p qavatli uy bo‘lib, 4 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. O’tgan yili “Obod mahalla” dasturi doirasida hudud obodonlashtirildi. Bolalar o‘yingohi, sport maydonchasi, savdo va kasanachilik do‘konlari barpo etildi. Davlatimiz rahbari ushbu bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Davlatimiz rahbari Toshkent aylanma yo‘li bo‘yida servis majmuasini barpo etish loyihasi bilan tanishdi. Unda kechayu kunduz ishlaydigan savdo, ovqatlanish va maishiy xizmat shoxobchalari bo‘ladi. Ularni arzon va tez qurish maqsadida yuk konteynerlaridan foydalanilmoqda. Prezident poytaxtda harakatlanayotgan elektrobusni ko‘zdan kechirdi. “Yashil” transport tizimini rivojlantirish, metropolitenning keyingi bosqichlari va tramvay yo‘nalishini belgilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, Yangihayot tumanidagi “Toshkent indeks” savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasini borib ko‘rdi.

Majmua hududi 72 gektar. Bu yerda qariyb 1 trillion 300 milliard so‘m evaziga savdo do‘konlari, logistika va ekspo markazlari, mehmonxona, oshxona barpo etilmoqda. Ularda jami 13 mingta yangi ish o‘rni tashkil etiladi. Shu yerda Yangihayot va Sergeli tumanlarini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi va galdagi aniq vazifalar belgilab olindi. Bu esa o‘z navbatida Yangihayot va Sergeli tumanlarini  rivojlanishiga katta turtki bo‘ladi. Muxtasar aytganda, rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqiladi.

Shu borada ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash zaraurligini barchamiz yaxshi tushunamiz va bu esa biz deputatlarga katta mas’uliyat yuklaydi. Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, ushbu ustuvor vazifalarning ijrosi tumanlarda katta ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishiga olib keladi. Bunga biz ishonamiz. Biz deputatlar ham imkoniyatimiz va kuchimizni mazkur vazifalarni amalga oshirish yo‘lida safarbar etamiz.

Ravshan Fazilov,

 O`zLiDeP Toshkent shahar Kengashi raisi,

xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati

 
  • Ko'rildi
    714
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+