Ochiqlik, ishonch va mushtarak maqsadlar

05.03.2022, 15:01

Ochiqlik, ishonch va mushtarak maqsadlar

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli iqtisodiy xamkorlikni izchil rivojlantirish, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yanada mustaxkamlash uchun yangi davrni ochib berdi.

Bugungi xalqaro miqyosda tahlikali deb baholanayotgan bir vaqtda, turli davlatlar o‘rtasida tomonlarning ezgu maqsadlarini aks ettiruvchi, ularning strategik manfaatlaridan kelib chiqadigan sherikchilikni yo‘lga qo‘yish, e’tirof etilgan umuminsoniy qadriyatlar asosida xalqlarni birlashtiruvchi aloqalarni rivojlantirish umumjahon miqyosida katta ahamiyatga egadir.

O’zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatilganligining 30 yilligi arafasida amalga oshirilgan davlatimiz rahbarining ushbu tashrifi nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi tobora kengayib borayotgan hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilish va hal etish, balki Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasida mustahkam va izchil sherikchilik aloqalarini o‘rnatish, savdo-sotiq, investitsiya, transport va kommunikatsiyalarni rivojlantirishdagi mavjud muammolarini bartaraf etishga ham karatildi.

Pokiston Janubiy Osiyodagi iqtisodiy jihatdan mustaqil, bir qator muhim ko‘rsatgichlar bo‘yicha jadal o‘sib borayotgan yirik davlatlardan biridir. Ushbu davlatda so‘nggi yillarda iqtisodiy-ijtimoiy va siyosiy sohalarning ko‘plab yo‘nalishlarda muhim islohatlar, yirik investitsiya dasturlarining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uning milliy iqtisodiyotida jiddiy o‘sish va muhim natijalarga erishishni ta’minlab berdi.

Men Pokistonga 2008 va 2021 yillarda tashrif buyurib, ushbu davlatda 13 yillik davrda milliy iqtisodiyotida amalga oshirilgan islohotlarning turli sohalarda bergan katta natijalarini o‘rgandim. Pokistonda bir qator rivojlangan mamlakatlar tomonidan ham ijobiy baholangan va rivojlanayotgan mamlakatlar uchun namuna bo‘lishi mumkin bo‘lgan milliy dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Buning natijasida to‘qimachilik, charm-poyafzal, tibbiyot va farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, energetika va yangi texnologik materiallar sohalari mamlakatda jadal sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda.

Bunday islohotlarni amalga oshirishda Pokiston ilmiy-texnologik doiralari, universitet va ilmiy tadqiqot markazlari o‘zlarining ilmiy-texnikaviy va innovatsion ishlanmalari bilan faol qatnashgan. Ilm-fan va ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish va ularni milliy iqtisodiyotda amaliyotga har tomonlama joriy etish bo‘yicha katta yutuqlarga erishilgan.

Bu o‘z navbatida, mamlakat iqtisodiyotini zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiyalash, ishlab chiqarish unumdorligini oshirish imkonini berdi. Pokiston joylashgan mintaqadagi tahdidli geosiyosiy holat hisobga olinsa, mamlakatni rivojlantirishning davlat siyosatidagi bunday yondashuvning sabablari oydinlashadi.

O’tgan yili iyun oyida Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti davlatlari Parlamentlari Assambleyasining II Bosh Konferensiyasida ishtirok etish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari qatorida Pokistonga tashrif buyurdim. Pokiston, Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, O’zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston davlatlari a’zo bo‘lgan ushbu xalqaro tashkilot Markaziy va Janubiy Osiyo hududida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro manfaatli hamkorlik dasturlari va loyihalarini amalga oshirishni maqsad qilib qo‘ygan. Ushbu hamkorlik ishlari a’zo davlatlarning hukumatlari doirasida ham, parlamentlari o‘rtasida ham faol olib borilmoqda.

Tashkilotga a’zo davlatlarning hamkorligi, asosan, iqtisodiy-gumanitar yo‘nalishlarni qamrab oladi. O’zbekistonning ushbu tashkilot faoliyati doirasida sherikchilik aloqalarini kengaytirish tashabbusi, xususan Pokiston bilan hamkorlikda amalga oshirilishi ko‘zlangan ishlar, asosan, investitsiyaviy hamkorlik, transport va logistika tizimini kengaytirish va va yangi yo‘nalishlarini ochish, to‘qimachilik, charm-poyafzal sanoati, farmatsevtika sohasini qamrab oladi. Bu boradagi Pokiston tajribasidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni jadal va izchillik bilan amalga oshirishda foydalanishi mumkin.

Konferensiya ishtirokchilari va Pokistonlik ekspertlar e’tiboriga biz tomonimizdan havola etilgan O’zbekistonning turistik salohiyati to‘g‘risidagi taqdimnoma katta qiziqish bilan kutib olindi. Islom sivilizatsiyasi tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk allomalarimiz bilan bog‘liq qadamjolarga tashrif buyurish, qadimiy Samarqand, Buxoro, Urganch va yurtimizning boshqa shaharlaridagi tarixiy obidalarni borib ko‘rish imkoniyati konferensiya ishtirokchilari va Pokiston turizm tizimi vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi. O’zbekiston bilan turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, bunda uning turli shakllaridan keng foydalanish, xususan ziyorat turizmini har tomonlama kengaytirish bo‘yicha mutaxassislar tomonidan ko‘plab savollar va takliflar berildi.

Pokiston bilan ta’lim sohasida, ayniqsa oliy ta’lim bo‘yicha hamkorlik qilish katta istiqbolga ega. Shuningdek, tabiiy va aniq fanlar bo‘yicha ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ushbu sohada sherikchilik asosida qo‘shma dastur va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish O’zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi qirralarini ochadi.

Prezidentimizning Pokistonga tashrifi davomida yuqorida ko‘rsatilgan yo‘nalishlarda mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq bir qator masalalar bo‘yicha tegishli bitimlar imzolanishi, xususan o‘zaro almashuvni jadallashtirishni ta’minlovchi yirik shaharlar o‘rtasida aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi O’zbekiston–Pokiston munosabatlarini, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirib, uni yangi, yuksak darajaga olib chiqadi, deyishga yetarli asos bor.

Erkin ZOHIDOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Fan, ta’lim, madaniyat va sport

masalalari qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    305
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+