Sanoat yarmarkalari o‘tkazish tartibi o‘zgartiriladi

14.03.2022, 10:18

Sanoat yarmarkalari o‘tkazish tartibi  o‘zgartiriladi

Mamlakatimizda yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni rivojlantirishning yaxlit tizimini yaratish va investitsiyalarni faol jalb etishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, talab yuqori bo‘lgan keng turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va respublikaning eksport salohiyatini oshirish dolzarb masalalardan sanaladi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 24 yanvardagi qarori bilan 2022 yilga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish dasturi qabul qilingan edi. Unga muvofiq, 2 ming 455 ta loyiha doirasida qariyb 37 trillion so‘mlik yangi mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz raisligida sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni yanada kengaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda ushbu loyihalar ijrosi tanqidiy tahlil qilindi.

Yig‘ilishda aytib o‘tilganidek, “Elektron kooperatsiya” portali orqali tuzilgan shartnomalar ayrim hududlarda bajarilmagan. Elektron savdolarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Surxondaryo va Xorazmdagi korxonalar ulushi 1 foizga ham bormaydi. Kooperatsiya yetishmasligi sababli yurtimizda ishlab chiqarish mumkin bo‘lgan ayrim tovarlar importi oshgan.

Shu nuqtai nazardan, bugungi o‘zgaruvchan sharoitda iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashning eng samarali yo‘li albatta, ichki imkoniyatlarni ishga solish, import bo‘layotgan ayrim mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish va sanoatni yanada rivojlantirishdir. Chunki bu milliy iqtisodiyotimizning ustuvor yo‘nalishi bo‘lishi lozim.

Yig‘ilishda bu boradagi muhim chora-tadbirlar belgilanib, yirik korxonalar bilan mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida kooperatsiyani mahsulotlar kesimida yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi. Boisi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati xorijdan olayotgan mahsulotlar va ularga texnik talablar haqidagi ma’lumotlarni “kooperatsiya portali”ga joylashtirgandan so‘ng ilgari import qilingan 600 milliard so‘mlik mahsulotlarni hozir 18 ta mahalliy korxona yetkazib bermoqda.

Davlatimiz rahbari bu tajribani barcha tarmoq va hududlarda yo‘lga qo‘yish, import qilinayotgan mahsulotlarni o‘zlashtirishga tadbirkorlarni jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shu maqsadda sanoat yarmarkalari o‘tkazish tartibi ham o‘zgartiriladi. Eng muhimi, u yerda tayyor mahsulotga xaridor topish bilan birga, o‘zlashtirishga tavsiya qilinayotgan tovarlar bo‘yicha biznes-rejalar ham ishlab chiqiladi.

“O’zekspomarkaz”da doimiy ishlaydigan sanoat ko‘rgazmasi, viloyat markazlari va sanoat zonalarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning “shou-rum”lari tashkil etilishi, shuningdek, yangi loyihalarning marketing tadqiqotlari, mahsulotni xorijda sertifikatlash xarajatlarining bir qismi qoplab berilishi esa ayni muddao bo‘ldi.

Jahon bozorida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar atroflicha tahlil qilinar ekan, xomashyo olib kelib, bojxona hududida qayta ishlab, eksport qiladigan korxonalarga apreldan boshlab qator imtiyoz va yengilliklar berilishi belgilandi. Jumladan, ularning loyihalari uchun texnik-iqtisodiy asos, mahsulot sertifikati, bojxona to‘lovlari ta’minoti talab etilmaydi. Quvonarlisi, ularga ruxsatnoma berish muddati 3 barobar qisqaradi, olib kelingan dastgohlar uchun bojxona bojlari undirilmaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, hozirgi kunda yangi bozorlarga kirish uchun sanoatga xalqaro standartlarni keng joriy qilish har qachongidan ham muhimdir. Zero, 2019-2021 yillarda to‘qimachilik yo‘nalishidagi 2 mingta korxona xalqaro sertifikat olgani hisobiga ularning eksporti 1,5 barobarga oshgan.

Botirbek TO’RAZODA,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati 

  • Ko'rildi
    351
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+