Insoniylik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik ayyomi

24.03.2022, 10:58

Insoniylik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik ayyomi

Yasharish va yangilanish fasli – Navro‘zi olam o‘zining ma’no-mazmuni, ko‘rku tarovati, teran falsafasi bilan boshqa bayramlar orasida alohida o‘rin tutadi. U juda qadimiy bayramlardan biri bo‘lib, ushbu ayyom yangi yil, yangi kun elchisidir.

O’zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov aytganidek,

Avval yuragingga mo‘ralaydi u,

So‘ngra kurtaklarga o‘rgatadi so‘z.

Zaminning ko‘zidan qochadi uyqu,

Demak, bahor keldi,

Kelmoqda Navro‘z.

Bugun yurtimiz bo‘ylab insoniylik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik ayyomi – Navro‘zi olam shukuhi kezmoqda. O’lkamizga bahorning kirib kelishi sevimli shoirimiz tilga olgan go‘zalliklar, ko‘rkamliklar, yangilanishlarda namoyon bo‘lmoqda. Navro‘z bayramini yana keksayu yosh barcha birgalikda katta shodu xurramlik bilan qarshi olmoqda.

Mehnatkash va olijanob xalqimiz milliy rivojlanishning yangi davriga ulug‘vor maqsad va amaliy ishlar bilan kirib bormoqda. Buni bugun har bir oila, har bir mahalla, qishloq va ovullar, shaharlarimiz misolida ham ko‘rish mumkin.

Yurtimizda yuzlab zamonaviy korxonalar, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari, shinam turar-joylar, yangi bog‘cha va maktablar, oliygohlar hamda madaniyat maskanlari, tibbiyot va sport inshootlari barpo etilmoqda.

Barcha hududlarda “Yangi O’zbekiston” bog‘lari, “Yangi O’zbekiston” massivlarini bunyod qilish ishlari keng quloch yozdi. “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari qatorida butun mamlakatimiz bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilayotir.

Ahamiyatlisi, ushbu bektakror ayyomda Navro‘zning olijanob qadriyatlaridan kuch-quvvat va ilhom olgan xalqimiz mahallalarda hasharlar qilib, ko‘chat va gullar ekib, yangi-yangi bog‘-rog‘lar, sayilgohlar yaratmoqda.

Bu yilgi Navro‘z xushxabarlar bilan keldi. Ayniqsa, O’zbek paxtasidan boykot olib tashlangani joriy yildan mamlakatimizda yangi iqtisodiy yuksalish davri boshlanadi, degani. Bu o‘z navbatida, mamlakatimiz paxta-to‘qimachilik sanoatini dunyoning eng jozibador tarmoqlaridan biriga aylanishiga keng yo‘l ochib beradi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik nutqida qayd etganidek, Navro‘zi olam bizni tabiat farzandi bo‘lib, Vatan tuprog‘ini, ona zamindagi har bir giyohni ko‘zimizga to‘tiyo qilib yashashga o‘rgatadi. Navro‘z hammamizga insoniylik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik fanidan saboq beradi.

Ushbu fayzli lahzalarda barchamiz tinchlik va osoyishtalik naqadar bebaho ne’mat ekanini, uning qadr-qimmati va ahamiyatini yaxshi anglaymiz. Zero, shu kunlarda bag‘rikeng diyorimizda millatlararo do‘stlik, o‘zaro hurmat, saxovat va muruvvat tuyg‘ulari yaqqol namoyon bo‘layotir.

Navro‘z umumxalq bayrami arafasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonning imzolangani xalqimizga xos ezgulik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi bo‘ldi.

Mazkur hujjatga muvofiq, jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 75 nafar shaxs afv etildi. Bu shuncha oilaga shodlik, quvonch va baxt kirib bordi, shuncha odam e’zoz topdi degani.

Bularning hammasi insoniyatga ezgu qadriyatlar ulashuvchi, tinchlik va birdamlikka da’vat etuvchi, butun insoniyat boy madaniy merosining ajralmas qismi sifatida e’tirof etilgan Navro‘z bayrami yurtdoshlarimizga olam-olam quvonch, shodik olib kelganidan dalolat beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, Navro‘zi olam yuksak ma’naviy qadriyatlarni aks ettirib, yangilanish, tinchlik va birlikka chorlaydi, kishini. Azal-azaldan ushbu ayyom yurtimizga shodlik va farovonlik olib kelgan. Zotan, u ezgu intilishlar, pok orzu-umidlarni o‘zida mujassam etgan qadimiy bayramdir.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi Spikeri o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    1071
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+