Zarar bilan ishlayotgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash amaliyotidan butunlay voz kechiladi

11.04.2022, 17:42

Zarar bilan ishlayotgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash amaliyotidan butunlay voz kechiladi

Ayni paytda, mamlakatimizda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga jadal kirishildi.

Joriy yil 8 aprel kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi.

Inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish orqali kambag‘allikni ikki baravar qisqartirish, iqtisodiyotda raqobatni ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlariga teng sharoitlar yaratish, bozor munosabatlariga to‘laqonli o‘tishni jadallashtirish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini, xususiy investitsiyalar hajmini keskin oshirish hamda biznes doiralarning ishonchini yanada mustahkamlashga qaratilgan ushbu farmonda bir qator yo‘nalishlardagi dolzarb vazifalar  belgilab berildi.

Jumladan, davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklarini transformatsiya qilish hamda xususiylashtirishni jadallashtirish, iqtisodiyotda samarasiz ishlayotgan korxonalar ulushini kamaytirish hisobiga sifat jihatidan yangi, xususan, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillariga asoslangan investitsiyalar va ishlab chiqarish unumdorligi yuqori bo‘lgan texnologiyalarning ko‘payishini rag‘batlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Ma’lumki, iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari va yirik korxonalarda davlat ulushining uzoq vaqt saqlanishi bozor mexanizmlariga o‘tishning kechikishiga, mehnat unumdorligini oshirish, yangi turdagi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, xususiy kapitalni faol jalb qilgan holda yangi ish o‘rinlari yaratishga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Ushbu holatlarni bartaraf etish maqsadida davlat korxonalari transformatsiya qilinadi. Ya’ni, transformatsiya dasturi ularning ishlab chiqarish, xarid qilish, sotish va investitsiyaviy faoliyat samaradorligini oshirishga va mahsulot sifatini oshirishga qaratilgan tadbirlar majmuini o‘z ichiga oladi. Natijada davlat korxonalarining xalqaro bozorda raqobatbardosh o‘ringa ega bo‘lishi, ular faoliyatida xususiy kapital ishtiroki, ochiqlik va shaffoflikka asoslangan zamonaviy korporativ boshqaruv tizimining yaratilishi ta’minlanadi.

Jahon tajribasiga nazar soladigan bo‘lsak, iqtisodiyotda davlat ishtiroki Janubiy Koreyada 22%ni, Germaniyada – 18%ni, AQShda – 11%ni va Yaponiyada – 5%ni tashkil etadi.

Joriy yilning 14 mart kuni Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham aynan iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, davlat korxonalarini transformatsiya qilish masalalari muhokama qilingan hamda 25 ta davlat korxonasida operatsion samaradorlikni oshirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani ko‘rsatib o‘tilgan edi.

Farmonga muvofiq, endilikda bu yo‘nalishdagi ishlar ko‘plab yirik korxonalarni qamrab olishi belgilandi.

Hozirgi zamon talabiga javob bermaydigan, zarar bilan ishlayotgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash amaliyotidan butunlay voz kechish, ularni xususiylashtirishni jadallashtirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishda, demakki, aholining doimiy daromad manbalarini shakllantirishda ham muhim o‘rin tutadi.

Sherzod MAMATQULOV

O`zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

apparat rahbari

  • Ko'rildi
    500
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+