Mahalla obodligi – yurt obodligi demakdir

20.04.2022, 15:13

Mahalla obodligi – yurt obodligi demakdir

Ba’zan bugun real voqelikka aylanib, hayotimizning ajralmas qismiga aylangan voqea-hodisalar, yangiliklar haqida so‘z ketganda, aholi bilan bevosita ishlashning eng samarali va an’anaviy mexanizmi bo‘lgan mahallabay ishlash tizimi haqida ham to‘xtalib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Boshqa sifat jihatdan yangi ish usullari qatori, “Mahallabay” ishlash tizimi ham joylardagi hokimlik, tashkilot va idoralarning vakillariga, deputatlarga bevosita har bir insonning dardini tinglash, ularning quvonchu tashvishlari bilan hamnafas bo‘lish, ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan, odamlarning farovon hayoti sari intilishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf etish, jamiyat taraqqiyotini iqtisodiy o‘sishlar bilangina emas, balki aholining bugungi o‘tayotgan kunidan rozi bo‘lib, ertangi kuniga ishonch bilan qarashiga zamin tayyorlaydigan mezonlarni anglash va shu asosda faoliyatlarini shakllantirish imkoniyatini yaratmoqda. Davlatimiz rahbari 2022 yilni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb nomlashni taklif qilar ekan, “Inson qadrini ulug‘lash — yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash demakdir. Bu borada jamiyatimiz asosi bo‘lgan mahalla hal qiluvchi o‘rin tutadi”, deb alohida ta’kidlab o‘tgan edi.

Xabaringiz bor, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil    3 dekabrdagi farmoniga muvofiq, har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi ta’sis etilgan edi. Xo‘sh, bu yangi tizim o‘tgan vaqt davomida qanday amaliy samaralar bermoqda?

Prezidentimiz raisligida joriy yil 19 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida hokim yordamchilari faoliyatining dastlabki natijalari ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, ular uch oy davomida 6 million 900 ming xonadonni xatlovdan o‘tkazib, 4 ta toifaga ajratgan. Xonadonlarning 11 foizi kam daromadli, 47 foizi qo‘shimcha daromadga ehtiyoji bor, 6 foizi ijtimoiy himoyaga muhtoj, 36 foizi o‘ziga to‘q oilalar ekani aniqlangan. Shunga qarab mahalliy rahbarlar faoliyati manzilli tashkil etilib, minglab fuqarolarning ishga joylashishi, kasb-hunar o‘rganishiga ko‘maklashilgan.

Shu uch oyda hokim yordamchilarining tashabbusi bilan 50 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun 1 trillion 300 mlrd. so‘m kredit va 20 mlrd. so‘m subsidiya ajratilgan. Natijada joylarda 47 mingta yangi tadbirkorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, 8 mingta kichik sanoat va servis loyihalari ishga tushirilgan.

Bunday xayrli misollarni Jizzax viloyati misolida ham keltirib o‘tishimiz mumkin. Avvalambor, viloyatdagi mavjud 299 ta mahallada faoliyat olib borayotgan hokim yordamchilarining aksariyati partiyamiz faoli, ba’zilari esa, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari ekanligini alohida aytib o‘tishimiz kerak.

Biroq, barcha mahallarda ham hokim yordamchilari faoliyati ko‘ngildagidek, deb bo‘lmaydi. Buni Prezidentimiz ham yig‘ilishda kuyunchaklik bilan ta’kidlab o‘tar ekan, “Odamlarni rozi qilmagan, inson qadrini tushunmagan rahbarlarga oramizda o‘rin yo‘q” – deb ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, endi har bir mahalla ixtisoslashuvi bo‘yicha qo‘llab-quvvatlanadi.

Misol uchun, 2 ming 500 ta mahalla chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilikka ixtisoslashgan. Ular qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanib, omilkor odamlarga inkubator, xonaki tovuq, asalari uyalari yetkazib berilsa, aholi daromadi yanada oshadi. Xonadonlarda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik yo‘nalishlarida 140 ming nafar aholi bandligini ta’minlash mumkinligi aytildi.

Shuningdek, joylarda aniqlangan bo‘sh bino-inshootlardan samarali foydalanish, ularni sotish yoki ijaraga berishdan tushgan mablag‘larni o‘sha mahallaning infratuzilmasini rivojlantirishga sarflash zarurligi qayd etildi.

Bundan tashqari kasanachilarga o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar kabi faqat ijtimoiy soliq to‘lash imkoniyati yaratiladi, olis hududda ishlayotgan kasanachilarning dastlabki 1 oylik ish haqi davlat tomonidan qoplanadi. Yurtimizda 2 mingdan ziyod mahalla xizmatlar sohasiga ixtisoslashgan. Bunday hududlarni ko‘paytirish maqsadida aholisi 20 mingdan oshadigan mahallalarda chakana savdo va xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Bu markazlar ham 5 yil muddatga yer va mol-mulk solig‘idan ozod etiladi.

Belgilangan vazifalar ko‘lami katta. Biroq, ular xayrli maqsad – odamlarning o‘z mahallasida mehnat qilib, daromad topish orqali turmushlarini farovon qilishlariga zamin, imkoniyat yaratib berishga qartilgan. Bu vazifalar ijrosini ta’minlashni deputatlik va jamoatchilik nazoratiga olish, zarur o‘rinlarda rivojlanishimizga to‘siq bo‘layotgan muammo va kamchiliklarni partiyaviy vositalar bilan bartaraf etish barcha maslakdoshlarimizga, deputatlarimizga katta mas’uliyat yuklaydi.

Sherzod MAMATQULOV

O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

apparat rahbari

  • Ko'rildi
    1045
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+