O’zbekistonda turizm xizmatlari ko‘lami yanada kengayadi

27.04.2022, 16:42

O’zbekistonda turizm xizmatlari ko‘lami yanada kengayadi

Prezident raisligida turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida viloyatimizda ushbu sohani yanada taraqqiy ettirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilayotganligi, biroq galdagi vazifalar ijrosida ham mas’uliyat bilan yondashish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Videoselektor yig‘ilishida dunyoda pandemiya cheklovlari yumshayotgani natijasida turizm industriyasi tiklanishni boshlayotgani qayd etilganligi bejiz emas. Bu boradigi ijobiy o‘zgarishlarni viloyatimizda ham kuzatsa bo‘ladi. Sohadagi islohotlar zamirida 2017 yilda Buxoro shahrida tashkil etilgan “Buxoro innovatsiyalar markazi” unitar korxonamizning ham o‘z o‘rni borligi e’tiborga molik. Asosiy faoliyatimiz ichki va tashqi turizmni rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lganligi bois mazkur yo‘nalishda bir qator ishlarni amalga oshirib kelmoqdamiz. Jumladan, ziyorat turizmi doirasida musulmon davlatlaridan keladigan turistlar hamda mahalliy sayohatchilarni viloyatdagi 7 pir qadamjolari bilan tanishtirish, shuningdek ular ishtirokida mamlakatimizning tarixiy shaharlari Samarqand, Andijon, Namangan va poytaxtimiz Toshkentning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar tashkil etishga alohida e’tibor berilyapti. “Buxoro bo‘ylab sayohat” loyihasining ham o‘z muxlislari bor.

Videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek, endilikda Buxoro-Samarqand, Buxoro-Xiva, Buxoro-Termiz yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy avtobus va mikroavtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa o‘z navbatida bizning faoliyatimizda ham yangi bosqichga ko‘tarishda, ko‘hna va hamisha navqiron Buxoroga xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimining ko‘payishida muhim ahamiyatga ega. 

Korxonamizda  bugungi kunda 5 nafar oliy ma’lumotli mutaxassisning bandligi ta’minlangan. Ularning barchasi Buxoro davlat universitetining turizm fakulteti bitiruvchilaridir.

Turistik yo‘nalishdagi korxonamiz xodimlari bilan birga joriy 2022 yilning oxirigacha bundan bir muncha vaqt ilgari ishlab chiqilgan “Orzuim” istiqbolli loyihasini to‘liq amalga oshirishdan iboratdir. Ushbu loyiha doirasida shu kungacha mintaqamizda sayyohlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan video-rolik tayyorlab, viloyat televideniyesi orqali namoyish etishga erishdik. Turizm salohiyatini oshirishga shu tariqa beminnat hissa qo‘shib kelmoqdamiz. Yoshlarni turizm sohasidagi kasb-hunarga yo‘naltirish faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Shuningdek, milliy san’atimiz, boqiy qadriyat va an’analarimizni yurtimizga keladigan mahalliy va xorijiy turistlarga namoyish etish ularni viloyat va shahar miqyosida o‘tkaziladigan turli tadbirlarga jalb etish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish sohaning barcha xodimlari qatori bizning ham asosiy vazifalarimizdan biridir.

Yig‘ilishda Turizm va unga turdosh sohalarda mamlakatimiz bo‘yicha kamida 200 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish vazifasi belgilab berilganligi, buning uchun esa yetarli sharoitlar yaratib berilishi buxorolik soha xodimlari g‘ayratiga ham g‘ayrat qo‘shib yuborgani o‘z-o‘zidan ayon. O’zbekona mehmonnavozlikni butun bo‘y-basti bilan namoyon etib sayyohlarga bundan keyin ham davr talablariga mos sifatli xizmat ko‘rsataveramiz.

Videoselektor yig‘ilishidan o‘zimiz uchun bir qator dolzarb vazifalarni belgilab oldik. Ularning o‘z vaqtidagi va talab darajasidagi ijrosi esa sohamizga ko‘rsatilayotgan doimiy e’tiborga bergan amaliy javobimiz bo‘ladi.

Nigora Atakulova, Buxoro shahridagi

“Buxoro innovatsiyalar markazi” 

unitar korxonasi ijrochi

direktori, O‘zLiDeP faoli

  • Ko'rildi
    726
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+