Birja savdolarida erkin raqobat shakllansa, “yashirin iqtisodiyot” va korrupsiyaning “payi” qirqiladi

18.05.2022, 16:01

Birja savdolarida erkin raqobat shakllansa, “yashirin iqtisodiyot” va korrupsiyaning “payi” qirqiladi

Har qanday tovarning haqiqiy narxi birjada aniqlanadi. Lekin birja samarali ishlasagina bozor munosabatlarida erkin raqobat bo‘ladi. Shu jihatdan olganda, birja savdolari erkin raqobatni shakllantiradi, tadbirkorlarga yangi bozorlarni ochadi, “yashirin iqtisodiyot” va korrupsiyaning payini qirqadi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan tovar-xom ashyo birjasida savdolarni ko‘paytirish, mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda shu xususda fikr-mulohazalar bildirildi. Unda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda so‘nggi uch yilda birja savdo aylanmasi 2 baravarga o‘sib, 90 trillion so‘mga yetdi, sotiladigan tovarlar soni 3 baravarga ko‘paydi, xorijiy davlatlarda birjaning 20 ta savdo maydonchalari tashkil etilib, joriy yilning 4 oyida 170 million dollarlik mahsulot sotildi, o‘tgan yili 1 ming 274 ta xorijiy kompaniya O’zbekiston birjasiga katta hajmlarda mahsulot qo‘yishni boshladi.

Bu natijalar hali mavjud imkoniyatlarimizdan to‘liq foydalanayotganimizni ko‘rsatmaydi, deya ta’kidladi davlatimiz rahbari. Birja savdolarini tashkil etish, mahalliy tadbirkorlarning ishtirokini kengaytirish borasida hali tizimli muammolar mavjud. Misol uchun, birja savdolarining 85 foizini 45 turdagi yuqori likvidli mahsulotlar tashkil etmoqda. So‘nggi yillarda ishlab chiqarilishi keng yo‘lga qo‘yilgan tekstil, ipak, charm, kabel mahsulotlarining birja savdolaridagi ulushi past. Jizzax, Navoiy, Samarqand va Xorazmda birja savdolari ancha faollashgan. Lekin Sirdaryo, Andijon va Surxondaryodagi korxonalarning birja savdolaridagi ishtiroki pastligicha qolmoqda. Shu bilan birga, Zangiota 37 turdagi, Karmana 24 turdagi, Dang‘ara va Jomboy 17 turdagi mahsulotlarni birjaga chiqargan bo‘lsa, Andijon, Nurota, Qiziriq, Boyovut tumanlarida atigi 1 turdagi mahsulot birjaga qo‘yilmoqda.

Prezidentimiz bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha  mutasaddilar zimmasiga mahalliy mahsulotlarni birjaga olib chiqishni tuman darajasiga tushirish bo‘yicha tizim yaratish vazifasini qo‘ydi. Mahalliy mahsulotlarni birjada ko‘paytirish bo‘yicha yangi tizim O’rtachirchiq tumani misolida tushuntirildi.

Yig‘ilishda ayrim turdagi yuqori likvidli tovarlar birjaga qo‘yilmagani oqibatida ularning narxlarida o‘sish kuzatilayotgani ta’kidlandi.  Misol uchun, o‘tgan yilgi paxta hosilidan qariyb 1,5 million tonna texnik chigit olingan bo‘lsada, shundan birjaga 939 ming tonnasi yoki 56 foizi chiqarilgan. Yoki, birjadan chigit olgan 119 ta yog‘-moy korxonalaridan 20 tasi paxta yog‘ini birja savdolariga umuman qo‘ymagan.  Shu bois yuqori likvidli mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yilgani ustidan tizimli nazorat o‘rnatish vazifasi qo‘yildi.

Umuman olganda qachonki, barcha mahsulotlar birja savdolari orqali sotilsa, “yashirin iqtisodiyot” va tanish-bilishchilikka barham berilsa, har bir mahsulotning haqiqiy bozor bahosi kelib chiqadi. Narxlarning sun’iy oshishi va tovarlar taqchilligiga barham beriladi. Shunday ekan, bu muhim tizimni muntazam nazorat qilish va haqqoniy bozor munosabatlarini shakllantirish uchun har birimiz o‘zimizni mas’ul ekanimizni unutmasligimiz lozim.

Hazratqul XO’JAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    723
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+