O’zbek va tojik xalqlari azaliy do‘stligining yorqin namunasi

06.06.2022, 16:20

O’zbek va tojik xalqlari azaliy do‘stligining yorqin namunasi

Bu ikki xalq go‘yo et bilan tirnoq. Azaliy do‘stlik, qardoshlik rishtalari uzoq tarixga ega. Urf-odati, dini, hayotga qarashlari bir biriga go‘yo ikki tomchi suvdek o‘xshash bu xalqlarning davlatlararo do‘stona munosabatlari bugungi kunda yangicha mazmun-mohiyat kasb etmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon o‘rtasidagi oliy darajadagi rasmiy uchrashuv tarixiy ahamiyatga ega. Uchrashuvda abadiy do‘stlikni mustahkamlash va ittifoqchilik to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolanishi ikki davlat o‘rtasidagi bu o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tardi.

Eng muhimi, hukumatlar, vazirlik va idoralar darajasida ko‘p qirrali  O’zbekiston-Tojikiston hamkorligini yangi pog‘onaga ko‘tarishga qaratilgan 11 ta hujjatning imzolanishi turli sohalardagi aloqalar rivojiga  xizmat qilishi shubhasizdir.

Bu haqda gap ketganda, sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, madaniyat vazirliklari o‘rtasida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan madaniyat va san’at sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida bitim, O’zbekistonning Jizzax viloyati va Tojikistonning So‘g‘d viloyati o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, Atrof-muhitni muhofaza qilish va suvdan oqilona foydalanish sohalarida hamkorlik to‘g‘risida memorandum hamda ipakchilik tarmog‘ida hamkorlik to‘g‘risida memorandum kabi tarixiy ahamiyatga ega hujjatlarga imzo chekilgani ikki birodar xalqning bir-biriga bo‘lgan mehr-muhabbati, sadoqatini mustahkamlashga, shu bilan birga iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy aloqalarini yangicha tartibda davom ettirishga keng yo‘l ochadi.

Men aminmanki, ikki do‘st va birodar xalq davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvi O’zbekiston hamda Tojikiston respublikasi istiqboliga xizmat qiladi. Zero, uzoq tarixga ega azaliy qardoshlik rishtalarining yanada mustahkamlanishi ikki davlat manfaatlari uchun ham foydalidir.

Hazratqul Xo‘jamqulov,

Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    531
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+