O’ZBEKISTON–OZARBOYJON: ABADIYATGA DAXLDOR MUSTAHKAM KO’PRIK

23.06.2022, 09:52

O’ZBEKISTON–OZARBOYJON: ABADIYATGA DAXLDOR MUSTAHKAM KO’PRIK

Yaqindagina O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Ozarbayjon Respublikasida bo‘lib qaytgan edi.

Tashrif doirasida rasmiy uchrashuvlar bilan birga Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti parlament Assambleyasining uchinchi bosh konferensiyasida ishtirok etdik. Mazkur anjuman “Pandemiyadan keyingi davrdagi hamkorlik: muammolar va qayta tiklanish imkoniyatlari” mavzusiga bag‘ishlandi.

Delegatsiya a’zosi sifatida uchrashuvlarda bevosita qatnashar ekanman, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar chuqurlashib borayotganining guvohi bo‘ldim. Buni mezbonlar ham qayta-qayta qayd etib, tarixi va tili bir bo‘lgan, madaniy ildizlari mushtarak O’zbekiston bilan hamkorlikdan mamnun ekaniga urg‘u berishdi.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qardoshi, birodari sifatida hurmat qilishini, ikki davlat rahbarlari ham vaqtida parlament deputati bo‘lib faoliyat ko‘rsatganini chuqur samimiyat bilan ma’lum qildi.

Safar davomida ikki mamlakat ham mustaqil siyosat olib borayotgani, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalardagi o‘z qat’iy nuqtai nazari bilan yuksak hurmatga sazovor ekani alohida e’tirof etildi. Bundan tashqari, Ozarbayjon rahbari pandemiyadan keyingi ilk rasmiy tashrifini O’zbekistonga amalga oshirishi ham bejiz emasligi ma’lum qilindi.

Prezident Ilhom Aliyevning O’zbekistonga tashrifi Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi, o‘zbek xalqining yaqin do‘sti Haydar Aliyev sharafiga nomlangan ko‘chaning va uning yodgorligi ochilishidan boshlangani katta ramziy ma’noga ega. Haydar Aliyev nomidagi obod ko‘cha va xiyobon qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlikning yorqin ifodasidir.

Tashrif davomida Ozarbayjon O’zbekistonning yaqin do‘sti va vaqt bilan sinalgan, ishonchli strategik sherigi ekani ta’kidlandi. Bugungi kunda o‘zaro manfaatli hamkorlik, do‘stlik rishtalari va o‘zaro anglashuv mustahkamlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Umuman olganda, Ozarbayjon Prezidentining tarixiy ahamiyatga ega davlat tashrifi oldinga tashlangan ulkan qadamdir. Bunga ushbu tarixiy safarni yoritayotgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ham jiddiy e’tibor qaratishdi. Muzokaralar ochiqlik, o‘zaro ishonch ruhda o‘tgani, imzolangan hujjatlar O’zbekiston va Ozarbayjon xalqlari manfaatlariga xizmat qilishi alohida ahamiyatga molikdir. Ishonchimiz komilki, qardosh davlatlarimiz, birodar xalqlarimizning ko‘p asrlik do‘stona munosabati bundan buyon ham rivojlanib, ikki yurt farovonligi yuksalib boraveradi.

Nigora QUTLIMUROTOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

 O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    343
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+