Ko‘p qirrali O’zbekiston - Turkmaniston munosabatlari bugun yangicha sur’atda davom etmoqda

15.07.2022, 17:21

Ko‘p qirrali O’zbekiston - Turkmaniston munosabatlari bugun yangicha sur’atda davom etmoqda

O’zbeklarda ham, turkmanlarda ham “qo‘shnining haqi” degan ulug‘ bir tushuncha mavjud. Bu – topgan tutganining bir qismini qo‘shniga ulashish, yaqin munosabatda bo‘lish, hol-ahvol so‘rash, yaxshi-yomon kunlarida bir-birini qo‘llash kabi azaliy qadriyatlar mohiyatini anglatadi. Binobarin, o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik uzoq tarixga borib taqaladi. Alisher Navoiiy va Mahtumquli kabi ulug‘ shoirlar madh etgan bu do‘stlik rishtalari bugun ham juda mustahkam ekaniga shak-shubha yo‘q.

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhammedovning rasmiy tashrif bilan yurtimizga kelishi ana shu go‘zal qadriyatlarimiz gultoji bo‘lmish yaqin qo‘shnichilik an’analariga yangicha sur’at va sifat baxsh etdi.  Uchrashuvda O’zbekiston yetakchisi Turkmaniston Prezidentining tashrifi xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga asoslangan birodarlik rishtalari tarixida muhim bosqich ekanini ta’kidlab, Turkmaniston bilan har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash O’zbekiston tashqi siyosatining o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishi ekanini qayd etdi.

Bu tashrif qator istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish, qo‘shma loyiha ofisini ochish yuzasidan qabul qilingan qarorlar muzokaralarning muhim natijasi bo‘ldi. Avtomobilsozlik, kimyo, elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi. Shu maqsadda o‘rta muddatli Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturi qabul qilindi.

Shuni mamnuniyat bilan e’tirof etishni istar edimki, davlat rahbarlari keng ko‘lamli strategik sheriklikni rivojlantirish va kengaytirish, uni sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitish, birodar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lida aniq va samarali natijalarga erishishga qat’iy intildilar va bu o‘zining ijobiy samaralarini berdi. Zotan, ikki davlat va ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlandi, yangicha bir mazmun-mohiyat kasb etdi. Eng muhimi esa bu hamkorlik hamda strategik sheriklik o‘zbek-turkman xalqlarining istiqboliga xizmat qiladi.

Dilbar USMONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik  palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    582
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+