Afg‘onistondagi tinchlik va taraqqiyot Markaziy Osiyoning barqarorligi kafolatidir

28.07.2022, 09:32

Afg‘onistondagi tinchlik va taraqqiyot Markaziy Osiyoning barqarorligi kafolatidir

Shavkat Mirziyoyev davlatimiz rahbari sifatida ish boshlagan ilk kunlardanoq  barcha davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratgan edi. Keyingi yillarda, xususan, Afg‘onistonga nisbatan ham  oqilona siyosat izchil davom ettirilyapti.

O’zbekiston ko‘p yillardan beri afg‘on xalqiga har tomonlama beg‘araz yordam beryapti. Mamlakatimizning bu o‘lkada tinchlik, totuvlik, taraqqiyotga erishish borasidagi sa’y-harakatlarini Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkentda o‘tkazilgan “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari yana bir karra e’tirof etdilar.

Mazkur xalqaro konferensiyada 20 dan ortiq mamlakatdan 100 dan ortiq delegatsiya, BMT, Yevropa Ittifoqi, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va  boshqalar qatnashmoqda. Afg‘oniston delegatsiyasi tashqi ishlar vaziri v.b. Amirxon Muttaqiy boshchiligida ishtirok etyapti.

Davlatimiz rahbari anjuman ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi.

 Unda, jumladan, “Amudaryoning narigi sohilida tinchlik bo‘lmasa O’zbekistonda ham, butun Markaziy Osiyo mintaqasida ham xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi”, deyiladi. Darhaqiqat, shunday. “Qo‘shning tinch – sen tinch” deydi xalqimiz. Xayrli intilishlar ro‘yobga chiqishining birlamchi sharti tinchlik, osoyishtalikdir.

Murojaatda Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalab qo‘yilishi gumanitar vaziyatning yanada yomonlashuviga olib kelishi muqarrar, shu bois bunga yo‘l qo‘ymaslik muhimdir. Gap millionlab insonlarning taqdiri haqida bormoqda, degan fikr ham tilga olinadi.  Haqiqatan ham Afg‘oniston mintaqaviy hamkorlik hamda jahon hamjamiyati aloqalarida g‘oyat faol qatnasha oladi. Buning uchun unga ko‘mak berish, bu yo‘nalishda tizimli ish olib borish kerak.

Shuningdek, O’zbekiston yetakchisi Afg‘onistonning hozirgi hukumatini terrorizmning har qanday shakli va ko‘rinishlari oldini olish va ularga qarshi kurashish, barcha xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqalarni uzish uchun o‘zining qat’iy irodasini namoyon etib, keskin choralar ko‘rishga chaqirdi. Prezidentimiz “Afg‘oniston iqtisodiyotini qayta tiklash vazifasi bizning umumiy ustuvor yo‘nalishimizga aylanishi kerak, bu jafokash afg‘on zaminida mustahkam tinchlik o‘rnatishning muhim sharti hisoblanadi” deb ta’kidladi.

Konferensiya qatnashchilari mamlakatimiz rahbarining mazkur takliflari g‘oyat chuqur mazmunga egaligini qayd etib, ularni qo‘llab-quvvatladilar.

Shu o‘rinda aytib o‘tishni istardikki, davlatimizning Afg‘oniston borasida tutgan yo‘li, sa’y-harakatlari partiyamiz saylovoldi dasturidagi  samarali, o‘zaro manfaatli, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosat yo‘nalishida belgilangan vazifalarga uyg‘undir. Xususan, tashqi siyosat sohasidagi faoliyatimiz avvalo xalqimiz, Vatanimiz manfaatlari har tomonlama hisobga olingan holda amalga oshirilmoqda. Binobarin, O’zLiDeP mamlakatimizning bu borada olib borayotgan ishlarini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi va shunga hamohang tarzda ish yuritadi. 

Ishonchimiz komilki, ushbu xalqaro konferensiya qo‘shni mamlakat bilan yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash,  Amudaryoning ikki qirg‘og‘ida hamjihatlik bilan yashab kelgan xalqlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirish, savdo aloqalarini rivojlantirish, ilm-fan sohasidagi yutuqlar bilan o‘rtoqlashishga sharoit yaratish, xalqaro terroristik tashkilotlar Afg‘onistonni o‘zining doimiy makoniga aylantirib olishiga yo‘l qo‘ymaslik singari maqsadlarga erishilishiga sezilarli turtki beradi.

Dilshod Shoumarov,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari

 
  • Ko'rildi
    412
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+