Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot muammolarga yechim topishning eng maqbul yo‘li

05.08.2022, 09:52

Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot muammolarga yechim topishning eng maqbul yo‘li

Qaysiki mamlakatda tadbirkorlarga qulay imkoniyatlar yaratilsa va ularning muammolariga yechim topilsa, o‘sha mamlakatda yuksalishlar ro‘y beradi. Yurtimizda ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan har yili 20 avgustda tadbirkorlar bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazilayotgani bir qator yechimini kutayotgan muammolarga barham topishda qo‘l kelmoqda. Ayniqsa, bu muloqot ishbilarmon yoshlarning o‘z biznesini yanada rivojlantirishi uchun motivatsiya bermoqda.

2021 yilning 20 avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ilk bor ochiq muloqot o‘tkazgan edi. Shu sana mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” sifatida belgilandi va har yili mazkur sana Prezident va tadbirkorlar o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazish an’ana tusini oldi.

Kuni kecha davlatimiz rahbari ochiq muloqotga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda tadbirkorlardan savol va takliflarni yig‘ish bo‘yicha respublika shtabi hamda “koll-markaz” tashkil etilganligi aytilib, bugungi kungacha 7 ming 200 dan ortiq taklif va murojaatlar kelib tushgani qayd etildi. Respublika shtabi a’zolari ularda ko‘tarilgan tizimli va xususiy masalalarni har kuni muhokama qilib bormoqda. Ularning aksariyati joyida hal etilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, xususiy mulk himoyasi, litsenziya va ruxsatnomalar olishdagi byurokratiya, tadbirkorlar uchun kredit, yer va bino ajratish, soliq ma’murchiligi hamda infratuzilma masalalari dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yig‘ilishda bu muammolarning sabablari va ularni hal etish choralari ko‘rib chiqildi. Davlatimiz rahbari har bir murojaatni, ayniqsa, kichik va o‘rta biznesni qiynayotgan masalalarni alohida nazoratga olib, qonuniy va ijobiy yechim topish zarurligini ta’kidladi. Hududlarga chiqib, tadbirkorlarning muammo va takliflarini o‘rganish asosida biznes uchun sharoitlarni yaxshilash, tartib-taomillarni soddalashtirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi.

Umuman olganda, Prezident ishtirokida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilayotgani yechimini kutayotgan dolzarb muamollarni hal etishda eng maqbul yo‘l ekani o‘zini oqlamoqda. Chunki ochiq va yuzma-yuz muloqotlarda tadbirkor va ishbilarmonlar o‘z dardini, muammosini ochiq bayon etish uchun minbar yaratilgan. Ana shu minbarda turib aytilgan hamma masalalar ijobiy yakun topmoqda. Bu albatta, tadbirkorlar faoliyatini yuksaltirishda va byurakratik to‘siqlarni olib tashlashda ham korrupsiyaga qarshi ayoyavsiz kurashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Hazratqul XO’JAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    706
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+