O’zbekiston raisligi davrida ShHT nufuzi yanada yuksalib, ta’siri kuchaydi

15.08.2022, 11:00

O’zbekiston raisligi davrida ShHT nufuzi yanada yuksalib, ta’siri kuchaydi

Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) tashkil etilganidan buyon  o‘tgan davr mobaynida terrorizm, ekstremizm,  separatizm,  giyohvand  moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashda amaliy hamkorlikni  samarali yo‘lga qo‘ygan to‘laqonli mintaqaviy tuzilmaga aylandi. Toshkent shahrida joylashgan ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasining  muvaffaqiyatli faoliyati Tashkilotning  muhim ish uslublaridan biri hisoblanadi.   

Shu bilan birga ShHT  faqat xavfsizlik  sohasidagi ishlar bilan cheklanib qolmayapti, uning faoliyat doirasi ancha  keng. Tashkilotning Shanxay deklaratsiyasi va Xartiyasi kabi  asosiy  ta’sis hujjatlari uni  siyosiy, iqtisodiy,  madaniy, gumanitar va boshqa sohalarga  yo‘naltirilgan  hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida ilgarilayotgan tuzilma sifatida belgilaydi. Bu omil ShHT ni  ta’sis etuvchi davlatlar  Tashkilotni yangi turdagi universal kun tartibiga ega  mintaqaviy yangi turdagi tuzilma sifatida anglayotganliklarini ko‘rsatadi.

ShHTning universalligi o‘zaro ishonch, o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan munosabatlar, tenglik, o‘zaro maslahatlashuv,  madaniy xilma-xillikni hurmat qilish, umumiy taraqqiyotga intilish kabi  tamoyillarni o‘z ichiga olgan “shanxay ruhi” konsepsiyasining chuqur mohiyati bilan izohlanadi. Shuni ham qayd etish zarurki, Tashkilotga a’zo davlatlar siyosiy, harbiy va iqtisodiy qudratidan qat’i nazar,  barchasi teng huquqlidir.  ShHT doirasidagi barcha qarorlarni konsensus asosida  qabul qilish ana  tamoyilning hayotga tatbiq etilishiga xizmat qiladi. Bu esa, o‘z navbatida Tashkilotga a’zo barcha davlatlarga tuzilma   faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda faol ishtirok etish imkonini beradi. ShHT  doirasida  iqtisodiy  hamkorlik masalalariga ham ustuvor ahamiyat berilyapti.  

Tashkilot hayotidagi  so‘nggi muhim voqealardan biri,  shubhasiz, uning 2017 yilda Osiyoning ikki yirik  mamlakati – Hindiston va  Pokiston hisobiga yanada kengayishi bo‘ldi.  Endilikda ShHT yirik transmintaqaviy tashkilotlardan biriga aylandi. Masalan, XXR (Xitoy Xalq Respublikasi), RF (Rossiya Federatsiyasi), Hindiston va Pokiston yadroviy davlat  maqomiga ega, shuning barobarida Rossiya va Xitoy BMT  Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolaridir. ShHT mamlakatlarida dunyo  aholisining qariyb yarmi  istiqomat qiladi,  a’zo davlatlar umumiy maydoni Yevroosiyo hududining 60 foizini egallaydi. ShHT  davlatlari yalpi ichki mahsulotining hajmi  dunyo YaIM ning qariyb 23 foizini tashkil etadi.

Bugungi kunda dunyoda yuz berayotgan o‘zgarishlar,  mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamjihatlikning susayib borishi  ShHT oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. O’zbekiston ShHT ta’sischilaridan biri  sifatida  barcha mamlakatlarning  hayotiy  xohish-istaklariga mos keluvchi istiqbolli yo‘nalishlarda  amaliy hamkorlikni rivojlantirish orqali bu tashkilot salohiyatini  to‘liq ro‘yobga chiqarilishidan   manfaatdor.  Shu bois ShHT bilan munosabatlarni rivojlantirish O’zbekiston tashqi siyosatining muhim  yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda.

ShHT O’zbekiston uchun birinchi navbatda mazkur tashkilotning geografik  o‘qi  bo‘lib qolayotgan Markaziy Osiyoda barqarorlik va  keng hamkorlikni ta’minlovchi muhim, o‘zida ko‘p yo‘nalishlarni jamlagan maydon hisoblanadi.

Tashkilotning  mintaqaviy masalalarga e’tiborini, shuningdek, Afg‘oniston Islom Respublikasining mintaqaviy jarayonlarda yanada  faol ishtirok etishi  sharoitida ShHTning afg‘on muammosiga e’tibori kuchayishi muhimligida ham ko‘rish mumkin.

Hozirgi kunda O’zbekiston ShHTga muvaffaqiyatli raislik qilib kelmoqda. An’anaviy hamkorlik  va logistika  zanjirlariga putur yetishi,  oziq-ovqat va energetika xavfsizligi sohasidagi vaziyatning keskinlashuvi,  inflyatsiyaning tez sur’atda o‘sishi, dunyodagi aksariyat mamlakatlarda  ijtimoiy-iqtisodiy  vaziyatning yomonlashuvi, xavfsizlik va barqaror rivojlanish bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga shay turish  uchun  samarali muvofiqlashtirish va yaqin ko‘p qirrali hamkorlik zaruratini  kuchaytirmoqda.

Turli mamlakatlarning ShHT va u bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqishi ortib borayotgani bejiz emas. Bugungi kunda o‘ndan ortiq davlatning Tashkilot faoliyatida u yoki bu maqomda ishtirok etish to‘g‘risidagi arizalari ko‘rib chiqilmoqda. Bularning barchasi ShHT siyosiy, iqtisodiy va ilmiy-intellektual  salohiyati jihatidan kuchli uyushmalardan biriga aylanayotganidan darak beradi.

O’zbekiston ShHT ga raisligi davrida 70 dan ortiq yirik tadbirlar o‘tkazildi,  Samarqand  sammiti yakunida  qabul qilinishi rejalashtirilgan 28 ta hujjatni muvofiqlashtirish ishlari yakunlandi. Mintaqalararo  savdo, sanoat kooperatsiyasi va transport bog‘liqligini kuchaytirish konsepsiyalari va dasturlari shular jumlasidandir. Shuningdek, “yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, logistika, qishloq xo‘jaligi,  sog‘liqni saqlash va boshqa yo‘nalishlarda ham  qo‘shma loyihalar va tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

Shu kungacha ShHT ga a’zo barcha davlatlarning rahbarlari 15-16 sentabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan mazkur tashkilot sammitida  ishtirok etishlarini tasdiqladilar. Uchrashuvda ShHT huzuridagi kuzatuvchi davlatlarning yetakchilari,  hamkor tashkilotlar – BMT, MDH, JHShT, YeOII va boshqa tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etadi. Samarqandda bo‘lib o‘tadigan sammitda Eron  ShHT a’zoligiga kirishi va Eronning ShHT  a’zosi sifatidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi  kutilmoqda. Shuningdek, Belorussiya ham ShHT ga qo‘shilish to‘g‘risida ariza bergan va sentyabrda bo‘lib o‘tadigan sammitda ushbu mamlakatni tuzilmaga qabul qilish tartibi boshlanadi.

Samarqandda bo‘lib o‘tadigan ShHT sammiti  Tashkilotning bloklarga qo‘shilmaslik hamda uning Markaziy Osiyo geografik yadrosi maqomini saqlab qolish, yangi tahdidlarga qarshi kurashish salohiyatini kuchaytirish, transchegaraviy loyihalarni ilgari surish va Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga faolroq jalb etish kabi masalalarni atroflicha muhokama qilish imkonini beradi. Bularning barchasi O’zbekistonning  mamlakatlar va xalqlar manfaatlari yo‘lida ShHT doirasida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, keng ko‘lamli hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilishidan dalolatdir.  

Azamat Seitov,

O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

sektori mudiri, sotsiologiya fanlari doktori.

  • Ko'rildi
    605
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+