Endi tadbirkor muammolar haqida emas, muvaffaqiyatlar haqida o‘ylaydi

23.08.2022, 17:03

Endi tadbirkor muammolar haqida emas, muvaffaqiyatlar haqida o‘ylaydi

O’zi tadbirkorga hech qachon oson bo‘lmagan. Axir ular yo‘q joydan mo‘jiza yaratishadi. Elga naf keltirish, yurtni rivojlantirish, mamlakat dovrug‘ini dunyoga yoyish uchun tinim bilmaydi. El-ulusga kamarbasta bo‘lgan shunday fidoyi kishilar mehnati qadrlanmagan, o‘zlari muammolar girdobiga qolgan yillar ham bo‘ldi. Mana bugun ularning yelkasiga oftob tegdi. Endi ular muammolar haqida emas muvaffaqiyatlar haqida o‘ylaydi.

Bundan roppa-rosa bir yil oldin 20 avgust kuni davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularni bevosita tinglaganida, ko‘plab muammolar, hal etilmagan masalalar aniqlangan edi. O’tgan yilgi ochiq muloqotda tadbirkorlardan tushgan minglab murojaatlarda ko‘tarilgan muammolar bo‘yicha dastur, 70 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilindi. Biznesni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun 130 trillion so‘m kredit, 3,5 trillion so‘mlik subsidiya va kompensatsiyalar ajratildi.

O’tgan yili xorijiy valyutada kredit olgan va valyuta kursining muntazam o‘sishi sababli qiyin ahvolga tushib qolgan yuzlab tadbirkorlarga 123 million dollarga teng kreditlari milliy valyutaga o‘tkazib berildi. Shuning hisobiga mamlakatimizda eksport qiluvchi korxonalar soni 7,5 mingtaga yetdi, umumiy eksport hajmi 30 foiz ko‘paydi. Mana shu natijalar o‘tgan yilgi ochiq muloqotning yorqin samaralari, desak sira mubolag‘a bo‘lmaydi.

Kuni kecha Prezidentimizning tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti bu boradagi ishlarni yanada izchil davom ettirilayotganini ko‘rsatmoqda. Muloqotdan muloqotgacha o‘tgan davrda tadbirkorlardan tushgan murojaatlar asosida ular endilikda toifalarga ajratilishi, qo‘shimcha qiymat solig‘i 12 foizga tushirilishi, mulk huquqini himoya qilishda aniq tizim joriy etilishi kabi ko‘plab masalalar hal etiladigan bo‘ldi.

Aytmoqchimanki, mamlakatimizda boshqa davlatlarda uchramaydigan ochiq muloqot tizimi joriy etilgani tadbirkorlikni yanada jadal rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tadbirkorlik sohasi vakillari safi kengayib, ular mamlakatimiz taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lida astoydil xizmat qilmoqdalar. Zotan, tadbirkori, ishbilarmoni fidoyi elda taraqqiyot bo‘ladi.

 Dilbar Usmonova,

Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    307
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+