Prezident tashrifi Toshkent viloyati ahli quvonchiga sabab bo‘ldi

27.09.2022, 15:29

Prezident tashrifi Toshkent viloyati ahli quvonchiga sabab bo‘ldi

Uy-joy bilan ta’minlash masalasi 2022 yil boshida aholisi soni qariyb 3 millionga yetgan Toshkent viloyatining og‘riqli nuqtalaridan biri edi.

Nurafshon shahri viloyat markazi etib belgilanganidan keyin bu yer katta qurilish maydoniga aylandi. Kun sayin baland binolar bo‘y cho‘zib bordi. Ammo, bilamizkim, demografik ko‘rsatkichlar o‘sishi bilan aholining uy-joyga ehtiyoji ham ortib boradi. Tan olib aytish kerakki, bugun viloyatda barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar joy binolari aholi ehtiyojini qoplash darajasida yetarli emas edi. 

Nurafshon shahrida bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi sessiyasida ishtirok etgan damlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Olmaliq, Chirchiq, Angren, Bekobod, Ohangaron, Nurafshon va Yangiyo‘l shaharlarida 19 ta avariya holatidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchilarni zamonaviy uy-joy bilan ta’minlash kerakligini ta’kidladi va kelgusi yilga ehtiyojmand aholi uy-joy ipotekasi uchun 100 milliard so‘m subsidiya ajratish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berdi.

Viloyatdagi har bir fuqaroga bir marta yangi qurilgan xonadonni imtiyozli ipotekaga olish imkoniyatini berish kerakligi, kelgusi yildan “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturini Toshkent viloyatidan boshlash taklif qilinganining o‘zi ham davlatimiz rahbari olib borayotgan siyosat naqadar xalqparvar ekanidan dalolat berdi.

Toshkent viloyatidan boshlangan “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturi o‘zini oqlab, butun respublika bo‘ylab keng quloch yoyib, xalqimizning munosib turmush kechirishiga xizmat qiluvchi xayrli islohot bo‘lgani bilan haqli ravishda tarix zarvaraqlarida qolishi shubhasiz.

Zangiota tumanida barpo etilayotgan “Yangi O’zbekiston” massivi ham xalqimizning bunyodkorlik salohiyati namunasi bo‘lishi muqarrar.

Uy-joy bilan ta’minlash borasida davlatimiz rahbari tomonidan berilgan ushbu taklif va topshiriqlar xalqimiz va keng jamoatchilik tomonidan katta xursandchilik bilan qarshi olindi.

Zero, aholini arzon va sifatli uy-joy bilan ta’minlash o‘nlab ijtimoiy muammolarni hal qiladi.

Bugun viloyat ijtimoiy tarmoqlarini kuzatib turgan aholi vakillari uy-joy masalasi borasidagi ushbu xayrli tashabbusni keng qo‘llab-quvvatlayotgani, buni ulkan quvonch bilan o‘zaro bo‘lishayotganing o‘zi ham ularning mamlakatda olib borilayotgan siyosatdan mamnun ekanliklarini ifodalaydi. Hayotdan rozi bo‘lib yashayotganidan dalolat beradi.

Sessiyada ko‘tarilgan mazkur hayotbaxsh masala butun viloyat ahli quvonchiga sabab bo‘ldi.

Kelgusi yildan boshlab amalga oshiriladigan ushbu dasturni ro‘yobga chiqarishda respublikamizning eng yirik sanoat zonasi bo‘lgan Toshkent viloyatining imkoniyati yuqori.

To‘lqinjon Fayziyev,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi raisi,

Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashidagi

partiya deputatlik guruhi rahbari

  • Ko'rildi
    312
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+