O’zbekiston-Turkmaniston strategik munosabatlarida yangi davr boshlandi

21.10.2022, 17:39

O’zbekiston-Turkmaniston strategik munosabatlarida yangi davr boshlandi

Ikki qardosh xalqning bir-biriga yaqinligi va azaliy do‘stligi ularning tili, dini, urf-odatlari va qadriyatlari o‘xshashligi bilan ifodalansa, ikkinchi tomondan madaniy, ma’naviy va ma’rifiy jihatdan o‘zaro hamjihat va hamkor xalqlar ekanligi bilan ham taqsinga sazavordir. Binobarin, Alisher Navoiy va Maxtumquli kabi ulug‘ shoirlar o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va nazmiy bog‘liqlik bugungi kunda ham davom etib kelyapti.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga ikki kunlik rasmiy tashrifi va unda ikki davlat o‘rtasida ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikning kengaytirish yo‘lida olib borilgan muzokoralar azaliy qardoshligimizning bardavomligiga xizmat qilmoqda. Shu o‘rinda aytish joizki, O’zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik munosabatlarda yangi davr boshlandi. Buni  ikki mamlakat Chegaraoldi savdo zonasi ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ish boshlangani misolida yaqqol kuzatish mumkin.

Aytish joizki, ikki davlat yetakchilari kooperatsiya loyihalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratgani, sanoat, energetika, kimyo tarmog‘i va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor tarmoqlarda yangi loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish borasidagi ishlarni kuchaytirishga kelishib olishgani ham yuqoridagi fikrimizni tasdiqlab turibdi.

Transport sohasi - hamkorlikning strategik yo‘nalishlaridan biri ekani bizga yaxshi ma’lum. Shu ma’noda davlat rahbarlari “Sharq - G’arb” va “Shimol - Janub” yo‘nalishlarida, shu jumladan Turkmanboshi porti imkoniyatlaridan foydalangan holda transport yo‘laklarini faol rivojlantirishga ahdlashgani ham muhim qarorlardan biri bo‘ldi.

Mamlakatlarimiz suv sohasida yuksak darajada hamkorlik qilayotgani bugungi global inqiroz sharoitda juda oqilona sa’y-harakat hisoblanadi. Toshkentda imzolangan Amudaryo bo‘yicha bitimni keng ko‘lamda amalga oshirilayotgani so‘zimizni tasdiqlab turibdi.

Bir so‘z bilan ifodalaganda o‘zbek-turkman munosabatlarining yuqori darajaga ko‘tarilayotgani, ko‘pqirrali sheriklik sohasida muayyan natijalarga erishilayotganini ikkala davlat xalqlari ham manuniyat bilan qabul qilmoqda. Chunki, davlatlarning hamkorligi xalqlarning birlashishiga, hamjihatlik esa ulkan muvaffaqiyatlarga poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Hazratqul Xo‘jamqulov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    359
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+