Turkiy dunyoni buyuk kelajak kutmoqda

11.11.2022, 16:46

Turkiy dunyoni buyuk kelajak kutmoqda

Dunyo tamaddunining beshigi hisoblangan Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishining o‘tkazilishi bejiz emas. Chunki, Samarqand azal-azaldan dunyo mamlakatlarini bir maqsad va maslak yo‘lida birlashtirishda muloqot markazi vazifasini bajarib kelgan. Bugungi kunda ham qadimiy va hamisha navqiron shahar uzoq-yaqin mamlakatlarning eng nufuzli anjumanlariga mezbonlik qilib kelmoqda.

Binobarin, Turkiy davlatar tashkiloti rahbarlari  kengashining O’zbekiston mezbonlik qilayotgan bu galgi uchrashuvi ham go‘zal va betakror Samarqandda muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Qolaversa, turkiy dunyo davlatlarining va xalqlarining birlashishi mintaqada tinchlik, xotirjamlik, farovonlik hamda geosiyosiy hamda mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishiga shak-shubha yo‘q. Shu ma’noda Turkiy dunyoni buyuk kelajak kutib turibdi, desak sira mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Yig‘ilishda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya prezidentlari, Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi hamda Vengriya Bosh vaziri, shuningdek, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY), Turkiy davlatlar parlament assambleyasi (TURKPA), Xalqaro turkiy akademiya, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi rahbarlarining ishtirok etgani anjuman nufuzini yanada oshirdi.

Davlat rahbarlari siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilish asnosida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, turizm, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratishdi. Hududlar o‘rtasida fan va ta’lim, texnologiyalar va innovatsiyalar borasidagi hamkorlikning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish yuzasidan ham fikr almashishdi.

Albatta, bugun dunyoda geosiyosiy ziddiyatlar, global iqtisodiy inqiroz va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari ortib borayotgan sharoitda Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining o‘zaro muloqoti bu dolzarb muammolarga yechim topishda hamda umumiy yondashuvlarni belgilab olishda nihoyatda muhimdir.

Shu munosabat bilan O’zbekiston o‘z raisligi davrida “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasi hamda qabul qilingan Turkiy davlatlar tashkilotining besh yillik strategiyasini samarali amalga oshirish, 170 milliondan ortiq aholi yashaydigan ulkan mintaqani o‘z ichiga olgan Tashkilot nufuzini yanada mustahkamlash, va eng asosiysi – tarixi, tili va madaniyati mushtarak bo‘lgan qardosh xalqlarimiz va davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yuksak pog‘onaga olib chiqishga harakat qilinadi. Albatta, bu borada O’zbekiston rahbari Tashkilot faoliyatining chuqur tahlili asosida turkiy mamlakatlarning ulkan salohiyati va imkoniyatlarini ishga solishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Xususan, mamlakatlarimizning o‘zaro tovar aylanmasi umumiy tashqi savdomizning atigi 4 foizini tashkil etadi. Uning qolgani esa uchinchi davlatlar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Albatta, bunday holat hech birimizni qoniqtirmaydi, - deya ta’kidladi Prezidentimiz va bu strategik yo‘nalishda vaziyatni tubdan o‘zgartirish, savdo, investitsiya va xizmatlarning erkin harakatini ta’minlash uchun Tashkilot doirasida “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududini”ni barpo etish tashabbusini ilgari surdi.

Tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. Va aytish joizki, bu nufuzli anjuman mintaqadagi davlatlarni va xalqlarni ham siyosiy, ham iqtisodiy va ma’naviy jihatdan bir-biriga yanada yaqinshaltiradi ham do‘stlik, qardoshlik aloqalarini yanada mustahkamlaydi, deb ishonaman.

Dilbar Usmonova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

***

Mamlakatimizda ro‘y berayotgan yangilanishlar, olamshumul o‘zgarishlar haqida eshitganimda deputat sifatida emas, balki shu jonajon yurtning oddiy bir fuqarosi sifatida g‘ururlanib ketaman. Albatta, keyingi paytda ertamizning dunyoda o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘layotgani, qolaversa, O’zbekiston keyingi 6 yilda ichki va tashqi siyosatda ulkan  muvaffaqiyatlarga erishayotgani, qolaversa, Yangi O’zbekistonni barpo etish yo‘lida olib borilayotgan siyosatimizni mintaqadagi va dunyodagi davlatlar mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlayotgani quvonarlidir. Shu jihatdan olganda, Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining Samarqandda o‘tkazilayotgan anjumanining muvaffaqiyatli o‘tayotgani ham kishida cheksiz iftixor hissini uyg‘otmoqda.

Mazkur nufuzli Anjumanda Samarqand shahrini “Turkiy sivilizatsiya poytaxti” deb e’lon qilish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangani diqqatimni tortdi. Tan olish kerak, haqiqatda Samarqand ming yillar davomida Sharq va G’arbni tutashtirib, jahon sivilizatsiyalarini bir-biriga yaqinlashtirib, dunyo madaniyatlarini birlashtirib kelgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev anjumandagi nutqida Biz Turkiy dunyo buyuk tarixining yorqin sahifalari ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan birgalikda yaratilgani bilan haqli ravishda faxrlanamiz, ana shunday bebaho merosni saqlab qolish, uni chuqur o‘rganib, kelgusi avlodlarimizga bezavol yetkazish barchamiz uchun eng asosiy vazifa ekanini alohida ta’kidladi. Binobarin, davlatimiz rahbari “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida barchamiz birgalikda mutlaqo yangi yuksalish bosqichiga qadam qo‘yayotganimizni aytib o‘tdi.

Eng muhimi esa anjumanda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan takliflar davlat rahbarlari tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. Xususan, global va ichki bozorlarimiz ehtiyojlari, davlatlarimizning ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqib, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish samarali tizimini yaratish bo‘yicha Tashkilot doirasida ko‘p tomonlama bitim qabul qilish, sohaga innovatsiyalar, zamonaviy bilim va ilg‘or texnologiyalarni jadal olib kirish maqsadida Turkiy davlatlar tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti o‘rtasida keng qamrovli sheriklikni o‘rnatish va ijobiy tajriba asosida, Turkiy agroforumni muntazam o‘tkazib borish va uning ikkinchi anjumanida “Smart” qishloq xo‘jaligi xalqaro ko‘rgazmasini tashkil etish kabi takliflar bildirildi.

Xulosa shundan iboratki, Turkiy dunyo havas qilsa arziydigan buyuk tarixga ega. Ulug‘ ajdodlari va madaniy hamda ma’naivy boyliklar bilan dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shmoqda. Aminmanki, Turkiy davlatlar tashkiloti rahbarlarining yurtimizdagi uchrashuvi mintaqada va dunyoda tinchlik va xotirjamlikni mustahkamlash, o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashda muhim o‘rin egallaydi.

Hazratqul Xo‘jamqulov,

  Oliy Majlis Qonunchilki palatasi deputati

***

Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raislik qilayotgan yig‘ilishda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, kuzatuvchi mamlakat Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban sammitning faxriy mehmoni - Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, shuningdek, tashkilot bosh kotibi Bag‘dod Amreyev ishtirok etdi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida nutq so‘zlab, muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun birgalikda salmoqli ishlar qilingani e’tirof etildi. Shu bilan birga, hali katta salohiyat va ulkan imkoniyatlari to‘liq ishga solinmayotgani ham ta’kidlanib, bu borada hamkorlikning savdo-iqtisodiy poydevorini yanada mustahkamlash maqsadga muvofiqligi aytib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari savdo, investitsiya va xizmatlarning erkin harakatini ta’minlash uchun Tashkilot doirasida “yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududi”ni barpo etish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun Tashkilotga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar hamda dunyo yetakchi biznes vakillarini keng jalb qilgan holda har yili Xalqaro turkiy iqtisodiy forumini o‘tkazish taklifini bildirdi.

Ushbu Forum doirasida “davlat va biznes” formatida qo‘shma tadbirlar, tadbirkorlar uchrashuvlari va davra suhbatlari, innovatsion loyihalar taqdimotlari va ko‘rgazmalar o‘tkazish katta amaliy natija berishligi ta’kidlandi.

Turkiy davlatlar tashkiloti nafaqat o‘z mamlakatlarini, balki tashqi bozorlarni ham qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqish, aniq loyihalar asosida hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida qator takliflarni o‘rtaga tashladi.

Birinchidan, TDTning global va ichki bozorlar ehtiyojlari, davlatlarning ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqib, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishning samarali tizimini yaratish bo‘yicha Tashkilot doirasida ko‘p tomonlama bitim qabul qilish vaqti kelganligi;

Ikkinchidan, sohaga innovatsiyalar, zamonaviy bilim va ilg‘or texnologiyalarni jadal olib kirish maqsadida Turkiy davlatlar tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti o‘rtasida keng qamrovli sheriklikni o‘rnatish muhimligi;

Uchinchidan, ijobiy tajriba asosida, Turkiy agroforumni muntazam o‘tkazib borish va uning ikkinchi anjumanida “Smart” qishloq xo‘jaligi xalqaro ko‘rgazmasini tashkil etish lozimligi borasidagi takliflar bildirildi.

Bir so‘z bilan aytganda, sammit doirasida erishiladigan kelishuvlar, qabul qilinadigan hujjatlar nafaqat TDT makonida, balki dunyoning boshqa mintaqalarida ham barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi.

Barno Mirzamova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    405
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+